Chingiz Aytmatov uy-muzeyiga O‘zbekistonda nashr etilgan kitoblar taqdim etildi

10-iyun kuni Bishkek shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Chingiz Aytmatov – turkiy dunyo kelajagi» mavzusidagi xalqaro forum ishtirokchilari Chingiz Aytmatov uy-muzeyini ziyorat qildilar. Mehmonlarni atoqli adibning farzandi, Chingiz Aytmatov Fondi prezidenti Eldor Aytmatov kutib oldi.

Tadbirda TURKSOY xalqaro tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputati, Anqara shahridagi Chingiz Aytmatov instituti rahbari professor Ilyas Tupsakal, ushbu Institut direktorlar kengashi a’zolari, Qirg‘iziston davlat organlari namoyandalari, jamoat arboblari, olimlar, madaniyat va san’at sohasi vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish qo‘mitasi a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov Chingiz Aytmatov uy-muzeyi kutubxonasiga O‘zbekistonda atoqli adib hayoti va ijodiga bag‘ishlab chop etilgan yangi kitoblarni taqdim etdi. Bu nashrlar orasida bevosita A.Saidovning qalamiga mansub “Chingiz Aytmatov fenomeni” (“Феномен Чингиза Айтматов”) hamda “Chingiz Aytmatov: mumtoz adabiyotning oltin hikmatlari” (“Чингиз  Айтматов: золотые афоризмы классической литературы”) nomli kitoblar bor.

Ushbu kitoblarning dastlabkisida mumtoz adibning ijodiy merosi va diplomatik faoliyati haqida so‘z boradi. Muallif Chingiz Aytmatov asarlaridan xabardorligi, shuningdek, ko‘p yillar davomida Toshkent va Moskva, Parij va Bryussel shaharlarida yozuvchi bilan shaxsan bo‘lib o‘tgan suhbatlari asosida tug‘ilgan boy taassurotlari va fikr-mulohazalarini qog‘ozga tushirgan. Keyingi kitobdagi Chingiz Aytmatov asarlaridan terib olingan noyob hikmatli so‘zlar buyuk adibning nomi zukko faylasuf va insonparvar zot sifatida mangulikka doxilligicha qolishidan yaqqol dalolatdir.

Akademik A.Saidov qayd etganidek, xalqimiz ulug‘ qirg‘iz adibining aksariyat asarlarini o‘z ona tilida anchadan buyon va qayta-qayta mutolaa qilib kelmoqda. Keyingi yillilarda mamlakatimiz nashriyotlarida adibning o‘nlab kitoblari chop etilgan. Ayniqsa, 2015-yilda yozuvchining olti jildlik “To‘la asarlar to‘plami” nashr etilgani o‘zbek kitobxonlari uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi. Bu asarlarni tarjima qilishda Asil Rashidov, Ibrohim G‘afurov, Suyun Qorayev kabi yetakchi tarjimonlarning yuksak mahorati va fidoyilarcha ijodiy mehnati tahsinga loyiqdir.   

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 2-aprelda qabul qilingan “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ayni ma’naviy-ma’rifiy jarayonga kuchli turki berdi. Xususan, 2023-yili Chingiz Aytmatov tavalludining 95-yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston” nashriyotida “Chingiz Aytmatov. Asarlar” 10 jildlik to‘plami chop etilgani katta voqea bo‘ldi.

YUNESKO nashrlarida adib asarlarining jahonshumul muvaffaqiyati, uning butun dunyoda tan olinishi bilan bog‘liq quyidagi xabarlar e’lon qilingan: XXI asr bo‘sag‘asida Ch.Aytmatovning asarlari 168 ta mamlakatda, 165 ta davlat tilida, 67,2 million nusxada, 830 marta nashr etilgan. Bu raqamlar, albatta, kundan kun ortib bormoqda. Adibning ko‘plab asarlari asosida filmlar yaratilgan bo‘lib, ular qiziqish bilan tomosha qilinadi.

Forumda e’tibor qaratilganidek, yana ikki yildan keyin TURKSOY mamlakatlari Chingiz Aytmatov tavalludining 100-yilligini keng nishonlaydi. Ushbu qutlug‘ sanaga tayyorgarlik doirasida yana ko‘plab kitoblar nashr etilishi, tasviriy san’at asarlari, hujjatli va badiiy filmlar yaratilishi, adibning uy-muzeyi tubdan modernizatsiya qilinishi kutilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech