Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimining yangi bosqichi boshlandi
Mamlakatimizda bugun har o‘n ming aholiga o‘rtacha 319 ta murojaat to‘g‘ri kelmoqda. Ayrim hududlarda bu ko‘rsatkich ancha yuqori bo‘lib, jumladan, 2025-yilda Toshkent shahrida 535 ta, Navoiy viloyatida 462 ta, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida esa 452 tadan murojaat qayd etilgan. Bu holat ayrim hududlarda murojaatlar bilan ishlash tizimi yetarlicha samarali emasligini ko‘rsatadi.
Ushbu raqamlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilishga bag‘ishlab 13-mart kuni o‘tkazilgan videoselektorda keltirildi. Yig‘ilishda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimining bugungi holati, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari ayrim hokimlar va mutasaddi rahbarlarning bu boradagi faoliyatini tanqid qilib, xususan, ba’zi joylarda sayyor qabullar nomiga o‘tkazilayotgani, aholi bilan muloqot shunchaki rasmiyatchilikdan iborat bo‘lib qolayotganini tashvish bilan qayd etdi. Mas’ullarni bunday holatlar fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda ijobiy natijalar ham e’tirof etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Xorazm va Sirdaryo viloyatlarida rahbarlarning murojaatlar bilan bevosita shug‘ullangani natijasida aholi murojaatlari 25–30 foizga kamaygan. Bu esa rahbarlarning mas’uliyati va shaxsiy nazorati muammolarni hal qilishda muhim omil ekanini ko‘rsatadi.
Haqiqatan ham, tahlillarimiz Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining fuqarolar murojaatlari bilan bog‘liq faoliyati ana shu baho va xulosalar bilan uyg‘unligini ko‘rsatmoqda. Milliy markazga 2025-yilda jami 1228 ta murojaat kelib tushgan va bu ko‘rsatkich oldingi yildagiga qaraganda 18,4 foiz kamdir. Misol uchun, 2024-yilda arizalar soni 1455 tani tashkil etgan bo‘lib, keyingi yillarda arizalarning kamayish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Hududlar kesimida taqqoslaganda, Milliy markazga eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri, Toshkent, Qashqadaryo, Samarqand, Namangan va Buxoro viloyatlarida yashovchi fuqarolardan kelib tushganligini ko‘rish mumkin. Aksincha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo, Navoiy, Jizzax va Xorazm viloyatlari aholisidan murojaatlar soni kamaygan.
Videoselektor yig‘ilishida respublika bo‘yicha umumiy murojaatlar 16 foiz kamaygan bo‘lsa-da, ba’zi tuman va shaharlarda shikoyatlar soni 50 foizgacha oshgani sohadagi kamchiliklardan dalolat berishi ochiq aytilgani bejiz emas. Masalan, ichki ishlar organlari, majburiy ijro byurosi, energetika, bandlik va sog‘liqni saqlash sohalari bo‘yicha murojaatlar ko‘pligicha saqlanib qolayotgani holati ayni sohalarda xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish zarurligini anglatadi.
Qolaversa, elektr ta’minoti, yo‘llar, suv va kanalizatsiya tizimi bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha 2025-yilda 100 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Bu muammolarni hal qilish maqsadida joriy yilda 20 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Mazkur mablag‘larni, avvalo, eng ko‘p murojaat tushayotgan mahallalarga yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi.
Milliy markazning murojaatlar bilan ishlash borasida 2025-yilda amalga oshirgan faoliyati monitoringi natijalari ham ayni holatni tasdiqlaydi. O‘tgan yillardagi kabi, tahlil qilingan davrda kelib tushgan murojaatlarning aksariyati odil sudlovni amalga oshirish, sud qarorlaridan, dastlabki tergov harakatlari hamda ularni olib borgan mas’ul shaxslarning, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlaridan norozilik, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar, ya’ni yer ajratish, shaxsiy mulkka va uy-joyga bo‘lgan huquqlarga doir murojaatlar ko‘p kelib tushgan.
Shunga ham e’tibor qaratish joizki, bir insonning buzilgan huquqini tiklash uchun bir necha yillar talab etilmoqda. Ya’ni, Milliy markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan ayrim murojaatlar bo‘yicha unda ko‘tarilgan masalani qonuniy hal qilish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organiga kiritilgan tavsiya va xulosalar yuzasidan bir necha yillardan so‘ng ijobiy qarorlar qabul qilinmoqda.
Mamlakatimizda odil sudlov yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Fuqarolik-protsessual, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy-protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslar va “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun talablariga binoan faqat sudlar tomonidan amalga oshiriladi, ularning faoliyatiga aralashish taqiqlanadi. Shuningdek, davlat tergov va surishtiruv organlarining faoliyati yuqori turuvchi organ hamda prokurorlar tomonidan nazorat qilinishi Jinoyat-protsessual kodeks va “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunda mustahkamlab qo‘yilgan.
Milliy markaz tomonidan turli davlat idoralari va huquqni muhofaza qilish organlariga 2025-yil davomida yuborilgan 500 dan ortiq tavsiya ko‘rib chiqildi va natijada murojaatlarning muayyan qismi qanoatlantirildi, ya’ni fuqarolarning huquqlari tiklandi va qonuniy huquq va manfaatlarining ro‘yobga chiqarilishida amaliy yordam berildi. Shuningdek, murojaat qilgan bir qator fuqarolarga qonunchilik hujjatlari talablari bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, 2025-yilda telefon qo‘ng‘iroqlari orqali murojaat qilgan 2500 nafardan ortiq fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi. Binobarin, Milliy markazga og‘zaki huquqiy maslahat so‘rab murojaat qiluvchilar soni yildan yilga ortib bormoqda.
Shu o‘rinda bundan 9-10-yil ilgari fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimi bugungi darajada bo‘lmagani haqida ham muxtasar to‘xtalish lozim. O‘sha davrda ko‘plab odamlar o‘z muammosini hal qilish uchun turli idoralar eshigini taqillatib yurishga majbur bo‘lgani, ariza va shikoyatlar oylab tashkilotlar orasida behuda aylangani hech kimga sir emas. Bunday byurokratik to‘siqlar va rasmiyatchiliklar fuqarolarning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchiga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmagandi.
Bunday nomaqbul vaziyatni tubdan o‘zgartirish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2016-yil 28-dekabrda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmon qabul qilinganini alohida ta’kidlashga burchlimiz. Negaki, xuddi shu hujjat asosida yurtimizda Prezidentning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Bu, o‘z navbatida, fuqarolarga muammolarini bevosita davlat rahbari nazoratidagi tizim orqali bildirish imkonini tug‘dirdi.
Darvoqe, Milliy markaz mutaxassislari fuqarolarga “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatini muntazam tushuntirib kelmoqda. Bu borada 2025-yilda Farg‘ona viloyatining Buvayda va Uchko‘prik tumanlarida, Qashqadaryo viloyatining Kitob va Yakkabog‘ tumanlarida aholi bilan uchrashuv va ochiq muloqotlar o‘tkazilgani fikrimizning amaliy isbotidir.
Yangi O‘zbekiston aholisi hozirgi vaqtda 38 milliondan oshdi, mehnatga layoqatli aholi soni esa 20 milliondan ziyodni tashkil etmoqda. Shu bilan birga, aholi daromadlari ikki barobar ko‘paydi. Bu omillar, albatta, mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar samarasi bilan chambarchas bog‘liq.
Ayni chog‘da, yurtimiz aholisi sonining o‘sishi va iqtisodiy faollikning ortishi murojaatlar sonining ham ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois mazkur sohadagi ishlarni yanada samarali tashkil etish dolzarb vazifa sifatida kun tartibiga chiqdi.
Prezidentimiz uqtirganidek, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi yangi bosqichga olib chiqiladi. Yig‘ilishda ushbu yangi tizimning bir nechta pog‘onalari haqida atroflicha tushuntirish berildi.
Birinchidan, endilikda hokimliklar, vazirlik va idoralar faqat ko‘tarilgan masalani hal qilish bilan cheklanib qolmasdan, muammoning kelib chiqish sabablarini chuqur o‘rganishi, murojaatlarga olib kelayotgan omillarni aniqlashi, shu asosda murojaatlarni kamaytirish bilan tizimli ravishda shug‘ullanishlari zarur.
Ikkinchidan, Xalq qabulxonalari faqat ariza qabul qiluvchi idora emas, balki soha va joylardagi muammolarga ularga tegishli mas’ul idoralarning e’tiborini tortadigan, ular bilan birgalikda tahlil va yechim taklif qiladigan markazga aylantiriladi.
Uchinchidan, joylarda aliment to‘lovchilarning bandligini ta’minlash, oyliklar kechiktirib to‘lanishining oldini olish, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati, davlat idoralari xodimlari ustidan shikoyatlar, uy-joy bilan ta’minlash, nafaqa tayinlash kabi masalalarda manzilli ishlash yo‘llari va buning uchun mas’ullar belgilanadi.
To‘rtinchidan, barcha hududlar va 208 ta tuman-shahar hokimlari Qarshi shahri misolida ko‘rsatilgan tizimni samarali yo‘lga qo‘yib, odamlarning og‘irini yengil qilish vazifasi bilan qat’iy shug‘ullanadi. Bu boradagi ish rejalari har oy mahalliy Xalq deputatlari kengashlarida tasdiqlanib, aholiga yetkazib boriladi.
Beshinchidan, Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti har oy Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilib, umumlashtiradi, vazirlar va hokimlarga yetkazadi, ijrosini nazorat qiladi. Odamlarning kayfiyatiga ta’sir qilayotgan masalalar bo‘yicha rahbarlar hisobotini eshitib boradi, eng muammoli yo‘nalishlar bo‘yicha takliflarni Hukumatga kiritadi.
Oltinchidan, Hukumatda vazirlik va idoralarning rahbar xodimlaridan iborat Tezkor shtab tuziladi. Ko‘tarilgan masalalar hudud va tarmoqlar kesimida joyiga chiqqan holda hal qilinadi.
Yettinchidan, Xalq qabulxonalariga murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini buzgan idoralarga majburiy ko‘rsatmalar kiritish vakolati beriladi, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha davlat idoralari reytingi yo‘lga qo‘yilib, har olti oyda e’lon qilib boriladi.
Murojaatlar bilan ishlashda “mahalla yettiligi”ning mas’uliyati ham keskin oshiriladi. Prezident Virtual qabulxonasida har bir mahalla uchun alohida kabinet ochiladi, u yoshlar yetakchisi va mahalla raisi tomonidan yuritiladi. Ular kelayotgan murojaatlarning sabablarini o‘rganib, kunlik ma’lumotlarni hokimlarga taqdim etib boradi.
Shuningdek, murojaatlarni asossiz ravishda quyi tizimlarga yuborgan tashkilot rahbarlariga keskin chora ko‘riladi. Murojaatlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun jazo kuchaytiriladi.
Shunday qilib, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Bundan to‘qqiz yil oldin Xalq qabulxonalari tashkil qilinganda bitta maqsad qo‘yilgan edi: davlat idoralarini xalqqa yaqinlashtirish. To‘g‘ri, Xalq qabulxonalari o‘z vaqtida samarali ishladi. Lekin bu idorani ham odamlarning bugungi talabiga mos holda o‘zgartiradigan vaqt keldi”.
Bundan buyon ayni sohadagi islohotlarda “Har bir inson va xonadon muammosini bilib, vaqtida ko‘mak berishim kerak” degan shior barcha darajalardagi rahbarlar faoliyatida bosh qoida bo‘lishi belgilandi.
Otabek NORBOYEV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining
Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i;
Farida XAKBERDIYEVA,
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi
Ўзбекча
English
Русский