14-fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Inson huquqlari uyida shu mavzuga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘ldi. Unda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining ichki ishlar organlari boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlariga tayinlash uchun malaka oshirish bo‘yicha tinglovchilari ishtirok etdi.
Tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov ochar ekan, zamonaviy islohotlar jarayonida ichki ishlar organlari faoliyatida inson huquqlariga oid xalqaro norma va standartlarni keng joriy etish masalasi dolzarbligini qayd etdi. Jumladan, ichki ishlar organlari faoliyatini eng ilg‘or xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqish, huquqni muhofaza qilish amaliyotida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida tizimli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Akademik A.Saidov fikricha, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, xususan, rahbar kadrlarni tayyorlash doirasida inson huquqlariga oid xalqaro norma va standartlarni o‘rganish bo‘yicha muntazam mashg‘ulotlar, malaka oshirish kurslari tashkil etilishi lozim. Chunki xodimlarning mazkur sohada chuqur tushunchaga ega bo‘lishi huquqni muhofaza qilish faoliyatida inson qadr-qimmatini joyiga qo‘yish borasidagi ayrim kamchiliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda milliy qonunchilikni xalqaro huquq normalari bilan uyg‘unlashtirish jarayoni izchil davom etmoqda. Kelgusida ham Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Qiynoqqa qarshi kurashish konvensiyasi kabi xalqaro hujjatlardan kelib chiqib turli sohalar bo‘yicha normativ-huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish rejalashtirilgan.
Ichki ishlar organlari faoliyatida jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlikni kuchaytirish juda muhim. Chunki bu omillar inson huquqlari buzilishi sabablarini o‘z vaqtida aniqlash, ularni bartaraf etish hamda huquq-tartibot organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda alohida o‘rin tutadi.
Tadbir davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, professor Mirzatilla Tillaboyev inson huquqlari sohasiga doir xalqaro shartnomalar, milliy huquqiy normalar hamda huquqni muhofaza qilish faoliyatidagi yangiliklar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
Jumladan, 1948-yil 10 dekabra qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ilk bor butun insoniyat uchun umumiy bo‘lgan huquqlar va erkinliklar o‘z ifodasini topgan. Deklaratsiya talablari asosida ichki ishlar organlari jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda barcha fuqarolarga bir xilda yondashishi, ularni irqi, jinsi, tili yoki e’tiqodiga qarab kamsitmasligi shart.
O‘zbekiston Prezidentining 2020-yilda qabul qilingan Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi mamlakatda inson huquqlarini ta’minlash va muhofaza qilish sohasida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish uchun muhim dastur bo‘lib xizmat qildi. Shu asosda inson huquqlariga doir bir qator qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilib, huquqiy baza zamon talablariga moslashtirildi.
Davlat organlarida inson huquqlari bo‘limlarini mustahkamlash, ichki ishlar organlarida huquqiy maslahat va monitoring tizimlarini yaxshilash choralari ko‘rildi. Inson huquqlari bo‘yicha o‘quv seminarlari, huquqiy bilimlarni oshirish kurslari tashkil etildi, ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka muntazam ravishda tushuntirish ishlari olib borildi.
Natijada huquqni muhofaza qilish organlarida inson huquqlari buzilishlarining oldini olish monitoringi va huquqni saqlash sohasida jamoatchilik nazorati kuchaytirildi. Shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha bir qator yutuqlar qo‘lga kiritildi.
BMTning Qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazo turlariga qarshi konvensiyasini ratifikatsiya qilar ekan, O‘zbekiston muayyan kafolatlarni bergan. Hech qanday holatda, hatto favqulodda sharoitlarda ham qiynoq qo‘llash mumkin emasligi; qiynoqqa yo‘l qo‘yilganligi to‘g‘risidagi har qanday da’vo tezkor, xolis va amaliy tekshiruvdan o‘tishi kerakligi; shuningdek, qiynoqqa qo‘l urgan shaxslar javobgarlikka tortilishi va jabrlanuvchilar reabilitatsiya qilinishi shartligi shunday kafolatlar sirasiga kiradi.
Shu bilan birga, huquqni muhofaza qilish organlari zimmasiga xodimlarning kasbiy faoliyatida xalqaro normalarga to‘liq amal qilinishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan. Soha xodimlari malakasini oshirish uchun O‘zbekiston qo‘shilgan tegishli konvensiyalar talablari asosida o‘quv kurslarini doimiy tashkil etish maqasadga muvofiqdir.
Tadbirda 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan Inson huquqlari Milliy strategiyasini ishlab chiqish hamda amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar haqida ham batafsil fikr yuritildi.
O‘z navbatida, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari Azizbek Ramazonov ayni davriy nashr faoliyati, uning maqsad va vazifalari, inson huquqlari sohasida ilmiy-nazariy maqolalarni keng jamoatchilik e’tiboriga havola etishdagi ahamiyati haqida axborot berdi.
Davra suhbati yakunida qatnashchilar Inson huquqlari uyi faoliyati bilan tanishdilar. Milliy markazning Axborot-resurs multimedia bo‘limi boshlig‘i Hamidullo Mo‘minov ushbu maskanda yaratilgan sharoitlar, elektron kitoblar, audio va video manbalar orqali inson huquqlariga oid ma’lumotlarni olish imkoniyatlari haqida zarur ma’lumotlarni taqdim etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 14.02.2025
- Ko'rishlar: 613
- Chop etish