Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi Axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev ma’lum qildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarning bajarilishi, inson huquqlari sohasidagi ta’lim hamda inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.

Inson huquqlari himoyasi har bir davlatning demokratik taraqqiyoti va ijtimoiy barqarorligining asosiy ko‘rsatkichi hisoblanadi. Shu ma’noda, yurtimizda inson huquqlarini ta’minlash va mustahkamlashga yo‘naltirilgan islohotlarning huquqiy va institutsional asoslarini yaratish uchun 2020-yilda qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi davlat siyosatining muhim va o‘ziga xos hujjati sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.

O‘tgan 2024-yilda mazkur Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni bajarish doirasida 13 ta qonun, Prezidentning 15 ta farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 8 ta qarori qabul qilindi.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya bajarilishi muntazam monitoring qilinib, Oliy Majlis palatalariga ijro holati yuzasidan 4 ta tahliliy ma’lumot yuborildi. Shuningdek, ushbu ma’lumotlar har chorakda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga muhokama qilish uchun taqdim etib borildi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari Surxondaryo, Navoiy, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari kengashlari yig‘ilishlarida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya ijrosi yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi. Bu borada mahalliy vakillik organlarining tegishli qarorlari qabul qilindi.

BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari hamda boshqa mexanizmlarining tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida 2024-yilda Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlangan jami 6 ta Milliy harakatlar rejasi ijrosi bo‘yicha izchil nazorat amalga oshirildi. Shuningdek, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka va huquqiy amaliyotga joriy etishning samaradorligini ta’minlash yuzasidan hududlarda 11 ta monitoring o‘tkazildi.

Jumladan, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarining Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida bajarilishi ustidan jamoatchilik monitoringi amalga oshirildi. Shuningdek, BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakti qoidalarini bajarilishi bo‘yicha Farg‘ona viloyatida monitoring o‘tkazildi.

Inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka va huquqiy amaliyotga implementatsiya qilish doirasida 69 ta qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjat loyihalari ekspertizadan o‘tkazildi. Konstitutsiyaviy sudning 2024-yil 23-iyulda bo‘lib o‘tgan sud majlisida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining murojaati bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 86-moddasi birinchi qismiga sharh berish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish doirasida davlat organlari 4 ming 317 nafar xodimining inson huquqlari, gender tenglik va qiynoqqa qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalari oshirildi. Xususan:

  • qiynoqqa solishga qarshi kurashish yuzasidan 11 ta o‘quv kursida – 695 nafar tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar, jazoni ijro etish muassasalari xodimi va viloyat sudi sudyalari;       

  • inson huquqlari va gender tengligi masalalari bo‘yicha 6 ta o‘quv kursi, seminar va treninglarda – 2 ming 582 nafar o‘rta va quyi bo‘g‘in rahbar kadrlari, davlat va nodavlat tashkilotlarning faol xotin-qizlari, jinoyat, ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar sudyalari;

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari bo‘yicha 9 ta seminar va 2 ta davra suhbatida – 40 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotidan 360 nafar hamda 20 dan ortiq davlat organidan 105 nafar vakil;

  • odam savdosi bo‘yicha o‘quv kursi va davra suhbatida davlat tashkilotlarining 575 nafar xodimi hamda fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari inson huquqlari sohasidagi ta’lim jarayonlariga jalb etildi. 

  • O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar doirasida xalqaro norma ijodkorligi faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan davlatlardan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yilda ham yuqori darajadagi sammitlar, xalqaro mintaqaviy forumlarda inson huquqlari va erkinliklari masalasiga doir qator tashabbuslar ilgari surildi.

  • O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘tgan yilning o‘zida BMT doirasida, xususan:

  • “2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili" (2024-yil 26-fevral);

  • “Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo‘lib harakat qilish va hamkorlik qilishga tayyorligi” (2024-yil 4-iyun);

  • “Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni” (2024-yil 7-iyun);

  • “Degradatsiyaga uchragan va qurg‘oq hududlarda barqaror o‘rmonzorlarni barpo etish, daraxt ekish va bu jarayonlarni targ‘ib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi” (2024-yil 13-avgust) rezolyutsiyalari qabul qilindi.

Ushbu rezolyutsiyalar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faolligini va tashabbuskorlik salohiyatini ochiq namoyon etdi. Ular global muammolarni hal qilishga qaratilgan bo‘lib, giyohvandlikka qarshi kurashish, sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi dolzarb masalalarni o‘z ichiga olgan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi doirasida 2024-yilda O‘zbekiston tomonidan hammuallif sifatida ilgari surilgan 2 ta rezolyutsiya qabul qilindi. Bulardan biri – “Yoshlar va inson huquqlari” rezolyutsiyasi bo‘lsa, ikkinchisi  – “Oilaviy zo‘ravonlikni bartaraf etish” rezolyutsiyasidir.

O‘zbekiston tomonidan 2024-yilda 8 ta xalqaro shartnoma, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining bir qator konvensiyalari ratifikatsiya qilindi. Shu tariqa Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalari soni 25 taga yetdi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, shuningdek, BMT tarkibiga kiruvchi dasturlar, fondlar va ixtisoslashtirilgan muassasalar bilan hamkorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan 30 dan ortiq tadbir tashkil etildi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Munosib uy-joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopal 2024-yilning avgust oyida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. O‘tgan yili, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining maxsus ma’ruzachilari hamda Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi tomonidan 18 ta hujjat kelib tushdi.

Jeneva shahrida 2024-yil 22-mart kuni bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasi doirasida Universal davriy hisobot bo‘yicha O‘zbekistonning To‘rtinchi davriy ma’ruzasi tasdiqlandi. Milliy markaz tomonidan Maxsus ma’ruzachi hamda Universal davriy hisobot tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilmoqda.

O‘zbekistonda 2024-yili inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalasi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylandi. Bundan tashqari, mamlakatimiz xalqaro huquqning subyekti sifatida o‘z rivojlanishining yangi bosqichiga ko‘tarildi va o‘tgan yilda ham xalqaro shartnomalar tuzish tashabbuskori sifatida xalqaro normalarni ishlab chiqishda faol ishtirok etdi.

O‘z navbatida, 2025-yilda xalqaro hamjamiyat tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 80-yilligi, Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning 60-yilligi, Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha to‘rtinchi Butunjahon konferensiyasida qabul qilingan Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30-yilligi, shuningdek, YEXHTning Xelsinki yakuniy aktining 50-yilligi keng nishonlanmoqda.

Ayni vaqtda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Bundan ko‘zlangan maqsad:

  • yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda belgilangan inson qadri hamda huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy normalarni ro‘yobga chiqarish;

  • inson huquqlari sohasida davlat siyosatini yanada samarali amalga oshirish;

  • Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘sini mustahkamlash, jumladan, mamlakatimizning iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting hamda indekslardagi mavqei yaxshilanishiga erishishdir.

 

Rasmiy xabarlar

Powered by GSpeech