Hozirgi davrda butun dunyoda iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlari yaqqol sezilmoqda. Buni oldindan ko‘ra bilib, mamlakatimizda ekologik toza iqtisodiyotga o‘tilayotgani, shuningdek, “Yashil makon” dasturi doirasida daraxtlar ekilib, bog‘lar yaratilayotgani, suvdan tejab-tergab foydalanilayotgani juda muhim. Yanada muhimi, 2025-yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yili deb e’lon qilingani bu boradagi sa’y-harakatlar samaradorligini tubdan oshirishga qaratilgan.
14-fevral kuni Toshkent shahar, Yashnobod tumanidagi 307-maktabda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan adabiy-ma’rifiy uchrashuvda shu haqda so‘z bordi. Tadbir xalqimiz ma’naviy dunyosining yuksalishiga ulkan hissa qo‘shgan ikki buyuk shaxs – Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud sanalari munosabati bilan tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli shoir va tarjimon G‘ulom Mirzo dastavval yaqinda davlatimiz rahbarining Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida to‘xtaldi. Hujjatda o‘z aksini topgan bir qator ekologik tashabbuslarni xalqimiz keng qo‘llab-quvvatlagani va xalqaro jamoatchilik e’tirof etayotgani bejiz emasligi ta’kidlandi.
Ekologik tahdidlar, bir tomondan, hozirgi davrga xos global xatarlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi jiddiy muammolar qatoriga kiradi. Iqlim inqirozi va tabiat ofatlaridan har bir inson aziyat chekmoqda.
Ayniqsa, butun dunyoda iqlim o‘zgarishi uchun eng kam javobgar insonlar – bolalar eng ko‘p jabr ko‘rmoqda. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni asrab-avaylash ishlariga muntazam e’tibor qaratilayotgani juda muhim.
O‘z navbatida, ulug‘ ajdodlarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodida atrof-muhitga e’tibor, tabiatga g‘amxo‘rlik, ekologik ma’rifat masalalari qanchalik katta o‘rin tutgani to‘g‘risida atroflicha fikr yuritildi. Maktab o‘quvchilari har ikki mumtoz shoirning ijodidan namunalarni turli tillarda yod aytdilar.
Tadbir yakunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi nomidan maktab kutubxonasiga bir turkum huquqiy-ma’rifiy adabiyotlar topshirildi.
Shuningdek, adabiy uchrashuvda faollik ko‘rsatgan o‘quvchi-yoshlarga ham kitoblar taqdim etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 14.02.2025
- Ko'rishlar: 581
- Chop etish