Musaffo, sog‘lom va barqaror atrof-muhit – inson huquqlarining uzviy qismi

5-iyun — Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni

 

BMT Bosh Assambleyasining 1972-yil 15-dekabrdagi 27-sessiyasida ta’sis etilgan ushbu xalqaro sana xalq orasida “Ekologlar bayrami” sifatida e’tirof etilishining o‘ziyoq uning ekologik taqvimdagi bosh bayram ekanini tasdiqlaydi. Bu bayram uchun aynan 5-iyun  tanlanganining sababiga kelsak, xuddi shu kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmda o‘tkazilgan atrof-muhit masalalari bo‘yicha BMT konferensiyasida mazkur xalqaro sanani belgilashga doir rezolyutsiya qabul qilingan.

O‘z navbatida, 1972-yil 15-dekabrda yangi tashkiliy tuzilma — BMTning Atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha dasturi — YUNEPga asos solingan. Shundan buyon Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni YUNEP rahbarligida har yili butun dunyoda nishonlanadi.

Bugungi kunda ekologik tahdidlar – bir tomondan, hozirgi davrga xos global xatarlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi jiddiy muammolar qatoriga kiradi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi o‘z tarixida ilk bor musaffo, sog‘lom va barqaror atrof-muhit – inson huquqlarining uzviy qismi, deb e’tirof etgani hamda bu sohada Maxsus ma’ruzachi maqomini ta’sis qilgani xuddi shu omillar bilan izohlanadi.

Global ofat – COVID-19 pandemiyasi dunyo davlatlarining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi ko‘p tomonlama shartnoma va bitimlar, jumladan, 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari, Parij bitimi kabi o‘zaro kelishuvlarda zimmasiga olgan majburiyatlari bajarilishiga jiddiy xalal bergani sir emas. Aksariyat mamlakatlarda ushbu yo‘nalishdagi vazifalarning moliyalashtirilishi va ijrosi zarur darajada ta’minlanmayapti.

Ona zaminimizning suv zaxiralarini o‘ylovsizlik va isrofgarchilik bilan sarflash, tabiat va bioxilma-xillikka muntazam ziyon-zahmat yetkazish, Yer va koinotni chiqindixonaga aylantirish,  ana shu salbiy jarayonlar asnosida kutilajak turli ofatlarga qarshi kurash imkoniyatlarining cheklanishiga bevosita sababchi bo‘lish – bularning barchasi insoniyat boshiga yangidan yangi balolar yog‘dirmoqda. Boz ustiga ekologik ofatlar mavjud tahdidu xatarlarning yanada kuchayishiga turtki bo‘lmoqda.

Markaziy Osiyo mintaqasi ham iqlim o‘zgarishlari va ekstremal ob-havo hodisalari oldida zaif ekani sezildi. Hozirgi vaqtda mintaqa mamlakatlarida kuzatilayotgan suv taqchilligi ekinlarni sug‘orish imkoniyatlarini cheklamoqda. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni asrab-avaylash ishlariga muntazam e’tibor qaratilayotgani juda muhim.

Yangi O‘zbekistonda ekologiya sohasining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilganini alohida ta’kidlash lozim. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablar mustahkamlandi.

Asosiy qonunimiz Muqaddimasida e’tirof etilganidek, biz «mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini  ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga  hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib», ushbu Konstitutsiyani qabul qilganmiz. Bosh qomusimizning 49-moddasi to‘laligicha ekologiya va atrof-muhit himoyasiga oid normalardan iborat. Xususan, ushbu moddaning birinchi bandida: «Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati  to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega», deb qayd etilgan.

So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonning uchta strategik dasturi –  2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi ishlab chiqildi. Birinchisi to‘la bajarilgan va qolgan ikkitasi hayotga teran tatbiq etilayotgan ushbu dasturilamal strategiyalarda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasiga har doimgidan ko‘ra yuz karra ko‘proq e’tibor berilgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2025-yil yurtimizda – Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili, deb e’lon qilingani bu borada g‘oyat muhim qadam bo‘ldi. Prezidentimizning 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida yurtimizda ekologik barqarorlikka erishish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish hamda iqtisodiy o‘sishning yangi, “yashil rivojlanish” modelini tatbiq etish bo‘yicha qator muhim vazifalarni amalga oshirish belgilab olindi hamda izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti 2025-yil 4-aprel kuni o‘tkazilgan Samarqand xalqaro iqlim forumidagi nutqida O‘zbekiston Parij bitimi doirasida bug‘ gazlari chiqarishni 35 foizga kamaytirish bo‘yicha olgan majburiyatini muddatidan oldin bajarish uchun barcha sa’y-harakatlarini ishga solishini qayd etdi. Bu haqda so‘z borganda, dastavval, Parij bitimi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ortib borayotgan global tahdidlarning oldini olish maqsadida 2015-yil 12-dekabrda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Hadli konvensiyasi tomonlarining 21-konferensiyasi doirasida qabul qilingani va 2016-yil 4-noyabrda kuchga kirganini ta’kidlash lozim.

Hozirgi vaqtda Parij bitimini imzolagan 195 mamlakatning 180 tasi mazkur hujjat ishtirokchisi hisoblanadi. Bitimni ratifikatsiya qilmagan mamlakatlar kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lib, ular uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan iqlimga doir dastur va loyihalarni moliyalashtirishda cheklovlar qo‘llaniladi.  

Parij bitimi – atmosferaga is gazlari chiqindilarini kamaytirish va global o‘rtacha harorat darajasi o‘sishini cheklash orqali iqlim o‘zgarishining oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasidagi jahon hamjamiyati sa’y-harakatlarini birlashtirishga yo‘naltirilgan xalqaro kelishuv.

Mazkur bitimning maqsadi sayyoramizda global isishni industrial rivojlanish davridagi o‘rtacha haroratga nisbatan Selsiy shkalasi bo‘yicha 2°S da saqlab turish hamda haroratning 1,5°S gacha o‘sishini cheklashga harakat qilishdan iborat. Parij bitimi shartlari issiqxona gazlarining global ajratmalarini 2050-yilga borib 40-70 foizga kamaytirishni, 2100-yilgacha esa uning 0 yoki manfiy ko‘rsatkichga yetkazishni talab etadi.

O‘zbekiston bundan 8-yil oldin, 2017-yil 19-aprel kuni –  BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida Parij bitimini imzoladi. Bitimni imzolash uchun BMT Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha konvensiyasi kotibiyatiga issiqxona gazlari tashlanmalaridagi milliy miqyosda belgilanadigan hissani kamaytirish to‘g‘risida hujjat taqdim etildi. Mazkur bitim 2018-yil 3-oktyabrda ratifikatsiya qilindi. 

Ekspertlarning fikricha, Parij bitimi O‘zbekiston uchun qator imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, energiya samaradorligi va energiya tejash bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirishda iqlimiy moliyalashtirish resurslarini jalb qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, yer-suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, salbiy ekologik oqibatlarga qarshi kurashish shular jumlasidandir.

Parij bitimida qatnashish investitsiya resurslarini jalb qilish hamda xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlarning kreditlarini olish uchun indikator hisoblanadi. Shu jihatlarni, yanada muhimi, xalqimiz manfaatlarini, ekologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadi ustuvor ekanini inobatga olgan holda, Parij bitimini ratifikatsiya qilgani – O‘zbekistonning umuminsoniy qadriyatlar, bitimda aks ettirilgan atrof-muhitni muhofaza qilish g‘oyalariga sodiqligini yana bir bor  amalda namoyon etdi.

BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi bugungi kunda BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi, Kioto protokoli va Parij bitimi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar jarayonining oliy organi hisoblanadi. Tomonlar konferensiyasi har yili o‘tkaziladi va unda raislik BMT tomonidan tan olingan beshta hududdan biriga navbatma-navbat o‘tadi.  O‘zbekiston BMTning ushbu konferensiyasi ishida faol qatnashib kelmoqda.

Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surganini ta’kidlash o‘rinlidir. Shu yangilanishlar talabidan kelib chiqqan holda, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan faollar safini “Ekologiya huquqi himoyachisi” nominatsiyasi g‘oliblari hisobiga kengaytirish choralari ko‘rildi.

Yaqinda BMT Bosh Assambleyasi "O‘rmonlardan barqaror foydalanish tamoyillariga muvofiq o‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘n yilligi" rezolyutsiyasini qabul qildi. O‘zbekiston va Kongo tashabbusi bilan tasdiqlangan ushbu rezolyutsiyaga muvofiq, “2027-2036-yillar – O‘rmonlashtirish  va o‘rmonlarni qayta tiklash o‘n yilligi”, deb e’lon qilindi.

Bosh Assambleya, 80 ta davlat hammualliflik qilgan mazkur hujjatga asosan, 2027-2036-yillarni – O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash o‘n yilligi”, deb belgilashga qaror qildi. A’zo davlatlar BMTning Atrof-muhit dasturi (YUNEP), Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda BMTning O‘rmonlar forumi kotibiyatiga mazkur o‘n yillikni o‘tkazishda ko‘maklashishni taklif etdi.

BMT yangiliklari saytida qayd etilganidek, O‘zbekiston daraxt ekish va ko‘kalamzorlashtirish masalalarini milliy, mintaqaviy va global miqyosda faol ilgari surib kelmoqda. Jumladan, 2024-yil avgust oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi "Ekologik muammolarning samarali yechimi sifatida degradatsiyaga uchragan yerlarda, shuningdek, qurg‘oqchil hududlarda o‘rmonlardan barqaror foydalanishni, jumladan o‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklashni rag‘batlantirish" rezolyutsiyasini qabul qilgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda besh yil ichida bir milliard tup daraxt ekishni ko‘zda tutuvchi keng ko‘lamli "Yashil makon" umummilliy dasturi amalga oshirilmoqda. Bu maqsadlar uchun 2025-yilda qo‘shimcha 7,7 million dollar ajratiladi.

O‘zbekistonda Orol dengizining qurigan tubida ekologik ofat oqibatlarini yumshatish doirasida ikki million gektar maydonda o‘rmonzor barpo etildi. Ekilgan daraxtlar qum bo‘ronlarini to‘xtatishga, ekotizimni yaxshilashga va mahalliy aholi uchun daromad manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda.

Aslida ham, xalqaro hamjamiyat media minbaridan yangragan bu e’tiroflar bejiz emas. Prezidentimiz  qayd etganidek, bugun nafaqat O‘zbekiston, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlar iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yaqqol his qilayotir. Havo va suvning ifloslanishi, tuproq eroziyasi, cho‘llanish, qazilma yoqilg‘ilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelmoqda, atrof-muhit va aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda. 

Bunday xatarlarga javoban O‘zbekistonda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlangan va qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga ham kirishilgan. Toshkentda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti tashkil etilgani ayni yo‘nalishdagi muhim natijalardandir. 

Yanada e’tiborlisi, qisqa vaqt ichida O‘zbekiston BMT tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori bo‘ldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyot drayverlaridan biriga aylanmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, butun dunyoda, jumladan, mamlakatimizda ham 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni tantanalari hamohang tarzda 5-iyun — Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni tadbirlariga ulanib ketdi. Zero, sayyoramizdagi har bir bola va o‘smir toza, sog‘lom, barqaror atrof-muhitda yashashga haqli.

Bugungi kunda ifloslangan havo har yili 600 mingdan ziyod bolaning hayotiga zomin bo‘lmoqda. Shuningdek, yuz millionlab bola xavfsiz ichimlik suvi va to‘yib ovqatlanish imkoniyatidan bahramand bo‘la olmayapti. Bolalar ularning rivojlanish jarayonlariga ziyon yetkazishi va hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qo‘rg‘oshin va simob kabi zaharli kimyoviy moddalar ta’siriga duch kelmoqda.

Tadqiqotlarga ko‘ra, 2021-yilda tug‘ilgan bolalar ularning 60-yil avval tug‘ilgan bobo va momolariga nisbatan 7 marta ko‘p anomal issiqlik to‘lqinlarini, ikki barobar ko‘p o‘rmon yong‘inlarini va qariyb uch barobar ko‘p qurg‘oqchilik holatlarini boshidan kechirmoqda. Bu ochiq va achchiq haqiqat, o‘z navbatida, bolalar iqlim o‘zgarishining keng ko‘lamli oqibatlari oldida zaif ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

BMT barcha davlatlarni iqlim o‘zgarishi ta’siridan bolalarimizni himoyalashga chaqirgani bejiz emas. Boshqacha aytganda, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi birinchi marta Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga binoan a’zo davlatlarning majburiyatlarini har tomonlama ifoda etish orqali bolalarning toza, sog‘lom va barqaror muhitga bo‘lgan huquqini bevosita tasdiqladi.

O‘z navbatida, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi ta’sirini kamaytirish va unga moslashish, «yashil» iqtisodiyotga o‘tish choralarini jadallashtirish, «yashil» va inklyuziv iqtisodiy o‘sish modelini targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada, jumladan, Prezidentimizning 2019-yil 5-oktyabrdagi qarori bilan 2019-2030-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi tasdiqlangan. Strategiyaning maqsadi mamlakatimizda «yashil» iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, «yashil» investitsiyalarni jalb qilish, ekologik inqirozning salbiy ta’sirini yumshatishdir.

Yana bir muhim qadam: Prezidentimiz 2022-yil 2-dekabrda “2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  qarorni imzoladi. Bundan ko‘zlangan maqsad 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishdir.

Bunda, xususan, O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi doirasida «yashil» va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejashni yanada kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda.

Qaror asosida unda belgilangan strategik maqsadlarga erishish uchun, birinchidan, 2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasida «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va «yashil» o‘sishni ta’minlash dasturi; ikkinchidan, Sanoat tarmoqlarida «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va energiya tejamkorligini ta’minlash bo‘yicha konsepsiya; uchinchidan, 2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasida «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va «yashil» o‘sishni ta’minlash bo‘yicha harakatlar rejasi tasdiqlandi.

Ushbu hujjatlarda bolalarning ekologik huquqlarini ta’minlash masalasi qay darajada o‘z aksini topgan, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunga javoban birgina hujjat – 2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasida «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va «yashil» o‘sishni ta’minlash dasturidan misol keltiramiz.

Dasturda, jumladan, «Yashil» iqtisodiyotga o‘tish davrida katta ta’sir ostida bo‘lishi mumkin bo‘lgan aholi va ularning yashash joylarini qo‘llab-quvvatlashning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishlar ta’lim sifati va natijadorligini oshirishni ham o‘zida qamraydi. Bu o‘rinda bolalar, yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning inklyuziv ta’limini ta’minlash, sifati va qamrovini oshirish haqida so‘z bormoqda.

O‘z navbatida, mazkur Dasturning «yashil» o‘sish bo‘yicha salohiyatni oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga oid ustuvor yo‘nalishlari qatorida ta’lim tashkilotlarining tegishli o‘quv rejalariga «yashil» iqtisodiyot mavzularini kiritish ko‘zda tutilmoqda. Bunda tegishli ta’lim tashkilotlarida mavjud fanlar doirasida «yashil» iqtisodiyot amaliyoti va tamoyillariga oid mavzularini kiritish vazifasi ham sanab o‘tilganini ta’kidlash darkor.

Bu borada O‘zbekiston bolalari va yoshlarini iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha hujjat imzolangani ham dolzarb ahamiyatga ega. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan imzolangan ushbu hujjat –  “Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish va O‘zbekiston bolalari va yoshlarini iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha Milliy strategiya” hamda uning “Yo‘l xaritasi”dir.

Muxtasar aytganda, yurtdoshlarimiz iqlim o‘zgarishi zamonamizning asosiy tahdidlaridan biri ekani, odamlar, ayniqsa yoshlar va bolalarning hayot sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgani borasida yakdil fikrda ekani e’tiborga loyiq. Davlatimiz rahbari uqtirganidek, “atrof-muhitni asrab-avaylashda mas’uliyat barchamizning zimmamizda”.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech