Bugun, 15-maydan kuchga kirdi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari xalqaro hamjamiyatni bolalar mehnatining barcha shakllariga, jumladan, qurolli tuzilmalarga majburiy jalb etishga barham berish uchun kechiktirib bo‘lmaydigan tarkibiy islohotlar o‘tkazishga chaqirmoqda. Kuni kecha, 13-mayda BMT Bosh Assambleyasining "Munosib bolalik davri: bolalar mehnatining barcha shakllariga barham berish" mavzusida o‘tkazilgan yuqori darajadagi norasmiy muloqotida shu haqda so‘z bordi, deb ma’lum qildi “BMT yangiliklari” sayti.
Bosh Assambleya raisi Filemon Yang o‘zining kirish nutqida hayratlanarli bir raqamni keltirdi: bugungi kunda 160 million bola, ya’ni dunyodagi har o‘nta boladan bittasi bolalar mehnatiga jalb qilingan. Ularning deyarli yarmi mojarolardan aziyat chekayotgan mamlakatlarda yashaydi.
Mojaro hududlaridagi ana shu nihoyatda ko‘p sonli bolalarning achchiq taqdiri haqida tashvish bilan gapirar ekan, "Bu bolalar askar emas. Ular qurbonlar. Ular o‘zlari boshlamagan mojarolar qurbonlari, o‘zlari tanlamagan qashshoqlik qurbonlari, shuningdek, bizning – xalqaro hamjamiyatning – ularning farovonligini ta’minlay olmaganligimiz qurbonlaridir", – dedi F.Yang.
Ayni muammoning asosiy sabablarni bartaraf etish yuzasidan muhim amaliy takliflar bildirildi. Xususan, "Biz bolalar mehnatining asosiy sabablarini – qashshoqlik, majburiy ko‘chish, gender va boshqa turdagi tengsizliklar, bolalarni maktabdan chiqarib ishlashga majbur qiladigan imkoniyatsizliklarni, shuningdek, qurolli to‘qnashuvlarda yollash va foydalanishga olib keladigan beqarorlikni bartaraf etishimiz kerak", – dedi Bosh Assambleya raisi.
Keyingi davrda mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga butunlay barham berilgani xalqaro hamjamiyat tomonidan qayta-qayta e’tirof etildi. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) hatto “O‘zbekistonning bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha tajribasidan boshqa davlatlar ham foydalanishi mumkin”, deb ayni voqelikni munosib baholadi.
XMT Bosh direktori Gay Rayder ta’kidlaganidek, “O‘zbekistonning bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasidagi yo‘li to‘g‘ri va samarali ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi. Milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga implementatsiya qilishdan tortib, bu boradagi ishlarga barcha idoralarni jalb etish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borish o‘z samarasini berdi”.
Hayotning tub mohiyat-mazmuni – muammolarni izchillik bilan hal etish va keyin duch keladigan muammolarga ham munosib yechim topish uchun doimo shay holda yashashdan iborat, deydi donishmandlar. Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisida bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish masalasini shaxsan nazoratga olishini ta’kidlab, bu mavzuga alohida e’tibor qaratgani bejiz emas.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda Bolalar ombudsmani kotibiyatiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi yuzasidan har oyda o‘rtacha 88 ta yozma murojaat kelib tushgan bo‘lib, 2023-yilda ushbu ko‘rsatkich oyiga o‘rtacha 37 tani tashkil etgan. Shuningdek, og‘zaki murojaatlar yuzasidan telefon orqali oyiga o‘rtacha 120 marta huquqiy tushunchalar berilgan.
Shu nuqtayi nazardan, 2024-yil 14-noyabrda «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingani ulkan ahamiyat kasb etdi. Oradan 6 oy o‘tib, ya’ni bugun – 2025-yil 15-mayda kuchga kirgan yangi qonunda bolaning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr qimmatiga tajovuz qiladigan, jismoniy va ruhiy azob yetkazishi mumkin bo‘lgan barcha holatlarda davlat tomonidan tegishli huquqiy va ijtimoiy choralar ko‘rilishi ko‘zda tutildi.
Bu haqda so‘z borganda, butun dunyo miqyosida bola huquqlarini maxsus himoya qilish zarurati bundan ancha yillar ilgari Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro bill, shuningdek, bolalar manfaatlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlarning tegishli hujjatlarida belgilab qo‘yilganligini ta’kidlash lozim. Xususan, 1959 yilgi Bola huquqlari deklaratsiyasida har bir bola uchun hech qanday kamsitish va cheklashlarsiz butun boshli huquqlar majmui mustahkamlangani juda muhim.
Ushbu Deklaratsiya asosida 1989-yil 20-noyabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bola huquqlari sohasidagi birinchi majburiy xalqaro hujjatdir. Mazkur Konvensiyada insoniyatning uzviy bo‘lagi sifatida tan olingan bolalarning fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy huquqlari kafolatlangan.
O‘zbekiston Respublikasi 1992-yilda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishi natijasida uning qoidalarini bajarish majburiyatini zimmasiga olgan. Bolalarning Konvensiyada ko‘rsatilgan huquqlariga rioya qilish va ularni himoya qilish uchun zarur tashkiliy-huquqiy sharoitlar va kafolatlar yaratish mamlakatimiz davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Yana bir e’tiborli jihat: yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda bolalarning huquq va erkinliklariga alohida e’tibor qaratilgan. Binobarin, Asosiy qonunimiz keng jamoatchilik muhokamasi asnosida yangi normalar bilan to‘ldirilib, bola tarbiyasida ota-onalarning mas’uliyati yanada oshirildi.
Manbalarga qaraganda, bugungi kunda milliy qonunchilikda bola huquqlari bilan bog‘liq qonun hujjatlari soni qirqtadan, qonunosti hujjatlar esa 500 tadan ortiqni tashkil etadi. Endilikda ushbu ro‘yxat “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun hisobiga boyidi.
Yangi qonunning asosiy maqsadi nafaqat tajovuzkorlarga nisbatan jazoni kuchaytirish, balki zo‘ravonlik holatlarining oldini olishning samarali tizimini yaratishdir. Shuning uchun qonunga ilk bor zo‘ravonlikning jismoniy, jinsiy va psixologik zo‘ravonlik ko‘rinishidagi an’anaviy tushunchalari bilan bir qatorda – g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya va zo‘ravonlik kabi tushunchalar ham kiritildi.
G‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik degani nimani anglatadi? Bu – zarur imkoniyatlar, bilimlar va ko‘nikmalarga, shu jumladan buning uchun tegishli xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan ota-ona yo ular o‘rnini bosuvchi yoki bolaga qarab turgan shaxslar tomonidan bolaning asosiy ehtiyojlarini qanoatlantirmaslik, deganidir.
Bolalarni ekspluatatsiya qilish – boladan iqtisodiy, jinsiy va boshqa maqsadlarda foydalanish, shu jumladan odam savdosi, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga va tilanchilik qilishga jalb etish, demakdir.
Bundan tashqari, bulling – kamsitish, haqoratlar, shuningdek, jismoniy zo‘ravonlik va kiberbulling tushunchalari bolalar himoyasini har tomonlama qamrab oladi.
Yangi qonunga ko‘ra, o‘z bolalariga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday shakliga yo‘l qo‘ygan ota-onalarga javobgarlik choralari qo‘llaniladi. Bunday zo‘ravonlik darajasi aniqlangach, eng oxirgi chora sifatida hatto bola ulardan olib qo‘yilishi ham mumkin.
Qonunda jabrlangan bolalarning, jumladan:
-
bepul yuridik maslahatlar olish;
-
tibbiy va psixologik yordam olish;
-
ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda moddiy va ma’naviy zarar qoplanishi kabi muhim huquqlari mustahkamlab qo‘yilgan.
Ilgari bolalar himoyasi uchun turli idoralar mas’ul bo‘lgan. Yangi qonun bilan barcha funksiyalarni bir organda birlashtirgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Bu tahdidlarga javob berish samaradorligi va tezligini oshiradi, bolalar muammolarini markazlashtirilgan holda hal qilish imkonini beradi.
Endi har qanday bola himoya orderini olishga haqli. Hujjat ichki ishlar organlari tomonidan zo‘ravonlik holati aks etgan paytdan 24 soat ichida 30 kun muddatga beriladi va sud tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Avval bunday chora faqat ayollarga nisbatan ishlar edi, ammo yangi qonun ayni himoyani barcha bolalarga taqdim etmoqda. Shu bilan birga, bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlikning oldini olishda mutasaddi idoralar va huquq-tartibot organlarining maxsus faoliyati mexanizmi belgilab berildi.
Qonun maktablarda, bolalar bog‘chalarida va boshqa ta’lim muassasalarida zo‘ravonlik usullarini bevosita taqiqlaydi. Bu bolalar uchun xavfsiz muhitni yaratishga yordam beradigan ta’lim va tarbiyaga insoniy yondashuvni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Qonun doirasida bolalar zo‘ravonlik yoki boshqa tahdidlar haqida xabar berishlari mumkin bo‘lgan maxsus qisqa raqam joriy etilmoqda. Hatto eng chekka hududlarda ham yordam berilishini ta’minlaydigan bu ishonch telefoni, bir tomondan, kecha-kunduz ishlasa, ikkinchi tomondan, bepul va maxfiydir.
Qonunda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, ota-onalar, o‘qituvchilar va boshqa kattalar uchun ta’lim dasturlari ko‘zda tutilgan. Bu o‘rinda:
-
zo‘ravonlikni istisno qiluvchi ijobiy tarbiya usullariga o‘rgatish;
-
bola huquqlari va himoya mexanizmlari haqida xabardorlikni oshirish;
-
o‘qituvchilarda zo‘ravonlik va tazyiq belgilarini tan olish ko‘nikmalarini shakllantirish kabi dasturlar haqida so‘z bormoqda. Ushbu chora-tadbirlar bolalar rivojlanishi uchun yanada qulay muhit yaratishga yordam berishi tayin.
Muxtasar aytganda, soha ekspertlari “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun Yangi O‘zbekiston qonunchiligi rivojida muhim bosqich ekanligini e’tirof etmoqda. Chunki ushbu qonun bilan nafaqat zo‘ravonlikning oldini olish uchun sharoitlar yaratish, balki jabrlangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash va reabilitatsiya qilishning kompleks tizimi yaratilmoqda.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 15.05.2025
- Ko'rishlar: 767
- Chop etish