XALQNING BAXTLI HAYOTI– INSONNING ENG ULUG‘ HUQUQIDIR!

“Xitoy – Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha to‘rtinchi forumi tafsilotlari

 

Joriy yil 14-may kuni Toshkent shahrida Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi ekspert, ilmiy, davlat va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida “Xitoy – Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha to‘rtinchi forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligi arafasida tashkil etilayotgani bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, inson huquqlarini ta’minlash, adolatli jamiyat qurish va davlat boshqaruvini takomillashtirish masalalari mustaqillik yillarida mamlakatimiz taraqqiyotining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda.

Bugungi globallashuv va raqamlashuv sharoitida inson huquqlari masalasi faqat bir davlat doirasida emas, balki mintaqaviy va xalqaro hamkorlik darajasida hal etilishi lozim bo‘lgan muhim masalaga aylandi. Shu nuqtayi nazardan, “Xitoy – Markaziy Osiyo” formatidagi muloqotlar davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, tajriba almashish va inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladigan umumiy mexanizmlarni ishlab chiqish uchun muhim maydon vazifasini bajaradi.

   Bizning fikrimizcha, inson huquqlarini ta’minlash faqat huquqiy normalar qabul qilish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Eng muhimi - ushbu huquqlarning amalda ta’minlanishi, har bir inson o‘zini himoyalangan va qadrli his qilishi hisoblanadi. Ayniqsa, yoshlar huquqlari, ta’lim olish imkoniyatlari, gender tenglik, ekologik xavfsizlik va raqamli huquqlar kabi masalalar bugungi kunda alohida e’tibor talab etadi. Chunki zamonaviy taraqqiyot nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki inson manfaatlarini ta’minlash bilan ham baholanadi. Har bir ma’ruzalarda,“qilishimiz kerak”,“taklif berardik”degan so‘zlarni tinglab, mintaqada inson huquqlari sohasida kelgusida yana ko‘plab ishlar bajarilishini bilish mumkin. Xitoy davlat ham ushbu forumda tashabbuskor davlat sifatida faol ishtirok etdi. Forum mobaynida bir necha olimlar bilan suhbat qurdik.  Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi Xalqaro huquq instituti direktori, olim Lyu Xuavenning  fikrlari meni juda mamnun etdi. “To‘g‘risi yurtingiz haqida ko‘p eshitganman. O‘zbekistonning yuridik ta’lim tizimi ham e’tiborli masala. Nutqimda  inson huquqlarini siyosiylashtirish maslasini ilgari surdim. Bizda bir necha kemtiklar mavjud. Rivojlanish huquqini tadqiq etmog‘imiz lozim. Forumning asosiy maqsadlaridan biri“Xalqning baxtli xayoti-eng oliy huquqdir”deydi olim.

Olimning ushbu fikrlarini tinglar ekanmiz, so‘nggi yillarda yurtimizda inson huquqlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganini his qilish mumkin. Inson qadrini ulug‘lash tamoyili - davlat siyosatining markaziga aylanib, sud-huquq tizimi, so‘z erkinligi, fuqarolik jamiyati institutlari va aholining ijtimoiy himoyasi sohalarida katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Bu jarayonlarda xalqaro hamkorlik va xorijiy tajribani o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik inson huquqlari sohasida yangi yondashuvlar va amaliy mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qilishi mumkin.

Forumning yana bir muhim jihati — unda nafaqat davlat organlari,namoyondalar balki olimlar, ekspertlar va biznes vakillarining ham ishtirok etayotganidir. Chunki inson huquqlari faqat huquqshunoslar muhokama qiladigan mavzu emas. Bu iqtisod, ta’lim, texnologiya, ekologiya va madaniyat bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan kompleks tushunchadir. Masalan, raqamli texnologiyalarning rivojlanishi inson huquqlari sohasida yangi imkoniyatlar bilan birga muayyan xavflarni ham keltirib chiqarmoqda. Shu bois, sun’iy intellekt, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va kiberxavfsizlik kabi yo‘nalishlarda ham davlatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish zarur. Forum tashkilotchilari – Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi erishilgan natijalarni umumlashtirib, quyidagi tashabbuslarni ilgari surdilar.

  1. BMTning Taraqqiyot huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganining 40-yilligi munosabati bilan taraqqiyot inson huquqlarini ro‘yobga chiqarishning kaliti ekanini, taraqqiyot huquqi esa insonning asosiy huquqi ekanini yana bir bor ta’kidlash lozim. Hamkorlik orqali rivojlanishni ishonch bilan rag‘batlantirish va rivojlanish orqali inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotga ko‘maklashish, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining Markaziy Osiyo mamlakatlari taraqqiyot strategiyalari bilan uyg‘unligini yanada kuchaytirish, Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikning yuksak sifatli rivojlanishini rag‘batlantirish hamda inson huquqlarini amalga oshirish uchun yanada mustahkam poydevor yaratish zarur.
  2. “Xalqning baxtli hayoti insonning eng ulug‘ huquqidir” degan konsepsiyaga amal qilish. Olti mamlakat xalqlarining go‘zal hayotga intilishlariga muvofiq, aholi farovonligini oshirish va turmush darajasini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish, qishloq xo‘jaligi, transport, “yashil” energetika, ta’lim, tibbiy xizmat ko‘rsatish, bandlik va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirishga ko‘maklashish, aholining hayot sifatini uzluksiz yaxshilab, inson huquqlari himoyasini yangi bosqichga olib chiqish lozim.
  3. Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari umumiy chegaraga ega ekanini hamda taqdiri mushtarakligini aniq anglab yetish; ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida tajriba almashish va hamkorlikni mustahkamlash, iqlim o‘zgarishiga birgalikda chora ko‘rish, bioxilma-xillikni asrash, “yashil” va kam uglerodli rivojlanishga ko‘maklashish, yashil tog‘lar va moviy suvlarni asrash, go‘zal umumiy uyimizni barpo etish, sog‘liqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida jamoatchilik huquq va manfaatlarini yanada samarali himoya qilish, shuningdek, global barqaror rivojlanishga faol hissa qo‘shish kerak.
  4. Ilmiy-texnika inqilobi va sanoat o‘zgarishlari ochib berayotgan yangi imkoniyatlardan birgalikda foydalanish, inson huquqlarini himoya qilish uchun raqamli intellektual texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq yangi vazifalarga munosib javob qaytarish. Asosiy e’tiborni “inson hamma narsadan ustun” degan tamoyilga qaratish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rag‘batlantirish, raqamli tafovutni qisqartirish, raqamli va intellektual texnologiyalarni inson manfaatlariga yo‘naltirish, yangi axborot texnologiyalari va sun’iy intellektni qo‘llashning salbiy oqibatlari oldini olish hamda ulardan inson huquqlarini ilgari surishda yanada samarali foydalanish kerak.
  5. Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘z milliy voqeliklariga mos keladigan inson huquqlarini rivojlantirish yo‘lidan borishini qo‘llab-quvvatlash, “Xitoy – Markaziy Osiyo ruhi”ni har tomonlama rivojlantirish, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi almashinuv va o‘zaro o‘rganishni chuqurlashtirish, shuningdek, milliy xususiyatlarni hisobga olgan holda umumiy modernizatsiya orqali inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotga ko‘maklashish talab qilinadi.
  6. Olti mamlakatning inson huquqlari bo‘yicha institutlari, jamoat tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari, tahliliy markazlari, korxonalari, ommaviy axborot vositalari va yoshlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, inson huquqlarini rivojlantirish borasidagi konsepsiyalar va amaliy tajriba bilan chuqur almashish, muloqot ko‘priklarini qurish, amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarida inson huquqlarining muvofiqlashtirilgan rivojlanishiga ko‘maklashish zarur.
  7. O‘zgarishlar va tartibsizliklar o‘zaro tutashib ketgan dunyoda hamda inson huquqlari sohasidagi global boshqaruvga jiddiy xavflar yuzaga kelgan sharoitda biz Global taraqqiyot tashabbusi, Global xavfsizlik tashabbusi, Global sivilizatsiya tashabbusi va Global boshqaruv tashabbusini hayotga tatbiq etishimiz, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, butun dunyoda tinchlik va xavfsizlikni saqlash uchun birgalikda harakat qilishimiz hamda jahondagi inson huquqlari ishining rivojlanishiga turtki berishimiz shart.
  8. “Xitoy – Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish forumini institutsionalizasiya qilishga ko‘maklashishda davom etish, ko‘proq ekspertlarni faol ishtirokka jalb qilish, “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammiti natijalarini sidqidildan hayotga tatbiq etish, inson huquqlari masalalari bo‘yicha konsensusni doimiy ravishda mustahkamlash va olti davlatning ushbu sohadagi hamkorligini kuchaytirish, Xitoy va Markaziy Osiyoning o‘zaro yaqin va tutash taqdirli hamjamiyatini barpo etishga yanada katta hissa qo‘shish lozim.

Xulosa qilib aytganda, “Xitoy – Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish forumi mintaqada inson huquqlari sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Inson huquqlari, adolat va taraqqiyot bir-biri bilan uzviy bog‘liq tushunchalardir. Agar jamiyatda inson qadri ulug‘lansa, huquq va erkinliklar ta’minlansa, barqaror taraqqiyotga erishish mumkin bo‘ladi. Shu sababli, yuqori sifatli rivojlanish orqali inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotni birgalikda ilgari surish bugungi davrning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

Saidakmal Mamasoliyev,

Saidislom Nuriddinov,

Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari,

“Adolat ko‘zgusi” huquqiy-ma’rifiy gazetasi 2026-yil 29-may 5-son

Powered by GSpeech