INSON HUQUQLARI TA’LIMIDAN – INSON HUQUQLARI MADANIYATI SARI

Yangi O‘zbekistonda Inson huquqlari sohasidagi

jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini

amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi

 

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Hech kimning unutishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat”.

 

Inson huquqlari ta’limi nima?

 

Yangi O‘zbekistonni barpo etish bilan bog‘liq yangicha islohotlar sharoitida “inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri – eng muhim qadriyat” degan tamoyil e’tirof etilmoqda. Shu munosabat bilan yillar davomida amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz va Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyalarida “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga o‘zgartirildi.

Bularning barchasi, o‘z navbatida, ta’limning o‘ziga xos yo‘nalishi hisoblanuvchi inson huquqlari sohasidagi ta’limni izchil rivojlantirishni taqozo qilmoqda. Bunday ta’lim barchaning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda birlamchi ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari inson huquqlari sohasidagi ta’lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o‘z hayotiga daxldor bo‘lgan qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, shuningdek, huquqbuzarliklar, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda ham muhimdir.

Ma’lumki, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi e’lon qilingandan so‘ng xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tan oldi va ularga rioya etilishini xalqaro inson huquqlari normalari va mexanizmlari orqali targ‘ib qilishni boshladi. Ushbu huquqlardan biri – ta’lim olish huquqi – insonning barcha huquqlaridan foydalanish uchun boshlang‘ich nuqta hisoblanadi.

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim – uzoq muddatli va umrbod davom etadigan jarayon. Bu sohadagi ta’lim doirasida har bir kishi boshqalarning qadr-qimmatiga va hurmatiga nisbatan toqatli bo‘lishni hamda barcha jamiyatlarda mazkur hurmatni ta’minlashning vositalari hamda uslublaridan foydalanishni o‘rganadi. Shu ma’noda, inson huquqlari sohasidagi ta’lim barchaning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda fundamental ahamiyat kasb etadi.

 

“Inson huquqlari madaniyati” nima degani?

 

Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari ta’limi va inson huquqlari madaniyatini rivojlantirish borasida salmoqli ishlar qilindi. Boshqa har qanday madaniyatlar qatori inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, rivojlantirish va yuksaltirish uchun, o‘z navbatida, ayni sohada ta’lim va tarbiya berish, bilim va ko‘nikmalarni oshirish, tegishli axborot hamda ma’lumotlarni taqdim etishni tizimli yo‘lga qo‘yish kerak bo‘ladi. Negaki, inson huquqlari sohasidagi ta’limga:

  • inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya;
  • ushbu huquqlar to‘g‘risida bilish huquqi;
  • jamiyat va hamjamiyatlarda inson huquqlarini himoya qilish va targ‘ib qilishning usullari va vositalari kiradi. Inson huquqlari sohasidagi ta’lim barcha yoshdagi insonlarni qamrab oladigan hayotiy ma’rifat jarayonidir.

Ta’lim – adolatsizlikka barham berish usuli bo‘lsa, inson huquqlari sohasidagi ta’lim – bu sohadagi eng maqbul usuldir. U demokratik jamiyat qurish maqsadida huquqlar, erkinliklarni anglab yetish va ulardan faol foydalanish, majburiyatlarga amal qilishni nazarda tutuvchi inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Inson huquqlari madaniyati, aynan olganda, huquqiy madaniyat, degani emas, balki bir qadar aniq yo‘nalishli ekani, ya’ni shaxsga yo‘naltirilganligi bilan alohida ajralib turadi. Inson huquqlari madaniyati quyidagi 4 ta unsurdan iborat:

birinchisi – insonning o‘z huquqlarini bilishi;

ikkinchisi – shu huquqlarini ro‘yobga chiqarishi;

uchinchisi – bu jarayonda o‘zgalarning huquqlarini buzmasligi;

to‘rtinchisi – boshqalarga ham o‘z huquqlarini ro‘yobga chiqarishda yordam berishi.

Inson huquqlari madaniyati – har bir jamiyatda barqaror taraqqiyot, tinchlik va farovonlikning muhim poydevori, insonni qadrlash va inson huquqlarini ta’minlashning asosiy mezonidir. Jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish fuqarolarning huquqlarini ta’minlash va himoya qilish hamda qonun ustuvorligini mustahkamlashning muhim shartlaridandir.

O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, “Konstitutsiya va qonun ustuvorligi hamda qonuniylik tamoyillarining so‘zsiz ta’minlanishi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning muhim kafolatidir. Biz bu fikrni yanada teran anglab olishimiz kerak. Shu nuqtayi nazardan, Konstitutsiya hamda qonun talablariga og‘ishmay amal qilish ma’naviy saviyamiz, madaniyatimizning asosiy mezoniga aylanishi shart”.

Shu bois so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish, uni milliy va xalqaro standartlar asosida takomillashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayni chog‘da, jamiyatimizda konstitutsiyaviy madaniyatni shakllantirish dolzarb va ustuvor vazifalar sirasiga kiradi. 

Davlatimiz rahbari uqtirganidek, Islohotlarimiz hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi kunda biz Konstitutsiyamizning har bir normasini davlat va jamiyat hayotida amaliy faoliyat mezoniga aylantirishimiz zarur. Ayniqsa, yoshlarimizga Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyatini chuqur o‘rgatish, ularni konstitutsiyaviy qadriyatlar asosida yuksak ongli va vatanparvar fuqarolar, siyosiy tafakkur va huquqiy madaniyat egalari etib tarbiyalash oldimizda turgan g‘oyat muhim vazifadir”.

 

Nima uchun BMT inson huquqlari ta’limiga

alohida e’tibor beradi?

 

BMT inson huquqlari sohasidagi ta’limga katta e’tibor berib kelayotgani bejiz emas. Chunki inson huquqlari sohasidagi ta’lim inson huquqlari va asosiy huquqlarini amalga oshirish uchun muhim ahamiyatga ega.

 Inson huquqlari sohasidagi ta’lim tenglikni ta’minlashga sezilarli darajada ko‘mak berish, nizolar hamda inson huquqlarini buzish holatlarining oldini olish va demokratik jarayonlarda ishtirok etishni kuchaytirishga hissa qo‘shishga qaratilgan.

Ya’ni, inson huquqlari sohasidagi ta’lim turli jamiyatlarda tili, tanasining rangi, jinsi, dini, siyosiy va boshqa e’tiqodlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, tug‘ilishi yoxud boshqa holatlaridan qat’i nazar, hech qanday kamsitilishiga yo‘l qo‘ymasdan barcha insonlarni qadrlash va hurmat qilishga o‘rgatadi.

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim normalari ko‘plab xalqaro hujjatlarga kiritilgan. Dastavval, 2011-yil 19-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganini qayd etish lozim.

Mazkur Deklaratsiyada belgilanganidek:

birinchidan, har bir inson va jamiyatning har bir a’zosi ta’lim olish va o‘qitish orqali inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishga ko‘maklashishi lozim;

ikkinchidan, har bir inson ta’lim olish huquqiga ega va ta’lim inson shaxsini har tomonlama rivojlantirishga, qadr-qimmatini his etishga, barcha kishilarga erkin jamiyatning foydali ishtirokchilari bo‘lishiga, barcha millatlar, irqiy, etnik yoki diniy guruhlar o‘rtasida o‘zaro tushunish, bag‘rikenglik va do‘stlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak.

Deklaratsiya BMTga a’zo davlatlarga inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiyani ta’minlash hamda rag‘batlantirish yuzasidan aniq majburiyatlar yuklaydi. Finlyandiya, Germaniya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Ozarbayjon kabi 60 ga yaqin davlat ushbu Deklaratsiya asosida o‘z milliy dasturlarini qabul qilgan bo‘lib, ular safida O‘zbekiston ham bor.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinguniga qadar, ya’ni 2004-yil 10-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturi e’lon qilingan. Bundan maqsad – barcha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va biznes sektorida inson huquqlari sohasidagi ta’lim dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashishdir.

Hozirgi vaqtgacha Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining quyidagi 4 ta bosqichi amalga oshirildi:

birinchi bosqich: 2005-2009-yillar – maktablarda inson huquqlari sohasidagi ta’lim jarayonlarini qamradi;

 ikkinchi bosqich: 2010-2014-yillar – oliy ta’lim tizimi, shuningdek o‘qituvchi-murabbiylar va davlat xizmatchilari uchun inson huquqlari sohasidagi ta’limga bag‘ishlandi;

uchinchi bosqich: 2015-2019-yillar – ommaviy axborot vositalari vakillariga inson huquqlari sohasida ta’lim berildi;

to‘rtinchi bosqich: 2020-2024-yillar – ta’lim tizimi orqali yoshlarda tenglik, kamsitmaslik, bag‘rikenglik va inson huquqlariga rioya qilish kabi muhim prinsiplarni mustahkamlash, shu orqali inklyuziv, tinch va adolatli jamiyatni shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

BMT tomonidan 2025–2029-yillar Inson huquqlari sohasidagi ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish davri sifatida e’lon qilindi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 2024-yil 9-oktyabrda “Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturi: beshinchi bosqich uchun harakatlar rejasi” bo‘yicha rezolyutsiyasini qabul qildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim to‘g‘risidagi

deklaratsiyani amalga oshirishda O‘zbekistonning ishtiroki qanday?

 

Inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish bilan bog‘liq ushbu global jarayonda O‘zbekistonning o‘rni va ishtiroki aynan nimalarda namoyon bo‘lmoqda, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Bu haqda fikr yuritganda, dastavval, O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, bu jarayonda faol ishtirokchi sifatida qatnashib kelayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Xususan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim to‘g‘risidagi deklaratsiyasini ishlab chiqish yuzasidan  mamlakatimiz 2004-yildayoq o‘z takliflarini taqdim etgan.

Boshqacha aytganda, bu boradagi faol ishtirokimiz, bir tomondan, tegishli xalqaro-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha O‘zbekistoning tashabbuskorligi misolida yaqqol ko‘zga tashlansa, ikkinchi tomondan, sohaga oid xalqaro hujjatlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan milliy hujjatlarni tasdiqlash hamda tizimli asosda amalga oshirishimizda ko‘rinadi. 

Ayniqsa, keyingi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida, jumladan ushbu yo‘nalishdagi ta’limni takomillashtirish borasida salmoqli ishlar qilindi. Fikrimni bir qator amaliy misollar bilan izohlashga harakat qilaman. 

Birinchidan, mamlakatimiz parlamenti tomonidan 2019-yilda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi qabul qilindi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi Farmoni bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi tasdiqlandi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining ijrosini ta’minlashga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” 78 ta banddan iborat bo‘lib, 2020-2025-yillarda amalga oshirildi. Milliy strategiya ijrosi doirasida, jumladan, oliy o‘quv yurtlari uchun inson huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslari joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchinchidan, 2022-yil 5-6-dekabr kunlari Samarqand shahrida “Inson huquqlari sohasida ta’lim” Global forumi o‘tkazildi. Ushbu forum O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi va Inson huquqlari bo‘yicha kengashida ilgari surgan tashabbuslari asosida tashkil etildi hamda inson huquqlari sohasida ta’limni yanada rivojlantirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlandi.

Samarqand Forumi doirasida mamlakatimizning turli hududlaridagi oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va talabalari, davlat organlari va NNT vakillari uchun jami 7 mingdan ziyod ishtirokchi qamrab olingan “Inson huquqlari bo‘yicha mahorat darslari” tashkil etildi. Forumning muhim natijalaridan biri – “Markaziy Osiyoda inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha Samarqand harakatlar rejasi” qabul qilingani bo‘ldi.

Samarqand harakatlar rejasi mintaqamizda inson huquqlari sohasida ta’limni yanada mustahkamlashga qaratilgan amaliy dasturdir. Ushbu hujjat inson huquqlari sohasida ta’limni mintaqaviy darajada yanada mustahkamlashga qaratilgan amaliy dastur sifatida xizmat qilishi barobarida, jahon tajribasidan ilhomlangan holda bu sohadagi ishlar ko‘lamini kengaytirish va islohotlarni yanada jadallashtirish zarurligini yaqqol namoyon etdi.

 

Inson huquqlari ta’limining milliy-huquqiy asoslari: Yangi O‘zbekiston tajribasi

 

Yangi O‘zbekistonning davlat siyosati doirasida qabul qilingan muhim qarorlar, xalqaro tashabbuslar va amaliy chora-tadbirlar boshqa sohalar qatori inson huquqlari ta’limi sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Bu jarayon dunyo hamjamiyatidagi ilg‘or tajribalar, xususan, BMTning ushbu yo‘nalishdagi hujjatlari va tavsiyalariga asoslanib amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturi doirasida inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, ta’lim jarayonining barcha bosqichlarida inson huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslarini joriy etish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bunga birgina misol: 2020–2024-yillarda butun dunyoda Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi doirasida:

birinchidan, inklyuziv, tinch jamiyatni yaratishga imkon beradigan teng huquqlilik, inson huquqlarini hurmat qilish va kamsitmaslik ruhida yoshlarni o‘qitish va tarbiyalash;

ikkinchidan, xotin-qizlar va bolalarga alohida e’tibor qaratgan holda, 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibidagi “hech kimni yoddan chiqarmaslik” maqsadiga muvofiq aholining zaif qatlamlari bilan o‘zaro aloqalar o‘rnatish;

uchinchidan, pedagog kadrlar, shu jumladan, bolalar va yoshlar bilan ishlovchi tarbiyachilar uchun inson huquqlari sohasidagi ta’limni tashkil etish;

to‘rtinchidan, inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha tegishli tadqiqotlar o‘tkazish, baholash, ilg‘or tajriba va olingan saboqlar bilan o‘rtoqlashishga qaratilgan amaliy ishlar bajarildi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 7-iyundagi farmoyishiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tashkil etilgani bu borada dolzarb va tarixiy ahamiyat kasb etdi.

Prezident Farmoyishida Milliy komissiyani tuzishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – barcha uchun universal bo‘lgan huquqni himoya qilish normalari va prinsiplari, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishning xalqaro kafolatlari to‘g‘risidagi xabardorlikni, shuningdek ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishdan iborat ekanligi ta’kidlanib, uning vazifa va vakolatlari aniq belgilab berildi. Jumladan, xalqaro shartnomalar normalari va standartlari, BMTning huquqni himoya qiluvchi tuzilmalari tavsiyalari hamda O‘zbekiston jamiyatining tarixiy, milliy va madaniy qadriyatlarini inobatga olgan holda, Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini ishlab chiqish masalasi kun tartibiga qo‘yildi.

Shu tariqa, dunyo tajribasidan andoza olgan holda, inson huquqlari sohasidagi ta’lim tizimidagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi. Ushbu muhim hujjat Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75-yilligini nishonlash bo‘yicha butun dunyo miqyosidagi kampaniya davrida qabul qilingani ulkan ahamiyatga molik bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturida belgilangan axborot berish, ma’rifat va o‘qitish tizimini bosqichma-bosqich kengaytirish hamda takomillashtirish, kadrlar tayyorlash tizimini milliy qonunchilik va xalqaro standartlar talablari asosida yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari va asosiy vazifalari ijrosi ta’minlandi.

 

Yangi O‘zbekistonda nima uchun inson huquqlari ta’limiga ustuvor e’tibor qaratilmoqda?

 

Mamlakatimizda keyingi yillarda inson huquqlari sohasidagi ta’limga ustuvor e’tibor berilmoqda. Nega deganda, Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ularga rioya etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

O‘z navbatida, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash hamda rivojlantirish bu borada zarur bilim va tushunchalarga ega bo‘lishni taqozo etadi. Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilganidek, O‘zbekiston huquqiy davlatdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi inson huquqlari sohasidagi ta’limni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab, uni milliy ta’lim tizimiga to‘liq integratsiya qilish, barcha bo‘g‘inlarda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishni maqsad qilgan keng qamrovli dasturni hayotga tatbiq etishga yo‘l ochdi.

Shu bilan birga, Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi axborot berish, ma’rifat va o‘qitish tizimini bosqichma-bosqich kengaytirish va takomillashtirish, kadrlar tayyorlash tizimini milliy qonunchilik va xalqaro standartlar talablari asosida yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo‘nalishlarini belgilab beradi.

Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi 7 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat. Ya’ni:

birinchisi – yoshlarning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xabardorligini oshirish;

ikkinchisi – davlat organlari xodimlarining inson huquqlari va gender tenglik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish;

uchinchisi – inson huquqlari sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;

to‘rtinchisi – aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining inson huquqlari sohasida xabardorligini oshirish;

beshinchisi – inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish;

oltinchisi – zamonaviy texnologiyalar, badiiy asarlar, ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya berish tizimining samaradorligini oshirish;

yettinchisi – inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

Ayni ustuvor yo‘nalishlar doirasida mamlakatimiz hududlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun tizimli asosda o‘quv kurslari o‘tkazildi. Yoshlar o‘rtasida huquqiy mashg‘ulotlar,“yozgi maktab”lar, ijtimoiy tadqiqotlar va turli tanlovlar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasining “Adolat” o‘quv zalida hamda barcha hududiy axborot-resurs markazlarida “Konstitutsiya va inson huquqlari” nomli adabiyotlar burchagi (o‘quv, ilmiy-uslubiy, xalqaro nashrlar va boshqalar) tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlarida ham shunday adabiyot burchaklari ochildi.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va uning hududiy kutubxonalari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlariga jami 6 ming 442 nusxada (2023-yil – 2620 nusxa, 2024-yil – 824 nusxa, 2025-yil – 2968 nusxa) inson huquqlari bo‘yicha adabiyotlar taqdim etildi. 

Bugungi kunga qadar Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 30 bandidan
17 
ta bandi bo‘yicha ishlar to‘liq bajarilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich qariyb 57 foizni tashkil etadi. Qolgan bandlar ijrosi bo‘yicha  ishlar izchil davom etmoqda.

Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari holati, shu jumladan inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hujjatlar bajarilishini monitoring qilishda jamoatchilik nazorati rolini oshirish maqsadida davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.  Bu borada ham BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari qarorlarining ijrosini ta’minlash yuzasidan doimiy monitoring va maslahatlashuvlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2025-yil 15-yanvarda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2024-yil 9-oktyabrdagi “Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturi: beshinchi bosqich uchun harakatlar rejasi” nomli 57/10-sonli rezolyutsiyasi ijrosi yuzasidan tayyorlangan O‘zbekiston Respublikasining Milliy hisoboti BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasiga taqdim etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tayyorlagan ushbu ma’lumot “Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirishni baholash” mavzusida bo‘yicha BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari ma’ruzasida o‘z aksini topdi. Mazkur hujjat 2025-yil 8-sentyabrdan – 3-oktyabrgacha Jenevada bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha kengashning oltmishinchi sessiyasida ko‘rib chiqildi.

Hisobotda O‘zbekistonda Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha milliy komissiyaning faoliyati, O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi va uning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring, inson huquqlari bo‘yicha asosiy konferensiyalar xususida ijobiy fikrlar bildirildi.

 

Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichi: qanday yangi vazifalar belgilandi?

 

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi. Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tarkibi ham tasdiqlandi.

Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 24 ta banddan iborat. Unda inson huquqlari sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirish, inson huquqlari madaniyatni shakllantirish, yoshlarning huquqiy ongini yuksaltirish ishlari nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, inson huquqlari va raqamli texnologiyalar, gender tenglikka alohida e’tibor qaratish, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlari to‘g‘risidagi xabardorlikni oshirish hamda Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish kabi dolzarb maqsadlarga erishish chora-tadbirlari belgilandi.

Jumladan, har yili dekabr oyida «Inson huquqlari» haftaligini tashkil etish, maktablarda «Kelajak soati» darslari mavzulariga inson huquqlariga oid mavzularni kiritish, Aholi o‘rtasida ekologik huquqlar bo‘yicha axborot-targ‘ibot kampaniyalarini o‘tkazish kabi tadbirlar ham ko‘zda tutilgan. Qarorda bu borada bir qator vazirlik, idora va tashkilotlar zimmasiga tegishli vazifalar yuklatildi.

Qarorda bu borada bir qator vazirlik, idora va tashkilotlar zimmasiga tegishli vazifalar yuklatildi. Xususan:

  • Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga – inson huquqlari sohasida ta’lim bilan bog‘liq muammoli yo‘nalishlarga qaratilgan maqsadli ilmiy-tadqiqot loyihalar tanlovini e’lon qilish;
  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga – pyedagog kadrlar uchun “Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha huquqiy bilimlar” mavzusida tematik malaka oshirish kurslari tashkil etish;
  • Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazga – “Bolalar va yoshlar uchun inson huquqlari ta’limi: gender tenglik, iqlim o‘zgarishi va raqamli inklyuziya” milliy innovatsion tashabbuslar tanlovini o‘tkazish;
  • Ijtimoiy himoya milliy agentligiga – nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazish;
  • “El-yurt umidi” jamg‘armasiga – inson huquqlarining dolzarb masalalari bo‘yicha xorijiy oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarida malaka oshirishni tashkil etish ishlari bilan shug‘ullanadi.

Joriy yilda, bir tomondan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim to‘g‘risidagi deklaratsiyasining 15-yilligi, ikkinchi tomondan, ushbu Deklaratsiya talablarining mamlakatimizda ro‘yobga chiqarilishi uchun asosiy mas’ul tashkilot – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil topganining 30-yilligi nishonlanadi.

Shuningdek, 2026-yilda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qabul qilinganining 60-yilligi, Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilinganining 40-yilligi, shuningdek, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 20-yilligi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng tantana qilinadi.

Bu muhim sanalarni munosib kutib olish, shubhasiz, Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya, shuningdek,  Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturi ijrosiga jalb etilgan barcha davlat tashkilotlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi.

Xulosa qilib aytganda, inson huquqlari – zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyoti darajasini ko‘rsatib turuvchi mezondir. Afsuski, dunyoda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar, geosiyosiy o‘zgarishlar va qurolli mojarolar inson huquqlari masalalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Global miqyosdagi shunday qaltis hamda murakkab sharoitlarda Yangi O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini o‘qitish va targ‘ib etish, himoya qilish va ta’minlash borasida amalga oshirgan ishlarimizdan ko‘ra, oldimizda turgan vazifalar ko‘p ekani ham yaqqol haqiqat. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “bu oliy qadriyatni tom ma’noda qaror toptirish – biron-bir manzilga yetib borib to‘xtash, degani emas. Inson huquqlarini himoya qilish uzluksiz davom etadigan jarayon ekanini barchamiz chuqur anglaymiz. Jahon tarixi va demokratik davlatlar tajribasi ham shundan dalolat beradi”.

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktori, akademik;

BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2026-yil 4-aprel kungi 65 (1664)-soni

Powered by GSpeech