20-avgust – Tadbirkorlar kuni
Mamlakatimizda ushbu sana to‘rt yildan buyon keng nishonlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur kasb bayramini ta’sis etish tashabbusini 2021-yil 20-avgustda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ilgari surgandi. O‘sha yili 23-dekabrda “Tadbirkorlar kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun ham qabul qilingan.
Shundan beri har yili aynan shu kuni davlatimiz rahbarining biznes va ishbilarmon doiralar vakillari bilan ochiq muloqoti o‘tkazilishi an’anaga aylangan. Bunday uchrashuvlarda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan masalalar muhokama etilib, ular bilan maslahatlashgan holda qarorlar qabul qilinayotgani Prezidentimizning tadbirkorlik sohasiga alohida e’tiborining yorqin ifodasi bo‘lib kelmoqda.
Shu kungacha ochiq muloqotlarda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan 1 mingga yaqin taklif va tashabbuslar qonun va qarorlarda o‘z aksini topdi. Yanada muhimi, buning natijalarini nafaqat tadbirkorlar, balki butun aholi o‘zining kundalik hayotida his qilmoqda.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi ochiq muloqotga tayyorgarlik davomida 26 ta sohaning 7 mingga yaqin vakili bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan. Qolaversa, “Koll-markaz” orqali 13 mingdan ziyod murojaat va tashabbuslar kelib tushgan.
Davlatimiz rahbari ushbu murojaatlarni o‘rganish asosida ishlab chiqilgan hamda tadbirkorlik faoliyatiga yanada ko‘p qulaylik yaratishga qaratilgan yangi yechimlarni ilgari surdi. O‘zbekiston Prezidenti tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlanishida ta’kidlaganidek, “Bugungi tadbir shunchaki anjuman emas, davlat va biznes o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladigan jonli va samimiy muloqot maydonidir”.
Binobarin, shiddatli va qamrovdor islohotlarning ilk kunlaridanoq tadbirkorlar bilan hamfikr bo‘lib, iqtisodi qudratli, sanoati raqobatbardosh, moliyaviy tizimi barqaror, barcha sohalari investorlar uchun jozibador bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishildi. Natijada o‘tgan sakkiz yilda milliy iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlari yangidan tashkil etildi.
Bu davrda 230 milliard dollar investitsiya kirib keldi, shundan 120 milliarddan ortig‘i – xorijiy sarmoya. Yanada e’tiborlisi: turli nizo va ziddiyatlar tufayli jahon iqtisodiyoti g‘oyat murakkab davrni boshidan o‘tkazayotgan bir vaqtda pragmatik va proaktiv siyosat tufayli birinchi yarim yillikda iqtisodiyotimiz 7,2 foiz o‘sdi.
Davlatimiz rahbari uchrashuv davomida tadbirkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha mutlaqo yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Ularning barchasi bugundanoq kuchga kirishi alohida diqqatga loyiq.
Prezidentimiz biznesni qo‘llab-quvvatlashning eng muhim instrumenti moliyaviy xizmatlar ekanini ta’kidladi. Shuning uchun endilikda loyihaga soddalashgan tartibda mablag‘ jalb qilish bo‘yicha investitsiya platformasi ishga tushiriladi. Bunda barcha korxonalar o‘zining loyihasini bu platformaga joylashtiradi, potensial investorlar esa istalgan loyihani tanlab, sarmoya kiritishi mumkin bo‘ladi.
Tadbirkor va hunarmandlar o‘z mahsulotlarini raqamli platformalar orqali eksport qilishga o‘rgandi. Ular an’anaviy eksportdagi kabi milliy va xorijiy marketpleyslarda chetga sotgan tovari uchun QQSni qaytarishni so‘ragan. Mutasaddilarga buning tartibini tasdiqlab, amaliyotga joriy qilish topshirildi.
Ijobiy yechim topilgan yana bir muammo – tadbirkorlardan soliq ma’murchiligi bo‘yicha tushayotgan o‘rinli savollar bilan bog‘liq. Gap shundaki, amaldagi tartibga ko‘ra, yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshgan korxonalar foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lagani uchun aylanma mablag‘dan qiyinchilik yuzaga kelmoqda. Shu bois, endi ushbu tartib faqatgina yiliga 20 milliard so‘mdan yuqori aylanma qiladigan korxonalar uchun amal qiladi.
Kelgusi yildan yer, mol-mulk, ijtimoiy va daromad soliqlari hisobotlarini shakllantirish bo‘yicha tadbirkorlar majburiyati bekor qilinadi. Ushbu hisobotlarni soliqchilarning o‘zi bepul to‘ldirib beradi. Tadbirkorlar esa 5 kunda hisobotga tuzatish kiritishi mumkin bo‘ladi.
Hisobotni kechiktirgani uchun kichik va yirik biznes bir xil jarima to‘layapti, eng yomoni – har bir hisobot turi uchun alohida-alohida jarima bor. Soliq qo‘mitasiga 1-noyabrdan boshlab taqdim etilmagan yoki kechiktirilgan soliq hisobotlari nechta bo‘lishidan qat’i nazar, yagona jarima qo‘llaydigan tizim yaratish topshirildi. Bunda kichik biznes uchun jarimalar miqdori 3 karra kamaytiriladi.
So‘nggi yillarda aholi va tadbirkorlardan 120 turdagi hujjatlarni talab qilish bekor bo‘ldi, yana shuncha litsenziya raqamlashdi. Birgina o‘tgan yili 16 turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor qilingani natijasida tadbirkorlarning 350 milliard so‘mlik xarajatlari tejaldi.
Kelgusi 2026-yildan yana 10 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinishi belgilandi. Xususan, auditorlik tashkilotlari, turizm sohasidagi hunarmandlar, turistik axborot markazlari, transport texnik ko‘rigini amalga oshiradigan tadbirkorlar xabardor qilish tartibiga o‘tkaziladi.
Prezidentimiz yana bir muhim yangilikni e’lon qildi – 2026-yildan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi. Natijada tadbirkorni ro‘yxatdan o‘tkazishga oid bir necha jarayon uchun talab etiladigan muddat hozirgi 1 haftadan 15 daqiqaga qisqaradi.
Endilikda tadbirkorlar iqtisodiy va ma’muriy sudlarga eksterritorial tartibda murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Binobarin, Prezidentimiz bilan tadbirkorlar muloqoti chog‘ida sudlarning moddiy zararni undirish bo‘yicha qarorlari ijrosi kechikayotgan holatlar borligiga e’tibor qaratildi.
Aslida, undirilishi kerak bo‘lgan qarzdorlikning har bir kechikkan kuni tadbirkorning zarariga ishlamoqda. Shuning uchun xalqaro tajriba asosida “astrent” tizimi joriy qilinadi. Bunda moddiy zararni qoplash kechiktirilgan har bir kun uchun qarzdor hisobidan penya undirish sud qarorida aniq belgilab qo‘yiladi.
Prezidentimiz qayerda qonun ustuvor bo‘lsa, o‘sha yerda biznes rivojlanishi, investitsiya muhiti jozibador bo‘lishini ta’kidladi. Davlat rahbari uqtirganidek, “To‘g‘ri, bizda investitsiyaviy munosabatlarni tartibga solish, sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilish va ularga sharoitlar yaratish bo‘yicha yuzlab hujjatlar bor. Bularni hammasini to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan yagona qonunga birlashtirib, Investitsiya kodeksini qabul qilish vaqti keldi. Bu hujjat investitsiya sohasidagi barcha qoida, kafolat va tartib-taomillarni bir tizimga solib, investitsiyalarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi”.
Biznes uyushmalari qancha ko‘p bo‘lsa, tadbirkorlarni ovozi shuncha baland eshitiladi. Shu bois, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, o‘z sohasining jonkuyari bo‘lgan eng ilg‘or 10 nafar biznes egalari birlashib, atrofiga yosh tadbirkorlarni to‘plab, ortidan ergashtirsa, ularga biznes sirlarini o‘rgatsa, yangi bilim va texnologiyalar olib kirsa, tadbirkorlikdagi ko‘p muammolarni biznes hamjamiyatni o‘zi hal qila oladigan bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan bevosita muloqot yakunida ularning qo‘shimcha takliflari va fikrlarini tingladi. Shu asosda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi.
Farmonning maqsadi 2025-yildagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti hamda uni tashkil qilish doirasida o‘tkazilgan 20 ta uchrashuvda kelib tushgan 15 mingta murojaatda ko‘tarilgan tizimli muammolarning yechimiga qaratilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish hamda ochiq muloqotda belgilangan ustuvor vazifalarni bajarishdir.
An’anaga ko‘ra, kichik biznes vakillaridan tortib yirik korxonalar rahbarlarigacha – eng ilg‘or va fidoyi tadbirkorlardan 49 nafari davlat mukofotlari, 112 nafari esa “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ular orasida ilmi bilan biznes rivojiga katta hissa qo‘shayotgan olimlar ham bor.
O‘tgan bir yilda yana 52 nafar ishbilarmon tadbirkorlar, mirishkor dehqon va fermerlar, tashabbuskor investorlar orden va medallar sohibiga aylandi. Ayniqsa, Prezidentimiz alohida e’tirof etganidek, “homiylik qilib bog‘cha va maktab, shifoxonalar qurayotgan, ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashayotgan, yoshlarni qo‘llab-quvvatlayotgan saxovatpesha tadbirkorlarimiz ko‘payib borayotgani bizni quvontiradi”.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.08.2025
- Ko'rishlar: 119
- Chop etish