INSON HUQUQ VA ERKINLIKLARI KAFOLATLARI YANADA MUSTAHKAMLANDI

Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili deb e’lon qilingan 2025-yil yakuniga yetdi. O‘tgan yil Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini rivojlantirish sohasida, bir tomondan, dastlabki Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi yakunlangani, ikkinchi tomondan, inson huquqlari bo‘yicha navbatdagi Milliy strategiya ishlab chiqilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.

 

Yangi O‘zbekiston: Prezident – inson huquqlarining konstitutsiyaviy kafili

 

Prezidentimiz 2025-yil 26-dekabr kuni taqdim etilgan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish tashabbusini ilgari surar ekan, ushbu amaliy taklifni har tomonlama chuqur tahlil qilib bergani juda muhim ahamiyat kasb etdi. Strategiyaning keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan yangi tahrirdagi loyihasida, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan milliy strategiyasini yangi yil boshida ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi ko‘zda tutilmoqda.

Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2020-yilda qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ayni sohadagi ilk hujjat hisoblanishini ta’kidlash lozim. Milliy strategiyada jami 33 ta qonun hujjatlari loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Ushbu qonun hujjatlari loyihalarining 2020-yilda 20 tasi, 2021-yilda 8 tasi, 2022-yilda 3 tasi, 2023-yilda 2 tasi ishlab chiqildi. O‘z navbatida, 2025-yilda  Milliy strategiya doirasida 10 ta qonun, Prezidentning 14 ta farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 14 ta qarori qabul qilindi.

Milliy strategiyani amalga oshirish doirasida 2025-yil boshidan buyon odam savdosi jinoyati uchun jazoni kuchaytirish, oila va ayollarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ushlab turilgan shaxslarga nisbatan qiynoqlarning oldini olish bilan bog‘liq bir qator qonunlar qabul qilindi.

Yakun topgan yilda, shuningdek, Din sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlandi, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmning qonunchilik asoslari yaratildi, majburiy mehnat va bolalar mehnati bartaraf etildi. Bularning barchasi islohotlarni tizimlashtirish va xalqaro majburiyatlarni, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini, ayniqsa, tinchlik, adolat va samarali institutlarga doir 16-maqsadni amalga oshirishga yo‘lida muhim qadamlar bo‘ldi.

 

«O‘zbekiston — 2030» strategiyasi: inson huquqlari, Konstitutsiya ustuvorligi va odil sudlov

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-fevraldagi farmoni bilan qabul qilingan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi»da bir qator ustuvor vazifalar qamrab olindi. Jumladan:

birinchi vazifa: inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlash;

ikkinchi vazifa: sud-huquq tizimidagi islohotlarni yuqori darajaga olib chiqish;

uchinchi vazifa: advokatura institutining salohiyatini tubdan oshirish;

to‘rtinchi vazifa: huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini inson manfaatlari, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirish;

beshinchi vazifa: davlat organlari va mansabdor shaxslar ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish va sud hokimiyatining mustaqilligini kuchaytirish vazifalari shular qatoriga kiradi.

Bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan:

  • “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”;

  • “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari sud tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan alohida e’tiborga sazovorligini ta’kidlash lozim.

Prezidentimiz tashabbusi bilan sud sohasini raqamlashtirish asosida “Raqamli sud” konsepsiyasi ishlab chiqildi. U fuqarolar va tadbirkorlarga “kontaktsiz sud” orqali adolatli va qulay xizmat ko‘rsatishni ko‘zlaydi.

Shuningdek, sudlarning ish yuklamasini kamaytirish maqsadida mayda qarzdorliklar, kommunal to‘lovlar kabi nizosiz ishlar notariuslar vakolatiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu sudlar e’tiborini murakkab nizolarni hal etishga qaratishga imkon beradi. Ma’muriy va iqtisodiy ishlarda eksterritorial sudlov tizimijoriy etilib, fuqarolarga istagan hudud sudiga murojaat qilish imkoni yaratilmoqda.

Sudyalar oliy kengashi faoliyati ham takomillashtirildi. Ya’ni, sudyalarni muddatsiz tayinlash, tanlov jarayoniga sudyalar hamjamiyatini jalb etish, xolislik va mustaqillikni ta’minlash choralari kuchaytirildi.

Kadrlar tayyorlash sohasida Prezident farmoniga ko‘ra, Sudyalar oliy maktabi negizida Odil sudlov akademiyasi tashkil etildi. Akademiya “ustoz-shogird” an’anasi asosida ta’lim berib, bo‘lajak sudyalarni nazariya va amaliyot uyg‘unligida tayyorlaydi. Sudyalikka nomzodlar olti oylik kasbiy tayyorgarlik kurslarida davlat granti asosida o‘qitilmoqda.

Yana bir muhim qadam: Prezidentimiz 18-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Ushbu hujjatning qabul qilinishidan maqsad mamlakatimizda konstitutsiyaviy nazorat samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish kafolatlarini kuchaytirish hamda Konstitutsiyaviy sudning qonun ustuvorligini ta’minlashdagi rolini yanada oshirishdir.

Shunday qilib, 2025-yilda amalga oshirilgan ayni islohotlar samaralari Yangi O‘zbekistonda sud hokimiyatining mustaqilligi, xolisligi va fuqarolar ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Konstitutsiya normalari to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirilmoqda

 

Mamlakatimizda 2025-yil davomida bolalar, yoshlar, ayollar, nogironligi bor shaxslar va aholining boshqa zaif qatlamlarining huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi takomillashtirildi.

Xususan, 2025-yil 16-sentyabrda “Nogironlikni belgilash tizimi raqamlashtirilishi munosabati bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, endilikda bemorning ma’lumotlari asosida nogironlik guruhi va muddati, o‘zgalar parvarishi, tibbiy reabilitatsiya hamda protez moslamasi yoki reabilitatsiya vositasiga muhtojligiga oid ma’lumotlar avtomatik ravishda inson omilisiz “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantiriladi.

Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar tizimli davom ettirildi. Xususan, 2025-yil 9-aprelda “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun imzolandi.

Qonun bilan Oila kodeksi, Uy-joy kodeksi, shuningdek, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Qonunda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarning huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish hamda bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan normalar nazarda tutildi.

Jumladan, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilayotganda sud oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jinoyatidan jabrlangan shaxsning talabiga ko‘ra yarashish uchun muhlat tayinlamasligi belgilandi.

Shuningdek, oila va xotin-qizlarni ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2025-yil 14-martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan 2025-yilda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari aniq belgilab qo‘yildi.

Shuni ham qayd etish joizki, 2025-yil 13-yanvarda “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Endilikda davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinmagan qismi bo‘yicha tatbiq etiladi.

Shuningdek, homiladorlik yoki bolasi borligi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra xodimni ishdan bo‘shatish taqiqlandi. Bundan tashqari, mehnat shartnomasini elektron shaklda «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat majmuida rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.

O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 4-avgustda imzolangan “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatda mehnat munosabatlarini samarali, adolatli va o‘zaro manfaatli tarzda tashkil etish, xususiy sektor ishtirokida kasbiy tayyorlov va malaka oshirishni yo‘lga qo‘yish, ish beruvchilarni ehtiyojdan kelib chiqqan holda malakali kadrlar bilan ta’minlash, inson resurslarini boshqarish va mehnat muhofazasini rivojlantirishni nazarda tutadi.

Prezident Farmoni bilan O‘zbekistonda ish beruvchilar uchun belgilangan ayrim talablar bekor qilindi. Xususan, bo‘sh ish o‘rinlariga bandlik organlari yuboradigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik hamda bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish bekor bo‘ldi.

 

Qiynoqlarga yo‘l yo‘q – Konstitutsiya talabi shu!

 

Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha institutsional mexanizmlarni takomillashtirish ishlari 2025-yilda ham izchil davom ettirildi. Bu boradagi muhim vazifalar ijrosini  ta’minlash doirasida 2025-yil 26-iyunda “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqqa solish hollarining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.

Yangi qonun talabiga ko‘ra, qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin, tergov hibsxonasiga olib kelingan paytdan e’tiboran 2 soat ichida hibsxonaning o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bu jarayonda qamoqqa olinganning roziligi bilan uning advokati ham ishtirok etishi mumkin.

Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha belgilangan namunadagi tibbiy ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi. Tibbiy ko‘rik chog‘ida qamoqqa olinganning tanasida jarohat, shikastlanish va yaralar aniqlanganda, ular belgilangan tartibda qayd etilib, bu haqda qamoqqa olinganga ma’lum qilinadi va zudlik bilan prokurorga xabar beriladi.

Milliy qonunchilikdagi ushbu yangilik – milliy preventiv mexanizm gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llash holatlarining oldini oladi.

Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi kafolatlari yanada mustahkamlanishiga, davlatimizning inson huquqlari ta’minlanishi bo‘yicha xalqaro hamjamiyat oldidagi nufuzi oshishiga xizmat qiladi.

 

Inson huquqlari ta’limi – konstitutsiyaviy vatanparvarlikni shakllantirish omili

 

Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi va Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish doirasida inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, ta’lim jarayonining barcha bosqichlarida inson huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslarini joriy etish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Davlat organlari xodimlarining inson huquqlari, gender tenglik va qiynoqqa qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari 2025-yil davomida muntazam tashkil etildi. Ushbu o‘quv kurslarida har bir hududdan sudyalar, ichki ishlar, prokuratura tizimidagi tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining jami 444 nafar xodimi ishtirok etdi. Mashg‘ulotlarga milliy va xalqaro ekspertlar jalb qilindi.

Oliy sudda 28-fevralda uy-joyga bo‘lgan huquqni ta’minlash sohasida sud amaliyotini takomillashtirish, shu jumladan majburiy ko‘chirish bilan bog‘liq jihatlarga bag‘ishlangan davra suhbati gibrid formatda bo‘lib o‘tdi. Milliy markaz tomonidan Oliy sud bilan hamkorlikda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda 50 nafardan ortiq sudya, jumladan, Oliy sud, tuman va viloyat sudlari vakillari ishtirok etdi.

Termiz shahrida 21-22-aprel kunlari va Farg‘ona shahrida 24-25-aprel kunlari Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tibbiyot xodimlari va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi sud-tibbiy ekspertlari uchun “Istanbul protokoliga muvofiq qiynoqlar va shafqatsiz muomalalarni sud-tibbiy hujjatlashtirish” mavzusida ikki kunlik trening o‘tkazildi. Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari Milliy markaz bilan EXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisining “O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.

Toshkent shahrida 2025-yil 29-apreldan – 2-maygacha “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusida to‘rt kunlik o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Bu o‘quv kursi Milliy markaz tomonidan inson huquqlarini ta’minlash sohasida faoliyat yuritayotgan davlat organlari va idoralari mutaxassislari uchun o‘tkazildi.

Milliy markaz tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab, jumladan, barcha viloyatlar, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida inson huquqlari bo‘yicha o‘quv seminarlari tashkil etildi. Ushbu mashg‘ulotlarda 3 mingga yaqin huquq-tartibot idoralari xodimi – tergovchilar, prokurorlar, sudyalar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari ishtirok etdi.

Inson huquqlari masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va o‘quv salohiyatini oshirish maqsadida Milliy markaz Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti hamda O‘zbekiston Notarial palatasi bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi. 2025-yilda ayni memorandumlar doirasida faol hamkorlikda ish olib borildi.

Milliy va xalqaro hamkorlar bilan birgalikdagi faoliyatimiz haqida fikr yuritganda, o‘tgan yil 15–19-dekabr kunlari Toshkent shahrida xalqaro inson huquqlari huquqiga bag‘ishlangan “Qishki maktab” tadbiri o‘tkazilganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.

Mazkur o‘quv dasturida sud hokimiyati mustaqilligi, adolatli sudlov huquqi, kamsitilmaslik, qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani taqiqlash kabi fuqarolik va siyosiy huquqlar, shuningdek ta’lim, sog‘liqni saqlash va munosib uy-joyga bo‘lgan huquqlar kabi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar ham batafsil ko‘rib chiqildi.

Xulosa qilib aytganda, 2025-yilda mamlakatimiz, mintaqamiz, butun sayyoramiz miqyosida tinchlikni saqlash, o‘zaro ishonchni mustahkamlash, ma’naviyat va ma’rifatni rivojlantirish, ekologiyani muhofaza qilish, shuningdek, ilg‘or innovatsiyalar, zamonaviy texnologiyalar va “yashil” iqtisodiyotni chuqur tatbiq etish orqali barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida tom ma’noda bemisl samaralarga erishildi. Ushbu natijalarning barchasi mukarram zot – inson qadrini ulug‘lashga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

 

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori,

akademik

«Kuch – adolatda» gazetasining 2025-yil 23-yanvar kungi 3 (1089)-soni

 

Powered by GSpeech