O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquq va erkinliklarining kafolatlari

“Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!”

 

Konstitutsiyamizning qabul qilinishi xalqimiz hayotida nihoyatda muhim tarixiy burilish bo‘ldi. Mustaqillik qo‘lga kiritilgach, mamlakat taraqqiyotida yuz bergan barcha ijobiy o‘zgarishlar, yangilanish va muvaffaqiyatlarning asosida aynan davlatimizning Bosh qomusi, ya’ni Konstitutsiya turadi.

Istiqlol yillarida xalqimiz Vatan ravnaqi uchun sidqidildan mehnat qilib, ilm-fan va ijod orqali taraqqiyot yo‘lidan dadil odimlab kelmoqda. Ishonch bilan aytish mumkinki, bugungi yutuqlarimizning poydevori bo‘lib xizmat qilayotgan Konstitutsiyamiz nafaqat ma’naviy erkinligimizning ishonchli kafolati, balki davlatimiz rivojining tayanch hujjati, kelajagimizni belgilab beruvchi mustahkam asosdir.

2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan umumxalq referendumi natijasida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi va 2023-yil 1-maydan kuchga kirdi. Muhimi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning normalari, boshqa qonunlar yoki normativ-huquqiy hujjatlar mavjudligidan qat’i nazar, bevosita amal qilishi qat’iy belgilab qo‘yilgani milliy huquqiy tizimning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida amalga oshirilayotgan yangilanishlar nafaqat siyosiy boshqaruv tizimini modernizatsiya qilishni, balki mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini ham tubdan jadallashtirishni ko‘zda tutadi. Biroq, ushbu o‘sish jarayonlarining adolatli, oshkora, hisobdor va shaffof kechishi avvalo inson huquqlari va erkinliklarining qay darajada ta’minlanganiga bevosita bog‘liqdir. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekistonda davlat siyosatining markazida inson qadri, uning manfaatlari va sha’ni ustuvor o‘rinda turadi. Bu g‘oya yangi taraqqiyot strategiyasining asosiy bosh tamoyiliga aylangan.

Shu nuqtayi nazardan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi mamlakatning huquqiy tizimida tub burilish yasadi. Asosiy Qonunga kiritilgan o‘zgartishlar inson huquq va erkinliklarini tan olish bilangina cheklanmay, balki ularga rioya etish, ularni amalga oshirish va samarali himoya qilishning aniq konstitutsiyaviy kafolat va mexanizmlarini yaratib berdi.

Asosiy Qonunda “inson – jamiyat – davlat” tamoyilining konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yilgani, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirilgan normalar kiritilgani, shuningdek, ijtimoiy davlat konsepsiyasining mustahkamligi barcha fuqarolarning munosib hayot darajasi, teng imkoniyatlar va ijtimoiy adolat tamoyillarini qonuniy darajada ta’minlashga xizmat qilmoqda. Natijada Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari masalasi tom ma’noda davlat faoliyatining amaliy yo‘nalishiga aylandi.

Konstitutsiyaviy islohotlar insonning qadr-qimmati, sha’ni va huquqlarini eng oliy qadriyat sifatida belgilab, davlat organlarining mas’uliyati, javobgarligi va fuqarolar oldidagi hisobdorligini kuchaytirishga qaratildi. Shuning uchun bugungi islohotlar mohiyatidan kelib chiqadigan xulosa bitta – Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot modeli inson huquqlari kafolatlarining mustahkamligiga tayanadi va aynan shu asos ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikning hal qiluvchi omiliga aylanmoqda.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining Ikkinchi bo‘limi inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari haqida bo‘lib, bevosita inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Ma’lumki, “fuqarolarining asosiy huquqlari va erkinliklari”, deganda davlat tomonidan belgilab qo‘yilgan hamda Konstitutsiyada mustahkamlangan imkoniyatlar tushuniladi.

Bu imkoniyatlar har bir fuqaroga o‘z xatti-harakatini mustaqil tanlash, shaxsiy hayotida yoki jamiyat ishlarida faol ishtirok etish huquqini beradi. Konstitutsiyada ko‘rsatilgan ayrim imkoniyatlar “huquq”, boshqalari esa “erkinlik” sifatida ifodalanadi.

Masalan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya 42-moddasida har bir insonga mehnat qilish, kasbini erkin tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash hamda qonunda belgilangan tartibda ishsizlikdan himoya qilinish huquqi kafolatlangan. Bu huquq, bir tomondan, fuqaroning mehnat qilish huquqiga egaligini bildirsa, boshqa tomondan, kasbni erkin tanlash va adolatli mehnat sharoitida ishlash erkinligidan foydalanishini anglatadi.

 Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson va fuqaro huquqlarini kafolatlaydigan tizim kengaytirildi. Endi har bir shaxs o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha vositalar orqali himoya qilish huquqiga ega. Bundan tashqari, 55-moddaga ko‘ra, agar shaxs davlat ichida mavjud barcha huquqiy himoya vositalaridan foydalanib bo‘lgan bo‘lsa, u xalqaro tashkilotlarga ham murojaat qilish huquqiga ega. Bu bilan fuqaro huquqlarining xalqaro darajada ham himoyalanishi ta’minlanmoqda.

Konstitutsiya normalarining amalda to‘liq ishlashini ta’minlash maqsadida Prezidentimiz tomonidan 2023-yil 8-mayda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi. Ushbu Farmonda, ayniqsa, inson huquqlariga oid konstitutsiyaviy normalarni amalga oshirish uchun kuchli mexanizmlar va aniq tadbirlar belgilab berilgani e’tiborga loyiq.

Konstitutsiyada nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarish uchun iqtisodiy sharoitlar yaratishga qaratilgan ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Bu o‘zgarishlar O‘zbekistonning “ijtimoiy davlat” sifatidagi tamoyillariga to‘liq mos keladi va aholining turmush sifati, ijtimoiy himoyasi hamda huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Muxtasar aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi fuqarolarga turli huquq va erkinliklarni beribgina qolmay, ularni amalda ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy, siyosiy va huquqiy kafolatlarni ham yaratib beradi.

 

Sevinch JAMSHIDOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi kichik mutaxassisi

Powered by GSpeech