“TURKISTONDA JADIDCHILIK”
(Adib Xolidning shu nomli kitobi to‘g‘risida mulohazalar)
Yangi O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohaga, xususan, jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari e’tirof etganlaridek: “Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti — kitob va kutubxonalarda”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-noyabrda qabul qilingan “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yoshlarning intellektual va ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi jahonda mashhur bo‘lgan kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilish hamda shu orqali ularni zamonaviy ilm-fanning so‘nggi yutuqlari bilan yaqindan tanishtirib borishda, ayniqsa, katta ahamiyat kasb etmoqda. Qarorga muvofiq, Yoshlar ishlari agentligi jahonda mashhur bo‘lgan mingta kitobni tanlab olib, o‘zbek tiliga tarjima qilish va mamlakatimizda ommalashtirishga qaratilgan “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasini faol va samarali tarzda amalga oshirib kelmoqda.
Ushbu loyiha doirasida kitobsevar xalqimiz yaqinda yana bir qiziqarli ilmiy asarni o‘zbek tilida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Amerikalik taniqli tarixshunos va ijtimoiy antropolog olim Adib Xolidning “Turkistonda jadidchilik” (asliyatdagi nomi: “The Politics of Muslim Cultural Reform: Jadidism in Central Asia”) kitobi tarjimon Sharifjon Ahmad tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilib, “Akademnashr” nashriyotida chop etildi.
Albatta, so‘nggi sakkiz yilda mamlakatimizda jadidlar faoliyati, ularning ilmiy-ijodiy merosini tadqiq etish yangi bosqichga ko‘tarildi: ko‘plab kitob, risola, maqolalar chop etildi, dissertatsiyalar yoqlandi, yangi sahna asarlari va kinofilmlar tayyorlandi. Ayniqsa, 2024-yilda tashkil etilgan “Jadid” gazetasi jadidlarning nuqtayi nazari ila bugungi davr muammolarini tahlil qilish, ularning maqsad va g‘oyalarini yoritish asnosida yurtdoshlarimizda Vatanga muhabbat va sadoqat, mamlakatimiz kelajagiga daxldorlik tuyg‘ularini kamol toptirishga katta hissa qo‘shmoqda.
Shu ma’noda, “Turkistonda jadidchilik” kitobi ham xalqimizni jadidlarning maqsad va g‘oyalari, amaliy va ilmiy-ijodiy faoliyati bilan tanishtirishda dolzarb ahamiyatga ega.
Adib Xolid AQSHning Viskonsin Medison universitetida tarix bo‘yicha falsafa fanlari doktori ilmiy darajasini olgan va hozirda Karlton Kolleji tarix kulliyoti professori hisoblanadi. Uning ilmiy tadqiqotlari, asosan, Rossiya imperiyasi va Sovet Ittifoqi davrida O‘rta Osiyo hududida yuz bergan diniy-madaniy, ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarga qaratilgan. Olimning “Turkistonda jadidchilik” kitobi ilk bor 1998-yilda ingliz tilida Oksford universiteti nashriyotida chop etilgan.
“Turkistonda jadidchilik” kitobi Adib Xolidning o‘zbek tiliga tarjima qilingan ikkinchi asari sanaladi. 2023-yilda aynan “Akademnashr” nashriyotida olimning “O‘zbekiston tavalludi: Ilk SSSR davrida millat, imperiya va inqilob” kitobi tarjimon Sardor Salim tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilib, chop etilgan edi. Iste’dodli tarixshunos Sardor Salim ilmiy muharrir sifatida “Turkistonda jadidchilik” kitobini nashrga tayyorlashga ham hissa qo‘shganini alohida e’tirof etish kerak.
“Turkistonda jadidchilik” kitobining muqovasidanoq o‘ziga xos ramziy ifodalar boshlanadi va shunga monand kitobxonni o‘zgacha kayfiyat qamrab oladi. Muqovadagi och qizil rang ma’rifatparvar jadidlarning qatag‘on iskanjasida to‘kilgan qoniga ishora qilsa, oq, qora va to‘q qizil rangdagi rombsimon milliy naqshlar jadidchilik harakatining mavhum, hali tadqiq etilmagan jihatlarini ifodalagandek bo‘ladi. Go‘yo tarixiy xotirasiz kelajak ham bo‘lmasligini ta’kidlab turadi.
Kitob sahifalari buyuk jadid Abdurauf Fitratning 1908-yilda Buxoroda ikki nafar hammaslak do‘sti ila tushgan surati bilan boshlanadi. Bu orqali kitobni nashrga tayyorlovchilar XX asr boshlaridagi jadidlarning qiyofasini kitobxonlar tasavvurida aniqroq gavdalantirishni maqsad qilgan bo‘lsalar kerak.
Adib Xolid ushbu kitobini otasi — Xolid Latif hamda onasi — Nazokat Latifga bag‘ishlaganini qayd etgan. Muallif bu qarorini, birinchidan, ota-onasiga bo‘lgan samimiy ehtiromi bilan, ikkinchidan, uning Turkiston jadidlari faoliyatiga qiziqishiga otasining Sovet Ittifoqi musulmonlari haqidagi kitobi katta turtki bergani bilan izohlagan.
Yana bir mulohaza: tarjimon Sharifjon Ahmad kitobdagi “Central Asia” atamasini “Markaziy Osiyo” emas, aynan “O‘rta Osiyo” deb tarjima qilgani ham bejiz emas, nazarimizda. Sababi xalqaro huquqda “Markaziy Osiyo” atamasi Sovet Ittifoqi parchalangan davr — XX asrning 90-yillaridan boshlab qo‘llanilgan. “Turkistonda jadidchilik” kitobida Rossiya imperiyasi va Sovet Ittifoqi davrida jadidlar faoliyati tahlil qilingani uchun tarjimon “O‘rta Osiyo” atamasini ishlatishni to‘g‘ri deb hisoblagan.
Kitob muqaddima, sakkiz bob va xotimadan iborat.
“XIX asrda ma’rifat va jamiyat” deb nomlangan birinchi bobda O‘rta Osiyo mintaqasi davlatlarining Rossiya imperiyasiga mustamlaka bo‘lishi sabablari siyosiy-ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy jihatdan asoslab berilgan. Muallif: “Rus istilosiga qadar O‘rta Osiyoda kuzatilgan texnikaviy taraqqiyotning past darajasi jahon iqtisodiyotidan mahdudlashuvning yaqqol misolidir”, — deya fikr bildirgan (61-bet).
“Kolonial jamiyat barposi” nomli ikkinchi bobda O‘rta Osiyoning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi tarixiy manbalar asosida izchil tahlil qilingan. Shuningdek, Chor Rossiyasi bosqinidan keyingi ijtimoiy o‘zgarishlar, shaharsozlik, madaniy va diniy islohotlar, mustamlakachilar zulmiga qarshi isyonlarning kelib chiqish sabablari atroflicha yoritilgan.
Kitobning uchinchi bobi “Jadidchilik sarchashmasi”, to‘rtinchi bobi “Pand-nasihatlar siyosati”, beshinchi bobi “Ta’lim — xalos” deb nomlangan. Ushbu boblarda Turkistonda jadidchilikning tamal toshi Mahmudxo‘ja Behbudiy va Ismoilbey G‘aspirali tomonidan qo‘yilgani, jadidlarning asosiy maqsadi — ilm-ma’rifat orqali xalq ongini yuksaltirish, O‘rta Osiyo xalqlarini dunyoning eng ilg‘or jamiyatlari qatoriga qo‘shish bo‘lgani ta’kidlangan. Jadidlar nashr etgan gazeta va kitoblar batafsil tahlil qilingan. Ularning faoliyatida pand-nasihat orqali kishilarga ta’sir ko‘rsatish ustuvor bo‘lgani qayd etilgan. Yangi usul maktablari, jadid darsliklari va o‘quv qo‘llanmalari haqida mushohada yuritilgan.
Jadidlarning millat to‘g‘risidagi mulohazalari, millatni birlikka va ogohlikka da’vat etish borasida amalga oshirgan sa’y-harakatlari, jamiyatdagi turli guruhlar o‘rtasida vujudga kelgan tarqoqlikning tub mohiyati va pirovardida O‘rta Osiyo xalqlarining Sovet Ittifoqi tarkibiga kiritilishi bilan bog‘liq keskin voqea-hodisalar kitobning “Millat tasavvuri” nomli oltinchi hamda “Millatga yetakchilik” nomli yettinchi bobida tahlil qilingan.
“1917: Tugunlar yechilajak zamon” deb nomlangan sakkizinchi bobda 1917-yilning fevral va oktyabr oylarida ro‘y bergan ikki inqilobning O‘rta Osiyodagi jadidchilik istiqbollariga ta’siri yoritilgan. Bu davrdagi ijtimoiy tartibsizliklar, siyosiy beqarorlik, jadidlarning pand-nasihatdan siyosiy-amaliy faoliyatga o‘tishi, Qo‘qon Muxtoriyatining tashkil etilishi va parchalanishi, Buxoro va Xivadagi qo‘zg‘olonlar asl manbalarga tayangan holda tadqiq etilgan.
Kitobning “Xotima” qismida esa “sovetlar O‘rta Osiyosi” tahlil qilinib, 1938-yilda jadid arboblarining ommaviy qatl qilinishi bilan mintaqada jadidchilik harakati ham tugatilgani ta’kidlangan.
Ushbu ilmiy kitob bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega:
birinchidan, amerikalik muallif tomonidan O‘rta Osiyodagi jadidchilik harakati sovet yoki mintaqa davlatlarining bugungi milliy mafkuralaridan xoli tarzda, obyektiv yoritilgan;
ikkinchidan, kitobda o‘zbek, fors, rus tilidagi manbalar bilan bir qatorda, ingliz va turk tilidagi adabiyotlar, G‘arb davlatlarida jadidlar bo‘yicha amalga oshirilgan tadqiqotlar natijalaridan mohirona foydalanilgan;
uchinchidan, muallif O‘rta Osiyo davlatlariga Rossiya imperiyasiga qarshi kurashishda o‘sha davrdagi qudratli imperiyalar Angliya yoki Usmonli turklar imperiyasi nima sababdan ko‘mak bermaganini G‘arb manbalari asosida izohlagan va o‘zbek tarixshunoslari uchun yangilik bo‘lgan nuqtayi nazarlarni ham bayon etgan;
to‘rtinchidan, muallif mazkur tadqiqotni uzoq yillar davomida amalga oshirgani, tadqiqot doirasida MDH va Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistonga ham kelib, yashab, manbalar bilan ishlagani asarning mag‘zi to‘q bo‘lishiga xizmat qilgan;
beshinchidan, kitobning aksariyat boblarida jadidlardan olingan iqtiboslar epigraf sifatida keltirilgani ilmiy matnni badiiylik bo‘yoqlari bilan bezagan va asarning ta’sirchanligini oshirgan.
Shu bilan birga, kitobda jadidlarning davlat va huquq, Konstitutsiya va davlat tuzilishi haqidagi qarashlari deyarli o‘rganilmagani, mazkur yo‘nalish muallif e’tiboridan chetda qolganini kitobning bir kamchiligi deyish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Adib Xolidning “Turkistonda jadidchilik” kitobi jadidlar faoliyatiga doir tarix haqiqatining yangi qirralarini ko‘rsatgani bilan ham ahamiyatli. Kitob mamlakatimizda insonparvar va demokratik islohotlar faol amalga oshirilayotgan bugungi sharoitda ikki hissa foydali deb o‘ylayman. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Jadidlarning g‘oya va dasturlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg‘un va hamohangdir”.
Akmal SAIDOV,
akademik.
«Hurriyat» gazetasining 2025-yil 29-noyabr kungi 45 (1471)-soni
Ўзбекча
English
Русский