Farg‘onada "Intimak kuni" o‘tkazildi

16-oktyabrda Farg‘ona shahrida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan qirg‘izistonlik hamkorlar va Tinchlikni barpo etish xabi ko‘magida ilk bor "Intimak kuni" (“Birdamlik kuni”) tashkil etildi. Ushbu tadbir Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida muloqot, ishonch va hamkorlikning yangi mintaqaviy maydoniga aylanishi kutilayotgan Birinchi Farg‘ona tinchlik forumi doirasida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov ochilish marosimiga moderatorlik qildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Din ishlari va millatlararo munosabatlar milliy agentligi raisi o‘rinbosari Manas Muratbekov, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays, Shveysariyaning “PeaceNexus” jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Mads Frilander hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov so‘zga chiqdilar.

Xususan, A.Saidov qirg‘iz tilidagi "intimak" so‘zining o‘zbekcha tarjimasi birdamlik, jipslik, ahillik, hamjihatlik degan ma’nolarni anglatishini va ushbu tushuncha chuqur ramziy mohiyatga egaligini ta’kidladi. Shu jihatdan, "Intimak kuni"ning asosiy maqsadi davlatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro hamkorlarning xalqlar o‘rtasida ijtimoiy birlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirish hisoblanadi.

Ushbu tadbir asrlar davomida xalqlari tinch-totuv, o‘zaro yordam va hurmat kayfiyatida yashab kelgan butun mintaqamiz ruhini o‘zida ifodalaydi. Bugun Markaziy Osiyo dunyoga yaxshi qo‘shnichilik va samarali hamkorlik namunasini ko‘rsatayotgan bir paytda birdamlik g‘oyasi yangi, strategik ahamiyat kasb etmoqda.

"Intimak kuni" dasturi barqaror tinchlik va taraqqiyotning asosiy jihatlariga bag‘ishlangan bir qator sessiyalarni o‘z ichiga olgan. Bu o‘rinda, jumladan, "Yoshlar subyekt sifatida – o‘sib kelayotgan avlodning tinchlik va ijtimoiy birdamlik uchun salohiyati", "Farg‘ona vodiysi suv qo‘riqchilari: iqlim o‘zgarishiga chidamli tinchlikka erishish uchun ayollar va yoshlar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar", "Tinchlik va transchegaraviy tashabbuslar haqida mulohazalar – Farg‘ona vodiysi jamoalari ovozi”, "Markaziy Osiyo xususiy sektorining mintaqada tinchlik o‘rnatishga qo‘shgan hissasi", "Chegaralararo aloqalar: Farg‘ona vodiysida jamoatchilik tashabbuslari va fuqarolik jamiyati", "Barqaror hamkorlikni yo‘lga qo‘yish: chegaralararo kontekstda ayollar yetakchiligi va iqlim o‘zgarishiga chidamlilik" kabi sessiyalar haqida so‘z bormoqda.

Shu munosabat bilan A.Saidov ayni mavzularga bevosita daxldor masalalar, jumladan, ayollar yetakchiligini tinchlik, ijtimoiy barqarorlik va ishonchni mustahkamlash omili sifatida qo‘llab-quvvatlash asosiy yo‘nalishlardan biriga aylanayotgani haqida so‘zladi. Binobarin, O‘zbekiston bugungi kunda gender tenglikni mustahkamlashda izchil va tizimli yondashuvni namoyon etmoqda.

Mamlakatimizda milliy darajada xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish uchun mustahkam qonunchilik asoslari va institutsional poydevor yaratilgan. Keyingi davrda "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida" va "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlar qabul qilindi, 2023-2024-yillarda esa oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik va bolalarni zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlaridan himoya qilishning yangi mexanizmlari joriy etildi.

O‘zbekiston ushbu sohadagi asosiy xalqaro hujjatlarga – BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi, Pekin Harakatlar platformasi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga qo‘shildi, 2030-yilga qadar ayollar va qizlarning tengligi hamda zo‘ravonlikdan himoyalanishini ta’minlash majburiyatini oldi. Bundan tashqari, "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" bo‘yicha 1325-sonli rezolyutsiyani amalga oshirish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi tasdiqlandi.

Davlat tuzilmalarida ham, mahalliy darajada ham ayollar liderligini izchil rivojlantirish ishlari davom etmoqda. O‘zbekistonda 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi doirasida ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini kengaytirish maqsadida aniq ko‘rsatkichlar belgilandi va bu borada turli yo‘nalishlarda sezilarli yutuqlar qo‘lga kiritildi.

Xususan, 2025-yilda siyosiy partiyalarda ayollar ulushini 49 foizga yetkazish bo‘yicha belgilangan maqsadga, shuningdek, siyosiy partiyalardagi rahbarlik lavozimlarida ayollar ulushini 41 foizga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatkichga ham joriy yil boshiga qadar erishildi. Davlat boshqaruvi va odil sudlov sohasida boshqaruv lavozimlarida ayollar ulushi bo‘yicha rejadagi ko‘rsatkichlardan ham yuqori natijalar qayd etildi, ya’ni 28 foizlik reja o‘rniga 2025-yilda amalda 30,1 foizga erishildi.

Ayniqsa, ta’lim sohasida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish borasida sezilarli natijalar ta’minlandi. Davlat boshqaruvi akademiyasida rahbarlik ko‘nikmalarini oshirish kurslarini tamomlagan ayollar ulushi 2025-yilda 56 foizni tashkil etib, bu boradagi maqsadli ko‘rsatkich bir necha barobar oshirib bajarildi.

Yangi O‘zbekistonda ayollar liderligini rivojlantirish bilan bir qatorda, yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Milliy markaz direktori bu haqda so‘z yuritar ekan, bugungi kunda dunyo aholisining 2 milliarddan ortig‘i navqiron yigit-qizlar ekanligi va ayni raqam insoniyat tarixidagi yoshlar soni bo‘yicha rekord ko‘rsatkich ekanini qayd etdi. Bu yoshlarning deyarli 90 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi.

 Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisining 60 foizdan ziyod qismini tashkil etuvchi yoshlar – shunchaki demografik omil emas, balki kuchli strategik resursdir. Mintaqaning ertangi qiyofasi ular o‘zlarining salohiyati, kuch-g‘ayrati va tashabbuslarini qanchalik samarali ro‘yobga chiqarishiga bog‘liq. Yosh avlod uchun ishonch, qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik muhitini yaratish – tinchlikni barpo etishning eng muhim unsurlaridandir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, Yangi O‘zbekiston yoshlari – jamiyatni o‘zgartirishning faol subyekti va modernizatsiyaning muhim resursi, shuningdek, iqtisodiy o‘sish va avlodlar farovonligini ta’minlashning eng qimmatli kadrlar salohiyatidir. Kelgusi yigirma yil ichida bugungi bolalar va yoshlar O‘zbekiston tarixidagi eng katta ishchi kuchiga aylanadi. Bugungi kunda yoshlar rivojlanishiga to‘g‘ri sarmoya kiritilsa, aynan ular O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqadigan avlod bo‘lishi mumkin.

Shu ma’noda, O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" qabul qilindi. Mamlakatda Bosh vazir raisligida Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengash ish boshladi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya tuzildi, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari tashkil etildi.

Yoshlarning sifatli ta’lim olishi, chet tillarni va zamonaviy kasb-hunarlarni egallashiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirga qadar "Bir million dasturchi" loyihasi doirasida 325 ming nafar yosh o‘qitildi. Faqatgina 2024-yilning o‘zida 150 ming nafar yigit-qiz xalqaro til sertifikatlariga ega bo‘ldi – bu 2023-yilga nisbatan ikki barobar ko‘pdir.

Xalqaro hamjamiyat har qanday jamiyat taraqqiyotida sog‘lom va barkamol yosh avlod, g‘ayratli, tashabbuskor, har tomonlama rivojlangan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, shu jamiyatning kelajagi bog‘liq yoshlar hal qiluvchi rol o‘ynashini e’tirof etadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, BMTning 2030-yilgacha bo‘lgan Yoshlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha global taraqqiyot to‘g‘risidagi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2020-yilda yoshlar ishtirokida pandemiyadan keyingi chora-tadbirlarni ko‘rish va tiklanish, shuningdek, madaniyat va me’morchilik sohalarida yoshlar uchun imkoniyatlar yaratish bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlarni namoyish etgan yetakchi davlatlar ro‘yxatiga kirdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston BMTning Yoshlar strategiyasini tezkor amalga oshirishda yetakchi sifatida belgilangan o‘nta davlat qatoridan joy oldi. Bu mamlakatlarda BMT Yoshlar strategiyasi doirasida tashkilot tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan bir qator yoshlarga oid tashabbuslar amalga oshirilmoqda.

Tadbirning turli sessiyalarida Farg‘ona vodiysini birlashtirib turadigan mintaqamiz mamlakatlari – O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, shuningdek, xalqaro ekspertlar hamda xorijiy mutaxassislar tegishli mavzular yuzasidan so‘zga chiqdilar.

Ishtirokchilar yakdil e’tirof etganlaridek, "Intimak kuni" – shunchaki muhokama maydoni emas, balki Markaziy Osiyo mintaqasi har qanday masalaga hamkorlik, o‘zaro tushunish va hurmat orqali birgalikda yechimlar topa olishining yorqin dalilidir.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech