KONSTITUTSIYA – INSON SHA’NI, QADR-QIMMATI VA HUQUQLARINING MUSTAHKAM KAFOLATI

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabrda Oliy Kengashning o‘n ikkinchi chaqiriq o‘n birinchi sessiyasida qabul qilingan. Shu sanadan e’tiboran, O‘zbekistonda 8-dekabr umumxalq bayrami sifatida nishonlanadi.

2023-yil 30-aprel kuni umumxalq ovoz berish yo‘li bilan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan bo‘lsa ham, 8-dekabr – Konstitutsiya kuni sifatida saqlab qolindi.

O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilgan sanadan e’tiboran dunyo sahnida yangi, suveren davlat qaror topgan bo‘lsa, Konstitutsiya qabul qilinishi barobarida mustaqillikning mustahkam huquqiy tamal toshi o‘rnatilgan.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi yaratilishi jarayonida qaysidir davlatdan ko‘r-ko‘rona ko‘chirib olinmaganini ham inobatga olish kerak. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiya esa eng taraqqiy etgan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayanib, shuningdek, milliylik hisobga olingan holda xalqimiz tomonidan yaratilgan, desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi.

Dunyo mamlakatlari Konstitutsiyalarida insonning 110 dan ortiq huquqi qayd etilgan. Hozirgi kunda shu huquqlardan 90 tasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topgan.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023-yil 1-maydan e’tiboran kuchga kirdi. Bunga o‘sha yili 30-aprel kuni 11 ta moddadan iborat tegishli qonunning qabul qilinishi asos bo‘ldi. Bu qonunning 1-moddasiga Konstitutsiyaning yangi tahriri ilova qilingan.

1992-yilda qabul qilingan Konstitutsiyaga jami 15 marta o‘zgartish kiritilgan edi. Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan ishlab chiqilgan o‘zgarishlar hajmi va normalar soni ko‘pligi sababli hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Ya’ni Bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Umuman olganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya oldingisiga qaraganda 65 foizga yangilangan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga eng muhim 10 ta yo‘nalishda o‘zgartirishlar kiritilgani e’tiborga molik.

Xususan, O‘zbekistonda 2022 yildan e’tiboran qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish boshlangan bo‘lib, yangi Konstitutsiya loyihasining dastlabki shaklida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni xususiylashtirish mumkin emasligi haqida norma kiritilgan edi. Muhokamalardan so‘ng esa bunday cheklov olib tashlandi va yerni xususiylashtirishga oid norma quyidagi shaklda tayyorlandi: “Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni ta’minlovchi shartlar asosida va tartibida xususiy mulk bo‘lishi mumkin” (68-modda).

Konstitutsiyaning 10-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin. Jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.

Shuningdek, 11-moddada belgilanganidek, davlat hokimiyati tizimi – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslangan. Oliy Majlis qonun chiqaruvchi vakillik organi sifatida qonunlarni qabul qiladi, Vazirlar Mahkamasi boshchiligidagi ijroiya hokimiyati ularning ijrosini ta’minlaydi, sudlar esa odil sudlov organlari sifatida nizolarni qonun asosida hal qiladi. Ushbu organlarning har biri muayyan doiradagi vakolatlarga ega.

“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili – o‘zbek tilidir”, – mazkur qoida 4-moddada qayd etilgan. Respublika hududida istiqomat qiluvchi barcha millat hamda elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishi ta’minlanadi, ularning rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratiladi.

Mamlakatda barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega. Davlat o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarining huquqiy himoyasini ta’minlaydi.

Konstitutsiya, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining o‘z vatanida erkin harakatlanishlari, istagan joylariga ko‘chib borib, yashash huquqlarini ham kafolatlaydi.

Asosiy qonunda har kim erkinlik hamda shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekani ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jinoyatda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda ko‘rib chiqilmaguncha qiynoqqa solinishi, unga nisbatan zo‘ravonlik, shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi harakatlar olib borilishi mumkin emas.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – mustaqil davlatimizning huquqiy asosi, biz – fuqarolarning barcha huquqlarimiz qonun himoyasida bo‘lishining mustahkam kafolatidir.

        

 

 

Dilshod TURG‘UNOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash

bo‘limi yetakchi mutaxassisi

Powered by GSpeech