TARIXIY MUROJAATNOMA

“Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi. Ammo millati, tili va dinidan qat’i nazar, butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”.

Bu asosli e’tirof O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabr kuni taqdim etilgan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida yangradi.

 

O‘zbekiston Prezidenti – Yangi O‘zbekiston parlamentining

me’mori

 

Keyingi to‘qqiz yilda jamiyatimiz va davlatimiz Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Mamlakatimiz hayotining barcha sohalari qatori milliy parlament tizimida ulkan islohotlar amalga oshirildi.

Bu haqda fikr yuritganda, albatta, o‘tgan to‘qqiz yil ichida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati dunyo parlamentlariga xos barcha ijobiy xususiyatlarni o‘zida qamrab olganligini alohida ta’kidlash lozim. Prezidentning parlamentga Murojaatnoma taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani ushbu fikrimizni tasdiqlaydigan yorqin misoldir.

Dunyo tajribasi aksariyat taraqqiy topgan mamlakatlarda davlat boshlig‘ining milliy parlament a’zolari huzurida eng asosiy dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy masalalar hamda jamiyatni demokratik rivojlantirish bo‘yicha Murojaatnoma bilan chiqish amaliyoti mavjud ekanini ko‘rsatadi.

Davlat boshlig‘ining parlamentga Murojaatnomasi – dasturiy siyosiy-huquqiy hujjat bo‘lib:

birinchidan, Murojaatnomada Prezidentning mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yo‘nalishlar bo‘yicha nuqtayi nazari bayon qilinadi;

ikkinchidan, Murojaatnoma siyosiy, iqtisodiy, g‘oyaviy-mafkuraviy qoidalar bilan bir qatorda, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatiga taalluqli aniq takliflarni ham o‘zida aks ettiradi;

uchinchidan, Murojaatnoma jahon konstitutsiyaviy amaliyotida hokimiyat vakolatlari bo‘linishi prinsipini ta’minlashga qaratilgan muhim huquqiy institutdir.

 

Yanada e’tiborli jihati shundaki, boshqa mamlakatlarda davlat rahbarining asosan parlamentga Murojaatnoma taqdim etish tajribasi kuzatiladi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda 2017-yildan boshlab ana shu yangicha siyosiy-huquqiy amaliyot yanada demokratik yondashuvlar bilan boyitilib, Prezidentning parlamentga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnoma taqdim etish tajribasi amaliyotga tatbiq etildi.

Yangi O‘zbekiston hayotidagi ushbu ilg‘or siyosiy-huquqiy an’ananing bir qator ijobiy jihatlari bor. Jumladan, Prezidentimiz Murojaatnomalarini nafaqat parlament a’zolari, balki keng jamoatchilikka havola qilib kelmoqda.

Bu gal ham Murojaatnoma taqdimotida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolaridan tashqari, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlari deputatlari, sud tizimi rahbarlari, Hukumat a’zolari, davlat tashkilotlari, idora va muassasalar rahbarlari, ilmiy va ishbilarmonlik doiralari namoyandalari, fuqarolik jamiyati faollari, diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari – qariyb 10 ming nafar ishtirokchi oflayn va onlayn tarzda ishtirok etdi.

Agar ushbu muhim siyosiy-huquqiy tadbir har gal televideniye va Internet kanallari orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyish etilayotganini e’tiborga olsak, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomalari butun O‘zbekiston xalqiga bevosita murojaat sifatida yanada ahamiyatli ekaniga shubha yo‘q.

Ushbu ibratli an’ana yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Asosiy Qonunimizning 109-moddasiga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega”.

Davlatimiz rahbari mazkur konstitutsiyaviy norma talablariga rioya qilgan holda, so‘nggi to‘qqiz yilda parlamentimiz va xalqimizga oltinchi bor Murojaatnoma bilan chiqdi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidenti Konstitutsiyada muhrlangan huquq va erkinliklarimiz kafili sifatida Konstitutsiyaga qat’iy amal qilish borasida barchamizga o‘rnak va namuna bo‘lib kelayotganligidan yaqqol dalolatdir.

Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh Qomusimizning 109-moddasida belgilanganidek, “fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining, O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafilidir”.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 11-moddasida belgilab qo‘yilgan davlat hokimiyati tizimidagi uch tarmoq – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini nechog‘lik muvaffaqiyat bilan ta’minlab kelayotganligi tahsinga sazovor.

O‘tgan davrda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan, mas’uliyati bir necha karra ortgan yangi xalq vakilligi tizimi shakllantirildi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Bugungi kunda Oliy Majlisimiz eng kuchli parlamentlarga xos bo‘lgan barcha nazorat vakolatlariga ega”.

Bunga amaliy bir misol. Xususan, 2023-yildan buyon tashqi qarz miqdorini parlamentimiz belgilab kelmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidentining yangi tashabbusi bilan endi davlat kafolati ostida tashqi qarz olish masalasini ma’qullash ham parlament vakolatiga o‘tkazilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Yangi O‘zbekiston parlamenti – tom ma’noda “Xalq uyi”ga aylanib bormoqda. Deputatlar va senatorlar bilan muhokama qilingan barcha tashabbus  va rejalar, sessiyalarda ilgari surilgan g‘oya, maqsad va vazifalar, mohiyat e’tiboriga ko‘ra, nafaqat qonunlarga kiritilmoqda, ayni chog‘da, Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomalarida ham o‘z  aksini topmoqda.

 

Oltinchi Murojaatnomaning asosiy xususiyatlari

 

Prezident Murojaatnomalari siyosiy va huquqiy jihatdan nihoyatda katta ahamiyatga molik bo‘lib, mohiyatan yondashganda, O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining barcha tarmoqlariga qaratilgan dasturiy hujjat hisoblanadi. Murojaatnomalar parlamentimiz o‘z faoliyatini Yangi O‘zbekistonga mos ravishda tashkillashtirishi, xalq farovonligini oshirish, jamiyat va davlatni uzoq muddatlarda, jumladan global iqtisodiy inqiroz davrida ham barqaror rivojlanishini ta’minlash borasidagi vazifalarni bajarishda faol bo‘lishini talab etadi.

Shu o‘rinda Prezident Murojaatnomalari – bir yillik Davlat dasturidan farq qilgan holda, yaqin va uzoq muddatga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar hamda eng muhim vazifalarni qamrab olishini e’tirof etish farzu qarz. Xususan, Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga oltinchi Murojaatnomasi jamiyat va davlatni taraqqiy ettirishning yaqin besh yillik strategik hujjatidir.

Ayniqsa, oltinchi Murojaatnoma bu borada orttirilgan milliy tajriba va ko‘p yillik xorijiy amaliyotdan tubdan farq qiladi. Yangi Murojaatnoma o‘zining muayyan xususiyatlariga ko‘ra g‘oyat tarixiy ahamiyatga ega.

Birinchi xususiyati – Murojaatnomada so‘nggi to‘qqiz yilda jamiyatimiz va davlatimiz bosib o‘tgan katta taraqqiyot yo‘li teran hamda xolis tahlil qilindi.

Ikkinchi xususiyati – 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat istiqbol dasturi taqdim etildi.

Uchinchi xususiyati – “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish tashabbusi ilgari surildi.

To‘rtinchi xususiyati – 2026-yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilindi.

Boshqacha aytganda, keyingi to‘qqiz yildagi Yangi O‘zbekiston tajribasi sifatida davlat boshlig‘ining parlamentga va xalqimizga Murojaatnomasi – tom ma’noda hayotiy dastur, xalqimizga har tomonlama manfaati tegadigan salmoqli siyosiy-huquqiy hujjat ekanligi yana bir bor o‘z isbotini topdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnoma taqdim etish amaliyoti, ta’bir joiz bo‘lsa, bu boradagi eng ilg‘or xorijiy tajribalarga nafaqat mos va mutanosib siyosiy-huquqiy tadbir, balki aksar o‘rinlarda hatto namuna bo‘ladigan yaxshi an’anaga aylandi, deyishga barcha asoslarimiz bor.

 

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi: tahlil va tashabbus

 

So‘nggi to‘qqiz yilda xalqimiz va yurtimiz taraqqiyot pillapoyalari bo‘ylab izchil yuksaldi. Milliy iqtisodiyot qayta shakllandi, qonun ustuvorligi ta’minlanmoqda. Ijtimoiy, ma’rifiy va huquqiy sohalar muttasil rivojlanmoqda. Asosiysi, shiddatli va qamrovdor islohotlar hayotimizning barcha sohalarida o‘z samaralarini bermoqda.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni o‘rgandik. Buning tasdig‘ini tobora yangicha qiyofa kasb etib borayotgan shahar va qishloqlarimizda, zamonaviy korxonalar, savdo-servis maskanlari, maktab, bog‘cha va shifoxonalar, obod ko‘cha va mahallalar, transport-logistika tizimi, raqamli xizmatlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin”.

Haqiqatan ham, Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini tiklashga qat’iy bel bog‘laganimizdan buyon qurilish sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanch tarmoqlaridan biriga aylandi. Eng asosiysi, barcha sohalar qatori qurilish tarmog‘idagi ulkan ishlarimiz ham inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlashga qaratilmoqda.

Vatanimiz bo‘ylab muhtasham va fusunkor, shinam va har tomonlama qulay uylar, bino va inshootlar qurish borasida aql bovar qilmaydigan tezkorlik bilan g‘oyat ulkan ko‘lamlardagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Xalqimizning ko‘z o‘ngida qad rostlayotgan zamonaviy turar-joylar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish majmualari, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l va transport tarmoqlari, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport muassasalari, bog‘ va xiyobonlar obod shahar va qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi.

Ayniqsa, izchil oshib borayotgan investitsiyaviy jozibadorlik tufayli poytaxtimizda bunyodkorlik sur’ati yanada jadallashdi. Ko‘p qavatli uy-joylar, mehmonxonalar, biznes markazlari, madaniyat va sport majmualari shahar imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Yangi Toshkent qurilishi ham boshlanib, ikkisi zamonaviy megapolisga aylanmoqda. Poytaxtimizda ham avtobus, ham metropoliten yo‘nalishlari izchil kengaytirib borilmoqda.

Yurtimiz aholisi farovonligi va turmush madaniyatini oshirish maqsadida shahar va tumanlarda – “siti”lar, qishloq joylarda esa “Yangi O‘zbekiston” massivlari ilg‘or shaharsozlik yechimlari asosida qurilmoqda. Yangicha maskanlardagi inshootlar nafaqat zamonaviy arxitekturasi, balki aholi uchun yaratilgan infratuzilmaning qulayligi bilan ham ajralib turadi. Infratuzilma inshootlariga quyosh panellari va geliokollektorlar o‘rnatilmoqda. Bu, o‘z navbatida, energiya tejamkorligi va uzluksizligi, ekologik xavfsizlikni ta’minlashda muhim omildir.

Keyingi yillarda mamlakatimiz energetika tizimiga 35 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi va 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirildi. Natijada elektr ishlab chiqarish hajmi 2017-yildagi 60 milliard kilovatt-soatdan joriy yilda 85 milliard kilovatt-soatga yetdi. Bunda qariyb 5 ming megavattli quyosh va shamol, 400 megavattli gidroelektr stansiyalari ishga tushirilgani alohida e’tiborga sazovor. Chunki toza energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi sezilarli kamayib, atmosferaga zararli moddalar chiqishining oldi olinmoqda.

Yakuniga yetayotgan 2025-yilda, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq qiyinchiliklarga qaramasdan, agrar sektor rivojida tub burilish yasashga muvaffaq bo‘lindi. Paxta, g‘alla va meva-sabzavot yetishtirish bo‘yicha yangi navlarni ekish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga yuqori hosildorlikka erishildi. Mirishkor fermerlarimiz paxtachilikda hosildorlikni o‘rtacha 50- 60 sentnerdan, ularning 1,5 ming nafari esa 70 sentnerdan oshirgan bo‘lsa, g‘allachilikda 3,5 mingdan ortiq tajribali fermer o‘rtacha 100 sentnerdan hosil olgani, hech shubhasiz, ushbu tarmoqlar rivojida yangi davr boshlanayotganidan dalolat beradi.

O‘z navbatida, birgina shu yilning o‘zida meva-sabzavot yetkazib berilgan davlatlar soni 18 taga ko‘payib, 83 taga yetgani qishloq xo‘jaligida eksport salohiyati ham ortib borayotganini ko‘rsatib turibdi. E’tiborlisi, o‘z brendiga asos solib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratayotgan tadbirkorlar doimo qo‘llab-quvvatlanmoqda, chunki ular qo‘shimcha qiymat yaratib, minglab odamlarni doimiy daromadga ega qilmoqda. Shu ma’noda, Prezidentimizning: “Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamasdan Yangi O‘zbekistonni barpo qila olmaymiz”, degan so‘zlari mutlaqo asoslidir.

Milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, mustahkam huquqiy tizim va ochiq jamiyat barpo etish yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlar samaralari, bir tomondan, xalqimiz uchun munosib turmush darajasini ta’minlash borasidagi imkoniyatlarimizni yanada mustahkamlayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bu yo‘ldagi ulkan yutuqlarimiz dunyo jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda e’tirof etilmoqda.

Prezidentimiz Murojaatnomasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish tashabbusini ilgari surar ekan, ushbu amaliy taklifni har tomonlama chuqur tahlil va qat’iy isbot qilib bergani juda muhim. Aslida ham, davlatimiz rahbari so‘zlari bilan aytganda, bundan ikki yil oldin ushbu strategiyani qabul qilinganimizda yalpi ichki mahsulot hajmini 2030 yilgacha 160 milliard dollarga yetkazish belgilab olingandi.

Shu qisqa davrda yurtimizda amalga oshirilgan shiddatli yangilanishlar, bunyodkor xalqimizning yaratuvchanlik mehnati evaziga turli sohalarda ko‘plab salmoqli natijalar qo‘lga kiritildi. Binobarin, mavjud salohiyatimiz, bugungi islohotlarimiz, tadbirkorlarimizning faolligi, xorijiy sheriklarimiz bilan hamkorligimiz o‘sib borayotgani hisobiga bu marraga 2026 yilning o‘zida bemalol erisha olishimiz ayon bo‘lib turibdi.

 

Korrupsiyaga qarshi qat’iy kurash e’lon qilindi

 

Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashda keskin va qat’iy pozitsiyani e’lon qildi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, 2026-yil korrupsiyaga qarshi kurashda “favqulodda holat” yili sifatida belgilanadi.

“Takror va takror aytaman: korrupsiya — davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish — islohotlarga xiyonatdir”, dedi Prezidentimiz.

Har yili dunyo bo‘ylab korrupsiya sababli taxminan 2,6 trillion dollar pul o‘g‘irlanadi. Bu butun dunyo yalpi ichki mahsulotining 5 foizidan ortig‘iga tengdir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturiga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlar korrupsiya oqibatida rasmiy rivojlanish dasturlari orqali olgan yordamdan ko‘ra  o‘n baravar ko‘proq pul yo‘qotadilar.

Korrupsiyaga qarshi kurash haqida so‘z borganda, shubhasiz, dunyo hamjamiyatining ushbu sohadagi “Bosh qomusi” bo‘lgan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi eslanadi. Meksikaning Merida shahrida 2003-yil 9-dekabrda bo‘lib o‘tgan konferensiyada imzolash uchun ochiq deb e’lon qilingan Korrupsiyaga qarshi konvensiyaga bugungi kunga qadar dunyoning 192 ta davlati qo‘shilgan. O‘z navbatida, 2004-yildan boshlab 9-dekabr – xalqaro jamoatchilik tomonidan Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurash kuni sifatida nishonlab kelinmoqda.

BMT Konvensiyasi korrupsiyani mahalliy muammodan transmilliy xavfsizlik masalasiga aylantirdi va ishtirokchi davlatlardan faqat jinoyatchilarni jazolashni emas, balki korrupsiyadan holi bo‘lgan adolatli tizim yaratishni talab qilmoqda. Binobarin, Konvensiya ishtirokchisi sifatida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurash sohasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda davlat boshqaruvida byurokratiyani qisqartirish, davlat organlari faoliyatini raqamlashtirish orqali korrupsiyaga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek, davlat xizmatlarini soddalashtirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda. Aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa, 11 milliondan oshdi. Ushbu choralarning barchasi yurtimizda maishiy korrupsiya darajasining sezilarli darajada pasayishiga sabab bo‘ldi.

Korrupsiya darajasini baholash bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning reyting natijalari ham O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini ko‘rsatmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ijobiy ishlar bilan bir qatorda, ushbu sohada to‘liq foydalanilmayotgan imkoniyatlar va e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar ham mavjud.

Shu nuqtayi nazardan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Murojaatnomasida, jumladan, 2026-yildan e’tiboran:

  • barcha davlat idoralarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat uchun mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etilishi;

  • Hisob palatasi vakillari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinishi va mansab suiiste’molchiligiga qarshi ta’sirchan nazorat o‘rnatilishi;

  • Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati 1-yanvardan barcha davlat idoralarida ayni tizimni ishga tushirib, har bir holat yuzasidan Prezidentga bevosita axborot kiritib borishi belgilangani juda muhim.

Yanada muhimi, qonun oldida hamma tengdir. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Lavozimim bor, menga hech kim tegmaydi”, deganlar qattiq adashadi. Hech bir idora, hech bir tashkilot, hech bir mansabdor nazoratdan chetda qolmaydi. Komplayens xizmatining ishiga to‘sqinlik qilish — korrupsiyaga sheriklik sifatida baholanadi.

 

Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi

 

Yangi O‘zbekistonni barpo etishda jamiyatimiz va davlatimiz “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan insonparvar g‘oyaga amal qilmoqda. Mahalla – jamiyatning yuzi. Mamlakatimizdagi barcha o‘zgarishlar, avvalo, shu yerda o‘z ifodasini topadi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan shunday tizim yaratildiki, ilgari jiddiy deb hisoblagan ko‘plab masalalarga yechim endilikda aynan mahallaning o‘zida topilyapti.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda 2026-yil – “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilingani bejiz emas. Zero, davlatimiz rahbari ishonch bilan qayd etganidek, “mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi”.

Davlatimiz rahbari kirib kelayotgan 2026-yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘lishini ta’kidladi. Shu asnoda Murojaatnomada 2026 yili amalga oshiriladigan quyidagi eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat dastur taqdim etildi:

birinchi ustuvor yo‘nalish – mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish;

ikkinchi ustuvor yo‘nalish – iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish;

uchinchi ustuvor yo‘nalish – ichki bozorda talabni rag‘batlantirish;

to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish – kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish;

beshinchi ustuvor yo‘nalish – ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish;

oltinchi ustuvor yo‘nalish – zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni davom ettirishdan iborat.

Davlatimiz rahbari kelgusi yilda ma’naviyat sohasini yanada rivojlantirish, ijtimoiy-madaniy hayotimizdagi muhim sanalarni keng nishonlash masalalariga ham to‘xtaldi. Jumladan, 2026-yilda Vatanimiz mustaqilligining shonli 35 yilligi katta bayram qilinadi. Shuningdek, Sohibqiron Amir Temur, Mir Alisher Navoiy bobolarimizning qutlug‘ tavallud ayyomlarini nishonlaymiz.

Xulosa qilib aytganda, jonajon Vatanimiz bugun yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, ma’naviy munosabatlar asosida yashab, mehnat qilayotgan, mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar diyoriga aylanmoqda. Prezidentimiz faxru iftixor bilan e’tirof etganlaridek, “Biz – bugun 38 milliondan ziyod katta xalqmiz. Mashaqqatli va sharafli mehnatimiz bilan dunyoda hurmat topayotgan, ertangi kunga ishonch bilan dadil borayotgan, matonatli va g‘ururi baland millatmiz. Biz o‘zgarishlarni kutib yashamaymiz, aksincha, ularni o‘zimiz, o‘z aql-zakovatimiz va mas’uliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz”.

 

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2025-yil 30-dekabr kungi 272 (1598)-soni

Powered by GSpeech