Shvetsiya va Daniya migratsiya tuzilmalari vakillari bilan uchrashuv
23-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Milliy markaz direktorining Shvetsiya Migratsiya agentligi va Daniya Immigratsiya xizmati vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqotlardan maqsad – inson huquqlari sohasida o‘zaro hamkorlik va hamjihatlikning istiqbolli yo‘nalishlari hamda shakllarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, migratsiya va inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekistondagi holat yuzasidan axborot almashildi.
Uchrashuvda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Shvetsiya Migratsiya agentligi katta tahlilchisi Emma Simichich va Daniya Immigratsiya xizmatining Xalqaro aloqalar departamenti rahbari, katta maslahatchi Aleks Xemingson ishtirok etdi.
Suhbat davomida A. Saidov Milliy markaz faoliyatining asosiy jihatlariga batafsil to‘xtaldi. Mehmonlarga Milliy markazning vazifalari, tuzilmasi hamda mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish borasidagi asosiy yutuqlari to‘g‘risida ma’lumot taqdim etildi.
Milliy markaz direktori faoliyatning to‘rtta asosiy yo‘nalishi: qonunchilik, institutsional, ta’lim va monitoring haqida alohida so‘z yuritdi. Qonunchilik yo‘nalishi bo‘yicha yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingani, ushbu Asosiy Qonunning ikkinchi bo‘limi amalda Huquqlar to‘g‘risidagi billni tashkil etishi qayd etildi. Konstitutsiyada ilk bor O‘zbekiston fuqarolarining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro organlarga murojaat qilish huquqi mustahkamlandi. Bu huquqni Asosiy Qonunda mustahkamlash O‘zbekiston tomonidan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning Birinchi fakultativ bayonnomasi ratifikatsiya qilinishi natijasida mumkin bo‘ldi.
Monitoring yo‘nalishi bo‘yicha Milliy markaz direktori mamlakatda ko‘p bosqichli tizim: parlament, ijro etuvchi, sud va jamoatchilik monitoringi, shuningdek, BMTning shartnomaviy organlariga davriy ma’ruzalarni taqdim etish orqali amalga oshiriladigan xalqaro monitoring faoliyat yuritayotganini tushuntirdi. Shuningdek, 2026-yil 21-22-aprel kunlari O‘zbekiston delegatsiyasi Jenevada Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya yuzasidan davriy ma’ruzasini taqdim etgani haqida ma’lumot berildi.
Suhbat davomida Milliy markaz direktori 2018-yildan buyon O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi (ikki yilda bir marta) o‘tkazib kelinayotganini ham aytdi. Joriy yilda Fuqarolik va siyosiy huquqlar hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi ikkita xalqaro paktning 60-yilligiga bag‘ishlangan beshinchi forum bo‘lib o‘tadi.
Xorijiy idoralar vakillari tashriflarining maqsadi va tafsilotlari haqida ma’lumot berdi. Emma Simichich va Aleks Xemingson o‘z idoralarining Kelib chiqish mamlakatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (Country of Origin Information — COI) yig‘ish bo‘linmalarida faoliyat yuritadi. Bo‘linmalarning asosiy vazifasi Shvetsiya va Daniyada yashash uchun ruxsatnoma so‘rab murojaat qilgan shaxslarning kelib chiqish mamlakatlaridagi vaziyat haqidagi ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilishdan iborat. Shu bilan birga, har ikki vakil o‘z bo‘linmalari yakka tartibdagi arizalar bo‘yicha qaror qabul qilmasligini, balki faqat tegishli idoralarni tahliliy ma’lumotlar bilan ta’minlashini alohida ta’kidladi.
Xorijiy mehmonlar Skandinaviyaning ikki davlati qo‘shma tashrifi ularning geografik yaqinligi va to‘plangan hamkorlik tajribasi bilan bog‘liqligini tushuntirdi. Aleks Xemingsonning qayd etishicha, Daniya migratsiya qonunchiligi masalalarida Yevropa Ittifoqi me’yorlarini qo‘llashning o‘ziga xos jihatlari tufayli Shvetsiyaga emas, asosan Norvegiyaga tayanadi.
Xorijiy idoralar vakillari o‘zlarini qiziqtirgan masalalarni belgilab oldilar. Bu o‘rinda asosan O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning borishi va natijalari, fuqarolik holatini qayd etish va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar tizimining holati, shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistondan migratsiya oqimlarining harakati haqida so‘z bordi.
Emma Simichichning ta’kidlashicha, keyingi yillarda Shvetsiyada O‘zbekiston fuqarolari tomonidan migratsiya dinamikasida siljish kuzatilmoqda va aynan shu holat O‘zbekistondagi vaziyatni batafsilroq o‘rganishga sabab bo‘lgan. U, shuningdek, Shvetsiya va O‘zbekiston o‘rtasida migratsiya masalalari bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar olib borilayotgani, biroq o‘zi vakillik qilayotgan idora ularning ishtirokchisi emasligini qayd etdi.
Shu bilan birga, tomonlar migratsiya sohasidagi huquqiy bazani ko‘rib chiqdilar. Markaz direktori O‘zbekiston Migratsiya agentligi Tashqi ishlar vazirligiga emas, balki bevosita hukumatga hisobdor ekanini tushuntirdi. O‘zbekiston bir qator davlatlar: Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, BAA, Saudiya Arabistoni, Turkiya va AQSH bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha ikki tomonlama bitimlarga ega. Hozirda Skandinaviya mamlakatlari bilan kelishuvlar mavjud emas. Shuningdek, O‘zbekiston Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) hamda BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligi Boshqarmasi bilan hamkorlik qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar axborot almashish, odam savdosiga qarshi kurashish hamda qonuniy mehnat migratsiyasini qo‘llab-quvvatlash sohalarida hamkorlikdan o‘zaro manfaatdor ekanini bildirdi. O‘zbekiston tomoni mehmonlarga Milliy markaz faoliyati hamda mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarayotgani to‘g‘risida ingliz va rus tillaridagi yozma materiallarni taqdim etdi. Xorijiy vakillarga Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumida ishtirok etish uchun taklifnoma yuborildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский