Bobur Mirzo, “Boburnoma” va ekologik ma’rifat

14-fevral – Zahiriddin Muhammad Bobur

tavallud topgan kun

 

«Farg‘ona... kichik viloyatdir. Don-duni ko‘p, mevasi farovon. Qovun va uzumi yaxshi bo‘ladi. Qovun pishig‘i paytida poliz boshida qovun sotmoq rasm emas. Andijonning noshvotisidan yaxshiroq noshvoti bo‘lmaydi.

Yana Marg‘inondir... noz-ne’matga boy. Anori va o‘rigi juda yaxshi bo‘ladi. Bir xil anori bor, «donakalon» – yirik donali deydilar. Chuchuklikda o‘rik ta’midan ancha shirin. Samnon anorlaridan ustun qo‘ysa bo‘ladi».

Ushbu parcha muhtasham «Boburnoma» asarining hozirgi tilimizga qilingan tabdilidan keltirildi. O‘zbek mumtoz adabiyotining yorqin siymolaridan biri Zahiriddin Muhammad Boburning ayni fikrlari, bir tomondan, u zotning tabiatni naqadar teran o‘rganganidan dalolat bersa, ikkinchi tomondan, mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb e’lon qilingan joriy yil maqsad-vazifalari bilan ulug‘ shoh va shoir ajdodimizning asarlarida aks etgan ekologik ma’rifat va atrof-muhitga mehr-oqibat mavzularidagi o‘zaro hamohanglik yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Bu haqda fikr yuritganda, «Boburnoma» (yoki «Voqeoti Boburiy», «Vaqoye’»...) asari Movarounnahr, Xuroson, Hindiston, Eron xalqlarining XV asr oxiri – XVI asrning birinchi yarmidagi tarixini o‘zida aks ettirganligini ta’kidlash lozim. Ushbu muhtasham asar necha asrlardan buyon nodir tarixiy va adabiy meros sifatida dunyo olimlarini hayratda qoldirib kelayotgani bejiz emas.

Chunki «Boburnoma» juda ko‘p dolzarb iqtisodiy, ijtimoiy masalalar, Farg‘ona viloyati, Andijon shahri, Markaziy Osiyo mintaqasining boshqa yirik shaharlari – Samarqand, Buxoro, Qarshi, Shahrisabz, O‘sh, Urganch, O‘ratepa, Termiz, shuningdek, Qobul, G‘azna va ular ixtiyoridagi ko‘pdan ko‘p tumanlar, viloyatlar, Shimoliy Hindiston singari yurtlarning o‘zaro siyosiy-iqtisodiy va savdo munosabatlari, jo‘g‘rofiy mavqei, iqlimi, o‘simlik va hayvonot dunyosi, xalqlari, ularning yashash sharoitlari, muhim tarixiy inshootlari – hindlar va musulmonlar ibodatxonalari, to‘y va marosimlari haqida nihoyatda nodir ma’lumotlarni o‘ziga qamrab olgan shoh asardir.

Zahiriddin Boburning tarixiy, ilmiy, adabiy merosini o‘rganish hamda ommalashtirishda nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, O‘zbekiston, balki butun dunyo olimlari va adiblarining samarali ilmiy-ijodiy faoliyati diqqatga sazovordir. Bu boradagi izchil sa’y-harakatlar tufayli birgina «Boburnoma» asari jahonning turli mamlakatlarida ko‘plab tillarga tarjima qilindi va chop etildi. Muhimi, bu nashrlarga salmoqli so‘zboshilar yozildi, mazmundor izohlar va ilovalar havola qilindi, bir so‘z bilan aytganda, keng kitobxonlar ommasining ma’naviy mulkiga aylantirildi.

Ulug‘ ajdodimiz “Boburnoma”da o‘zi yashagan, umr kechirgan barcha shaharlar, qishloqlar­ning tabiatini, o‘simliklarini, hayvonlarini, daryo-ko‘llarini, hatto yog‘gan qoru yomg‘irlarini ham to‘liq tasvirlab berganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Binobarin, ekologik tarbiya “Boburnoma”ning boshdan oxirigacha yozib borilgan, turli mintaqalardagi yil fasllari, daraxtlar turi, mevalar ta’mi, yirikligi, hatto yomg‘irning qancha miqdorda yog‘ishi ham ipidan-ignasigacha ta’riflangani tahsinga loyiq.

“Boburnoma”dagi shu kabi tasvirlar misolida ajdodlarimizning tabiatga mehri, suvlarni asrab-avaylab, ulardan odamlarning ehtiyojlarini qondirish, gullar va bog‘larni sug‘orish, yurtni obod qilish uchun foydalanganlari, tabiat ne’matlarini ko‘z qorachug‘idek asrab-avaylab, pokiza saqlashga intilganlariga yana bir bor yaqqol amin bo‘lamiz.

Sarkarda va nozikta’b shoir o‘z xalqining ana shu qutlug‘ an’analarini Hind diyoriga ham urug‘lar yaxshi samara berdi. Shu ma’noda, xulosa o‘rnida Hindistonning atoqli davlat, siyosiy va jamoat arbobi Javohirla’l Neruning ulug‘ bobokalonimizga oid quyidagi e’tirofini keltiramiz: «Bobur – dilbar shaxs. Uyg‘onish davri hukmdorining haqiqiy namunasidir. U mard va tadbirkor odam bo‘lgan. Bobur o‘ta madaniyatli va jozibali insonlar orasida eng yetuk insonlardan biri edi. Bobur san’at va, ayniqsa, adabiyotni sevardi».

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech