9-avgust – Butunjahon kitobsevarlar kuni
Donishmandlardan biri: “Ochganingda huzurlanib, yopganingda ruhan boyligingni his etgan kitobgina yaxshi kitobdir”, degan ekan. Hoynahoy, o‘sha donish insonning o‘zi ham tom ma’noda kitobsevar zot bo‘lgan.
Kitobsevarlar kim? Avvalo, shu tushunchaga muxtasar ta’rif beraylik.
Kitobsevarlar – kitob o‘qishni yaxshi ko‘radigan va kitobni qadrlaydigan jamiki kitobxon insonlar toifasi.
Kitobsevarlar – kitobat, kitobshunoslik va matbaa-noshirlik sohalarida xizmat qiluvchi fidoyi hamda ziyoli tadbirkorlar qatlami.
Kitobsevarlar – kitobdorlar, kutubxonachilar, zamonaviy tilda aytganda, axborot-kutubxona markazlari, elektron kutubxonalar va Internetdagi yirik kitob portallari tizimining jonkuyarlari.
Har yili 9-avgust kuni nishonlanadigan Butunjahon kitobsevarlar kuni ana shu sevimli mashg‘ulot va ma’rifiy kasb-korlar sohiblarining jahon miqyosidagi bayrami hisoblanadi. Bu bayramga kim tomonidan va qachon asos solingani noma’lum.
Kitobsevarlar kuni (Book Lovers Day) dastlab AQSHda norasmiy tarzda nishonlab kelingan. Keyinchalik bu milliy an’ana dunyoning turli mamlakatlari kitobxonlari orasida ommalashdi. Eng muhimi, ushbu sanada dunyo kitobsevarlari smartfonlarini o‘chirib, bayram kunini mutolaa va o‘z yaqinlariga kitob ulashishdek ezgu amallar bilan o‘tkazadilar.
“World Population Review” va “CEO World Magazine” jurnali 2024-yili “Dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan aholiga ega mamlakat” degan mezon bo‘yicha 102 ta mamlakat kitobxonlari o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan. Shu reytingda AQSH va Hindiston yetakchilik qilgan.
Agar AQSHda bir kishining bir yilda kitob mutolaasiga ajratgan vaqti o‘rtacha 357 soatdan iborat bo‘lsa, Hindistonda ayni ko‘rsatkich 352 soatni tashkil etgan. Buyuk Britaniya mazkur reytingda uchinchi o‘rinni (343 soat) egallagan.
Keyingi o‘rinlarni Fransiya, Italiya, Kanada, Rossiya, Avstraliya, Ispaniya, Niderlandiya va Shveysariya band etgan. Aksincha, aholisi kitob mutolaasiga eng kam vaqt sarflagan mamlakatlar qatorida Afg‘oniston, Bruney, Pokiston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari qayd etilgan. Xususan, afg‘on qo‘shnilarimiz yiliga o‘rtacha 3 ta kitob o‘qir ekan.
O‘zbekiston-chi? Afsuski, bu haqda qo‘limizda aniq raqamlar mavjud emas. Ammo, o‘tgan yili kitobsevarlikda peshqadamlik namoyon etgan AQSHda bir kishi yil davomida 17 ta, Hindistonda esa 16 ta atrofida kitob o‘qiganligiga e’tibor qaratilsa, mamlakatimiz ham bu sohada ilg‘or ko‘rsatkichlarga tobora yaqinlashib borayotganiga umid qilsa bo‘ladi.
Jahonning eng kitobsevar xalqlari haqida 2022-yil avgust oyidagi ma’lumotga ham ko‘zim tushdi. Qiyoslab ko‘ring: o‘shanda Hindiston bu borada yetakchi o‘ringa chiqqan bo‘lib, mazkur mamlakatda odamlar kitob mutolaasi uchun haftasiga o‘rtacha 10 soatu 42 daqiqa sarflagan. Ro‘yxatning oxiriga bo‘lsa ham ilinib qolgan Janubiy Koreyada ushbu ko‘rsatkich 3 soatu 6 daqiqani tashkil etgan.
Hozircha bunday reytinglarda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining boshqa davlatlari ko‘rsatkichlari aks etmayapti. Xolbuki, Sharqda kitob va mutolaa madaniyati azaldan qadrlangan. Ulug‘ alloma ajdodimiz Shayx Najmiddin Kubro iborasi bilan aytganda, “Kitob — sahroda do‘st, hayot yo‘llarida tayanch, yolg‘izlik damlarida yo‘ldosh, baxtiyor daqiqalarda rahbar, qayg‘uli damlarda madadkor, odamlar orasida zebu ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda quroldir”.
Qiziq holat: butun dunyoda elektron kitoblar va raqamli mutolaa ko‘lami jadal o‘sib borayotganiga qaramay, eng rivojlangan davlatlar safida turgan AQSHda haligacha qog‘ozda chop etilgan kitoblarni o‘qish odati ustuvor ekan. Ushbu mamlakat do‘konlarida birgina 2024-yilning o‘zida 780 mln nusxadan ortiq kitob sotilgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Hindistonda ham elektron kitoblarga nisbatan matbaa nashrlarning bozori ancha chaqqon. Modomiki, Hindiston sayyoramizning aholisi eng ko‘p mamlakati ekani hisobga olinsa, bir tomondan, bu yerda davlat shuncha insonlarning kitob o‘qishi uchun zarur sharoitlarni ta’minlash imkonini topayotgani diqqatga sazovor, ikkinchi tomondan, hind jamiyatida kitobxonlik va kitobsevarlik muhiti izchil rivojlanayotgani hamda butun bashariyatga namuna bo‘layotgani hayrat uyg‘otmasdan qolmaydi.
Shu o‘rinda “Kitob o‘zi nima?”, degan savol tug‘ilishi tabiiy hol. Lug‘aviy ma’nosiga ko‘ra:
kitob – axborotlarni, g‘oya, obraz va bilimlarni saqlash hamda tarqatish, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy, estetik qarashlarni shakllantirish vositasi;
kitob – bilimlar targ‘iboti va tarbiya quroli;
kitob – badiiy, ilmiy asar, ijtimoiy adabiyot.
Olis tarixda dunyoning turli xalqlari tillarida “kitob” tushunchasi keng ma’nolarda qo‘llangan. Xususan, Sharqda – Alisher Navoiy bobomiz zamonida kitob – birinchidan, muqovalangan haqiqiy kitobni; ikkinchidan, muallif qalamiga mansub qo‘lyozma asarni; uchinchidan, maktub, xat yoki risolani anglatgan.
Keyingi asrlarda yuz bergan texnik taraqqiyot, jumladan, matbaa-noshirlik texnologiyalarining jadal rivojlanishi, o‘z navbatida, keng va mo‘l tarqalayotgan “bozori chaqqon” ushbu mahsulotga imkon qadar aniq ta’rif berishni taqozo etdi. Natijada XX asrda kelib, YUNESKO tavsiyasiga ko‘ra, xalqaro statistikada hajmi 48 sahifadan kam bo‘lmagan, taboqlab tikilgan nodavriy nashr shartli ravishda “kitob” deb nomlanadigan bo‘ldi.
Kitob mutolaasida gap ko‘p. Sharqda va G‘arbda insoniyatni yuksak taraqqiyot sari boshlagan Renessanslarning barchasi kitob yozish va tarqatish, kutubxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, turli tillardan turfa asarlarni tarjima qilish hamda o‘qish va o‘rganishdek qamrovdor ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga tayangani shubhasiz.
E’tibor bering: buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino 4 yoshida Qur’onni to‘la yod olgan. Bugungi kunda Qur’oni karimdan keyingi muborak kitob deya tan olingan “Sahihi Buxoriy”ni tuzgan allomamiz Imom Buxoriy 11 yoshida ustozi ad-Doxiliyning ilmidagi xatoni tuzatgan. Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy 6 yoshida she’rlar yoza boshlagan va Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarini yoddan bilgan. Hassos shoir va shoh bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur esa eng zarur kitoblarni o‘qib-o‘rganib, 12 yoshida davlat arbobi sifatida taxtga o‘tirgan.
Ajdodlarimiz nima uchun bu qadar yetuk olimu shoir, alloma-yu ma’rifatparvar, bir so‘z bilan aytganda, buyuk insonlar bo‘lgan?
Akademik Akmal Saidov ta’biri bilan aytganda, avvalo, ajdodlarimiz jaholatga berilmagan, kimnidir g‘iybat qilib, oltindan qimmat vaqtini zoye qilmagan. O‘zining idrokini, azmu qudratini ilmga sarflagan, bilimini muttasil boyitgan. Yanada muhimi, ajdodlarimizning ma’rifat borasida, ta’bir joiz bo‘lsa, “iligi to‘q” bo‘lgan. Zero, ular bir emas, ikkita Renessans ma’rifatining qaymog‘idan bahramand bo‘lganlar.
Shu ma’noda, so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining uzoq muddatli strategiyalarida ma’naviyat, ma’rifat va kitobsevarlik masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani tahsinga loyiq.
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida 2017-2021-yillarda mamlakatimizda noshirlik, adabiyot, kutubxona va kitobxonlik sohalarini rivojlantirishga qaratilgan o‘nga yaqin farmon, qaror va farmoyishlar qabul qilindi.
Ayniqsa, 2021-yil 26-noyabrda “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirda qabul qilingani soha taraqqiyotida alohida ahamiyat kasb etdi. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan 2020–2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi izchil bajarilmoqda.
Ikkinchidan, 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish belgilangan. Mazkur g‘oya targ‘iboti yo‘lida mutasaddilar aholi orasida mutolaa madaniyatini oshirishga jiddiy e’tibor qaratmoqdalar.
Davlat rahbari bu borada belgilab bergan vazifalar doirasida:
· har yili 100 ta eng yaxshi badiiy asar hamda bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan 50 ta badiiy kitob yaratish uchun ijodiy buyurtma berilib, mualliflarga 100 million so‘mdan qalam haqi to‘lanadi;
· kelgusi yetti yilda kutubxonalarning 40 millionga yaqin kitob fondi to‘liq raqamlashtiriladi va ularning yagona katalogi yaratiladi;
· 2030 yilga qadar mamlakatimizdagi barcha kutubxonalar to‘liq ta’mirlanadi. Shu maqsadda 500 milliard so‘m ajratiladi;
· madaniyat va san’at sohalari vakillari, muzey va kutubxonalar xodimlari ish haqi kelgusi yetti yilda 3 karra oshiriladi. Bunda maktab kutubxonachilarining ish haqi pedagog xodimlar oyligiga tenglashtiriladi;
· 2030 yilga qadar madaniyat va san’at sohalari vakillari hamda adiblar uchun yangi qurilayotgan uy-joy massivlaridan 10 mingta xonadon imtiyozli shartlarda beriladi.
Uchinchidan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba asosida ishlab chiqilgan va ayni vaqtda hayotga keng tatbiq etilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq:
– o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommalashtirish;
– jamiyatda kitobxonlikni va aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni rivojlantirish;
– kitobxon yoshlar sonini 5 million nafarga yetkazish;
– har yili 100 ta eng yaxshi badiiy asar hamda bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan 50 ta badiiy kitoblar yaratish;
– mazkur kitoblarni 20 ming nusxadan nashr qilish;
– “O‘zbek adabiyoti xazinasidan” 300 jildligi, “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” 200 jildligini o‘zbek tilida nashr qilish;
– 40 millionga yaqin kitob fondini to‘liq raqamlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bularning barchasi kitobsevar xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning ongu tafakkurini yuksaltirishda katta rol o‘ynashi tayin. Bu, ayniqsa, Yangi O‘zbekistonni barpo etayotgan va Uchinchi Renessans poydevorini tiklashga azmu jazm etgan bunyodkor yurtdoshlarimiz uchun juda muhim.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz ta’biri bilan aytganda, «Kitob (bitig) barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni yaratuvchi murabbiydir». Chunki kitoblar milliy o‘zlik hamda umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Mustaqillik tufayli ko‘p ming yillik asl ildizlarga qaytib, milliy davlatchilikni, milliy o‘zlik va ma’naviyatni, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatni tiklashdek huquqiy imkonlarga ega bo‘ldik. Istiqlol kitobxon xalq degan azaliy yuksak mavqeimizni nafaqat qaytarib berdi, ayni chog‘da, bu boradagi intellektual salohiyatimiz va imkoniyatlarimizni tubdan oshirishning asosiy omili bo‘lib ham kelmoqda.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 08.08.2025
- Ko'rishlar: 185
- Chop etish