ARAB TILI – JAHON SIVILIZATSIYASI KO‘PRIGI
18-dekabr – Butunjahon arab tili kuni
1973-yil 18-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi arab tilini tashkilotning rasmiy tili deb e’lon qildi. Shundan boshlab hozirga qadar ingliz, fransuz, ispan, rus va xitoy tili bilan bir qatorda arab tili ham BMTning rasmiy tili maqomida xalqaro munosabatlarda faol qo‘llanilmoqda.
BMT rezolyutsiyasiga asosan, 2012-yildan e’tiboran 18-dekabr – Butunjahon arab tili kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda arab tilini 400 milliondan ortiq kishi o‘z ona tili deb biladi. 1,5 milliarddan ziyod inson esa ushbu tilni islom dini va madaniyati orqali turli darajada o‘rgangan.
Islom dinining muqaddas kitobi – Qur’oni karim ham aynan arab tilida nozil qilingani bu tilga bo‘lgan cheksiz ehtirom ifodasidir. Shuningdek, hadisi shariflar va hikmatlar arab tilida yozilib, asrlar osha insoniyat ma’naviyatini shakllantirishga katta hissa qo‘shib kelmoqda.
IX – XII asrlarda sodir bo‘lgan Sharq Renessansi davrida Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasidan falsafa, matematika, astronomiya, tibbiyot, adabiyot kabi ko‘plab sohalar rivojiga katta hissa qo‘shgan olimlar yetishib chiqdi. Ushbu davrda yashab, faoliyat yuritgan Abu Ali ibn Sino, Muhammad al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy kabi buyuk ajdodlarimiz o‘z ilmiy-adabiy asarlarining ko‘pchiligini arab tilida yozganlar. Bu asarlar lotin tiliga tarjima qilingan va o‘sha davrda Yevropada mashhur bo‘lgan. Keyinchalik ingliz, fransuz, ispan, portugal, nemis va boshqa tillarga ham o‘girilgan. Sharq mutafakkirlarining boy ilmiy merosi Yevropa Renessansiga ilmiy zamin yaratgan. Masalan, Al-Xorazmiyning “Al-jabr” asari Yevropada shakllangan algebra fanining asosi bo‘lsa, Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobi 500-yildan ortiq vaqt davomida Yevropa tibbiyot dorilfununlarida asosiy darslik sifatida o‘qitilgan.
Boy tarixga ega arab tili bugungi kunda xalqaro munosabatlar rivojiga ham katta hissa qo‘shmoqda. U BMTdan tashqari Islom hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi kabi yirik xalqaro tashkilotlarda rasmiy til maqomiga ega. Shuningdek, dunyoning 20 dan ortiq davlatida arab tili davlat tili ekani ham uning siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy ahamiyatidan dalolat beradi.
Har yili 18-dekabr – Butunjahon arab tili kunida dunyoning deyarli barcha davlatlarida arab tilining tarixi va bugungi kundagi ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Jumladan, O‘zbekistonda ham ushbu xalqaro sana keng nishonlanadi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti kabi oliy o‘quv yurtlarida, Hadis ilmi maktabi va boshqa ta’lim muassasalarida shu kuni bir qator davra suhbatlari, konferensiya va ko‘rgazmalar tashkil etilishi an’anaga aylangan.
Butunjahon arab tili kuni bizni turli madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ko‘priklarni mustahkamlashga undaydi. Arab tili faqat so‘zlar to‘plami emas, balki butun bir olam, madaniyat va qadriyatlar tizimidir. U orqali biz nafaqat muloqot qilamiz, balki o‘z tariximiz va dunyo ilmidagi o‘rnimizni yanada teranroq anglaymiz.
Xalqaro arab tili kuni barchamizni tillarni o‘rganishga, turli madaniyatlar bilan tanishishga va bu orqali kengroq dunyoqarashga ega bo‘lishga chorlaydi. Zero, yozuvchi, adabiyotshunos va madaniyatshunos olim Jorj Stayner ta’kidlaganidek: “Har bir til – bu yangi bir olam. Tilni o‘rganish bilan biz faqat so‘zlarni emas, balki xalqning tafakkuri, tarixi va madaniyatini ham kashf etamiz”.
Gulchehra BEGMATOVA,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali katta muharriri
Ўзбекча
English
Русский