Ertamiz egalariga e’tibor

4-iyun – Xalqaro tajovuz qurbonlari bo‘lgan begunoh bolalar kuni

Har yili 4-iyun kuni dunyo bo‘ylab Xalqaro tajovuz qurbonlari bo‘lgan begunoh bolalar kuni (International Day of Innocent Children Victims of Aggression) nishonlanadi. Bu sana 1982-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan joriy yetilgan bo‘lib, uning maqsadi qurolli mojarolar, zo‘ravonlik, odam savdosi va boshqa turdagi tajovuzlar qurboniga aylangan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iboratdir. Ushbu kunning belgilanishiga Isroil-Falastin mojarosi chog‘ida ko‘plab begunoh bolalarning halok bo‘lishi asos bo‘lgan. Shundan beri bu sana dunyoning turli burchaklarida qurolli mojaro, terrorizm, odam savdosi, majburiy mehnat, jinsiy ekspluatatsiya va boshqa inson huquqlariga zid holatlardan aziyat chekayotgan bolalarning taqdiriga e’tibor qaratadigan muhim kun sifatida nishonlanib kelinmoqda.

Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, urush, zo‘ravonlik yoki boshqa ekstremal holatlar ta’sirida ulg‘aygan bolalar ko‘p hollarda ruhiy-psixologik travmalarga uchraydi. Ular orasida travmadan keyingi stress sindromi (Post-Traumatic Stress Disorder), depressiya, xavotir buzilishlari va ijtimoiy izolyatsiya holatlari keng tarqalgan. Shuningdek, bunday tajovuzlar bolalarning ta’lim olish huquqini, sog‘lom rivojlanishini va kelajakdagi ijtimoiy faolligini jiddiy darajada cheklaydi. BMT hisobotlariga ko‘ra, har yili minglab bolalar turli qurolli mojarolar va zo‘ravonlik harakatlaridan jabr ko‘rmoqda. Bu esa global miqyosda bolalarni himoya qilishga doir aniq mexanizmlar zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi.

O‘zbekistonda ushbu kunning o‘rni va ahamiyati

O‘zbekiston Respublikasi bolalar huquqlarini himoya qilish borasida xalqaro me’yorlarga amal qilgan holda, qator muhim hujjatlar va dasturlarni hayotga tatbiq etib kelmoqda. Xususan, mamlakatimiz Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mintaqasida birinchilardan bo‘lib “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyani 1992-yil 9-dekabr kuni ratifikatsiya qilgan bo‘lib, shundan beri bolalarning huquqiy, ijtimoiy va psixologik himoyasini ta’minlash yo‘lida izchil ishlar olib borilmoqda. 2008-yilda O‘zbekiston parlamenti tomonidan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.

Ushbu qonunning 1-moddasida bola tushunchasiga ta’rif berilgan. Ya’ni, unga ko‘ra, o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar bo‘lgan shaxs bola hisoblanadi. Bola huquqlari – bolaga nisbatan inson huquqlari toifasi, irqi, jinsi, tili, dini, tug‘ilgan joyi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiyligi, ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, har bir bola ega bo‘lishi kerak bo‘lgan huquq va erkinlikdir, xalqaro huquqda 18 yoshga yetmaganlarning barchasi bola deb tan olinadi.

O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan xalqaro hujjatlarni va shu asosda qabul qilingan qonunlar ijrosini ta’minlashda bosqichma-bosqich, tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirar ekan, “hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi” tamoyiliga amal qilmoqda.

«Inson qadri uchun» g‘oyasi hamda “hech kimni orqada qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida mamlakatimiz Asosiy qonuniga bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi ilg‘or normalar kiritildi, milliy qonunchilik bola huquqlariga doir xalqaro normalarga to‘la-to‘kis muvofiqlashtirilmoqda. Xususan, O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirildi, bu borada davlatning majburiyatlari kengaytirildi.

Mamlakatimizda bolalar huquqlarini ta’minlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilinib, ular asosida bolalarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashishning huquqiy mexanizmi yaratildi. Qabul qilinayotgan qonunlar “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” prinsipini hayotga joriy qilishga qaratilmoqda.

2020-yil 22-iyunda tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining qator bandlari bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratildi. Unda bolalar himoyasiga bag‘ishlangan ustuvor yo‘nalishlar va bolalar manfaatlarini birinchi navbatda ta’minlash prinsipini qonunchilik va amaliyotga yanada samarali joriy etish hamda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning huquqiy maqomi va faoliyatini takomillashtirish belgilandi.

Shu o‘rinda ta’kidlashimiz joizki, bolalar huquq va erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash va kafolatlash yangi Konstitutsiyada mustahkamlanishi, bu masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligining yaqqol isbotidir. Jumladan, Bosh qomusimizning 44-moddasiga asosan bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan ta’lim olishga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlandi.

Shuningdek, ilk bor Konstitutsiyaning 50-moddasida ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanishi alohida mustahkamlandi. Eng muhimi. yangi Konstitutsiyaga Oila, bolalar, Yoshlar deb nomlangan yangi bob kiritilib, unda bolalarning maqomi yanada kuchaytirildi.

Xususan, Bosh qomusimizning 77-modasida ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetgunga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar. Mazkur moddada davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning ta’lim olishini, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlanishi ham belgilab qo‘yilgan.

2023-yil 12-aprelda qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilib, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilanib, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtirildi.

Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, shuningdek, bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishini taqiqlash hamda bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ro‘yxatini yuritish ko‘zda tutilmoqda.

Umuman olganda O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha muhim qadamlar tashlandi. Xususan, joriy yilning 14-noyabr kuni “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.

Qonun bilan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga berilgan ta’riflar soni uchtadan (jismoniy, jinsiy, psixologik) oltitagacha (g‘amxo‘rlik qilmaslik, ekspluatatsiya, bulling) kengaytirilmoqda.

Shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Senatining Parlament saylovidan keyingi ilk yig‘ilishida Davlatimiz rahbari alohida e’tibor qaratgan masalalardan biri – yosh avlod himoyasi bo‘ldi. Prezidentimiz jamiyatda bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari kuzatilayotganini ta’kidlab, bunday milliy qadriyatlarimizga zid illatlarga qarshi murosasiz kurash olib borish zarurligini qat’iy belgilab berdi. Davlatimiz rahbarining ushbu masalani shaxsan o‘z nazoratiga olishi – O‘zbekistonda bola huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligining yaqqol ifodasidir."

O‘zbekiston Hukumati olib borayotgan insonparvarlik siyosati doirasida 2019-2021-yillarda Suriya, Iroq va Afg‘oniston mamlakatlari hududidan O‘zbekiston fuqarolarini olib chiqish bo‘yicha beshta maxsus operatsiya amalga oshirildi. «Mehr» deb nomlangan ana shu operatsiyalar natijasida O‘zbekistonga «qaynoq nuqta»lardan jami 531 nafar fuqaro olib kelindi, shulardan 379 nafarini – bolalar tashkil etdi.

Bolalarni urush va zo‘ravonlikdan himoyalanganligini ta’minlashda O‘zbekistonning tinchlik va barqarorlik siyosatining asosiy tamoyillaridan biri bo‘lib, bu boradagi yondashuv bolalarni sog‘lom va xavfsiz muhitda voyaga yetkazishga xizmat qilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari, ta’lim muassasalari va nodavlat tashkilotlar ushbu sana munosabati bilan bolalarga qarshi tajovuzni qoralovchi ma’rifiy va tarbiyaviy tadbirlarni tashkil etadi. Bu esa jamiyatda bolaga nisbatan mehr, g‘amxo‘rlik va mas’uliyatni oshirishga xizmat qiladi. 4-iyun sanasi – bu nafaqat begunoh bolalar boshidan kechirayotgan fojialarni yodga olish kuni, balki har bir jamiyat, har bir davlat va har bir insonning bolalar huquqlarini himoya qilishdagi mas’uliyatini anglash kunidir. Bugungi kunda jamiyatimizda mavjud har bir bola – bu kelajakning poydevori. Ularning tinch, xavfsiz va baxtli hayot kechirishini ta’minlash va ularga sharoit yaratish nafaqat insoniylik burchimiz, balki barqaror rivojlanish kafolatidir.

Hamidulla Mo‘minov

 Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i

«Ishonch» gazetasining 2025-yil 12-iyun kungi 73 (5137)-soni

Powered by GSpeech