Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

O‘ZBEKISTONDA PARLAMENTARIZM TARAQQIYOTI: 35 YILLIK ISLOHOTLAR, TAJRIBA VA ISTIQBOLLAR

14-avgust kuni poytaxtimizda «Mustaqil O‘zbekiston – 35-yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov ishtirok etdi va ma’ruza qildi.

Ushbu ma’ruza matni taqdim etilmoqda:

 

“Bugun mamlakatimizda kuchli va mas’uliyatli parlamentni barpo etish, samarali parlament diplomatiyasini tatbiq qilish uchun keng sharoitlar yaratilmoqda”.

 

Sh.M.Mirziyoyev

 

Hurmatli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilari!

Muhtaram deputatlar va senatorlar!

Hurmatli olimlar, davlat va jamoat arboblari!

Alohida ehtirom xorijiy deputat va mehmonlarga!

Aziz hamkasblar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalambor sizlarni davlatchiligimiz, erkinligimiz va milliy g‘ururimizning eng ulug‘, eng muqaddas ayyomi — O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35-yillik bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman va samimiy tabriklayman! 

Bugun biz O‘zbekiston milliy davlatchiligi va demokratik taraqqiyotining eng muhim institutlaridan biri — parlamentarizmning 35-yillik rivojlanish yo‘lini ilmiy va amaliy nuqtayi nazardan tahlil qilish uchun yig‘ildik.

Konferensiya mavzusi, menimcha, oddiy bir tarixiy yubiley mavzusi emas.

Chunki parlament — bu faqat qonun qabul qiladigan muassasa emas. Parlament:

·      bu xalq irodasining siyosiy ifodasi;

·      bu turli ijtimoiy manfaatlarning qonuniy muloqot maydoni;

·      bu hokimiyatning muvozanat va tiyib turish mexanizmlaridan biri;

·      bu davlat siyosatining qonuniyligi va xalqchilligini ta’minlovchi demokratik institutdir.

Shu ma’noda, Yangi O‘zbekistonda parlamentarizmning 35-yillik tarixiga nazar tashlash — aslida mamlakatimizda xalq hokimiyatchiligi, inson huquqlari va qonun ustuvorligi, demokratik institutlar, siyosiy plyuralizm qanday shakllangani va rivojlanganini ko‘rish demakdir.

XX asr yangi o‘zbek romanshunosligining asoschisi va adabiyotining ulkan namoyandasi Abdulla Qodiriy so‘zlari bilan aytganda, «Moziyg‘a qaytib ish ko‘rmoq xayrlikdir».

Menimcha, zamonaviy parlamentarizmning eng oliy mezoni — parlamentning xalqqa qanchalik naf keltirayotgani, inson huquqlari va erkinliklarini qay darajada himoya qilayotgani, jamiyat taraqqiyotiga qanday hissa qo‘shayotgani bilan belgilanadi. Zero, xalqqa xizmat qiladigan parlament, oxir-oqibat, davlatning o‘ziga ham, uning kelajagiga ham xizmat qiladi.

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning

«Naf’ing agar xalqqa beshakdurur,

Bilki, bu naf’ o‘zungga ko‘prakdurur»

kabi misralari aynan har bir deputat, senator faoliyatining mezonini tashkil etishi lozim.

35-yil mobaynida O‘zbekiston parlamentining o‘zi ham o‘zgardi, uning davlat hokimiyati tizimidagi o‘rni ham o‘zgardi, parlamentga nisbatan jamiyatning talabi ham o‘zgardi.

Kecha parlament uchun asosiy savol «Qanday qonun qabul qilish kerak?» bo‘lgan bo‘lsa, bugun unga yanada murakkabroq savol qo‘yilmoqda: «Qabul qilingan qonun inson hayotini qanday o‘zgartirdi?»

Menimcha, O‘zbekiston parlamentarizmining keyingi taraqqiyot bosqichini aynan ana shu savol belgilab berishi kerak.

  

Jahon parlamentarizmining tarixiy ildizlari

 

“Kuchli parlament va xalq vakillik organlari

-         Yangi O‘zbekistonning tayanchidir”.

 

Sh. M. Mirziyoyev

 

 Jahon parlamentarizm tarixiga qarasak, Angliyadagi parlament an’analari, Yevropadagi vakillik organlari, keyinchalik konstitutsionalizm va demokratik davlatchilikning rivojlanishi zamonaviy parlamentarizmning shakllanishiga asos bo‘lgan.

XVIII–XIX asrlarda xalq vakilligi, saylov huquqi, siyosiy partiyalar va parlament nazoratining rivojlanishi parlamentarizmni zamonaviy davlat tizimining muhim institutiga aylantirgan.

XX asrda esa parlamentarizm demokratiya, inson huquqlari, qonun ustuvorligi va hokimiyatlar bo‘linishi prinsiplari bilan uzviy bog‘langan.

Buyuk Britaniya parlamentining tarixi asrlar davomida shakllangan an’analarga borib taqaladi. Germaniyada parlament demokratiyasi partiyaviy va proporsional vakillik bilan uyg‘unlashgan. AQSHda ikki palatali Kongress prezidentlik tizimida qonun chiqaruvchi hokimiyatning mustaqil markazi sifatida faoliyat yuritadi. Fransiyada esa parlament aralash boshqaruv, ya’ni yarim prezidentlik tizimidagi hokimiyatlar muvozanatining bir qismi hisoblanadi.

Mamlakatimiz tarixiga nazar tashlasak, parlamentarizmning ildizlari qadimgi xalq yig‘inlari va vakillik institutlariga borib taqaladi.

Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, “Avesto” kabi mamlakatimiz tarixiga oid eng qadimgi manbalardan shu narsa ma’lumki, jamiyat va davlat hayotidagi eng muhim qarorlar yakka hukmdor emas, balki xalq yig‘inlari, oqsoqollar va qabila boshliqlarining jamoaviy mashvarati orqali qabul qilingan. Bu — jamoa manfaatlarini muhokama qilish va kelishuvga asoslangan boshqaruvning ilk madaniy poydevori edi.

Turk hoqonligida davlatning eng muhim masalalari — Qurultoy va Kengash yig‘inlarida muhokama qilinib, kelishuv asosida hal etilgan. Mahmud Qoshg‘ariy qalamiga mansub turkiy tillarning ilk qomusiy lug‘ati «Devon-u lug‘otit turk»da “Kengashda qilingan ishning kengchiligi, yengilligi bo‘ladi; kengashsiz qilingan ish esa torlik (qiyinchilik) keltiradi”, deb yozilgan.

Sohibqiron Amir Temur saltanatida «Mashvarat» (kengash) va oliy «Qurultoylar» davlat ishlarini hal etishda muhim o‘rin tutgan. Temur tuzuklarida “Saltanat ishlarining to‘qqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltiriladi” – deb nasihat berilgan. Amir Temurning bu tajribasi bizga bir muhim haqiqatni eslatadi: davlat qarorlarining puxtaligi ko‘p jihatdan fikrlar xilma-xilligi va maslahat madaniyatiga bog‘liq.

Bugungi kunda «Eng yaxshi parlament modeli qaysi?» degan savolga yagona javob yo‘q. Eng yaxshi model — muayyan mamlakatning tarixiy taraqqiyoti, davlat tuzilishi, siyosiy madaniyati va jamiyat ehtiyojlariga eng mos keladigan modeldir.

Parlamentarizmning asosiy mezonlaridan biri -  parlamentning bor-yo‘qligi emas, balki uning davlat hokimiyati tizimida qanchalik ta’sirchan va mustaqil institut ekanligidir.

Bugun dunyoda parlamentlarning ikki asosiy tashkiliy modeli:

·     bir palatali;

·     ikki palatali parlamentlar mavjud.

Parlamentlararo Ittifoq ma’lumotlariga ko‘ra, 188 milliy parlamentning 81 tasi ikki palatali, 107 tasi esa bir palatali hisoblanadi. Parlamentlararo Ittifoqning o‘zi 183 milliy parlamentni birlashtiradi. Shuningdek, tashkilot tarkibida 15 ta mintaqaviy parlament birlashmalari uyushgan a’zo sifatida qatnashadi.

 

Parlamentarizm: tushunchasi va ahamiyati

 

Jahon parlamentarizmiga nazar tashlasak, “parlament” deganda hamma davlatlarda bir xil institutni anglash mumkin emasligini ko‘rish mumkin.

Parlamentarizm haqida so‘z yuritganda, avvalo, uning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri anglab olish muhim. Chunki parlamentarizm tushunchasi oddiy ma’noda faqat parlamentning mavjudligi yoki uning faoliyati bilan cheklanmaydi.

Parlament murakkab va ko‘p qirrali siyosiy-huquqiy voqelik bo‘lib, o‘zining normativ va amaliy jihatlariga ega.

Shu nuqtayi nazardan, «parlamentarizm» tushunchasini shartli ravishda o‘zaro bog‘liq uch ma’noda talqin qilish mumkin.

Birinchisi, parlamentarizm — bu qonunchilikdir.

Parlamentarizm, eng avvalo, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyati, qonunlarni qabul qilish, takomillashtirish va ularning ijrosini nazorat qilish bilan bog‘liq jarayonlarni anglatadi.

Parlamentning eng asosiy va klassik funksiyasi — qonun qabul qilishdir. Biroq zamonaviy parlamentarizmni faqat qonun qabul qilish jarayoni bilan cheklab bo‘lmaydi. Bugun parlamentning qonunchilik faoliyati bilan bir qatorda, davlat byudjeti, parlament nazorati, Hukumatning hisobdorligi, siyosiy partiyalar faoliyati, inson huquqlari va jamoatchilik manfaatlarini ifodalash xalqaro parlamentlararo aloqalar kabi vazifalari ham parlamentarizmning uzviy ajralmas qismidir.

Shunday qilib, parlamentarizmning qonunchilik ma’nosi — parlamentning qonun ijodkorligi orqali jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish va davlat siyosatining huquqiy asoslarini yaratish faoliyatida namoyon bo‘ladi.

Ikkinchisi, parlamentarizm — bu parlamentarizm nazariyasidir.

Parlamentarizm nazariyasi «Parlament qanday bo‘lishi kerak?», «Parlament qanday ishlashi lozim?», «Parlamentning davlat va jamiyatdagi haqiqiy vazifasi nimadan iborat?», degan fundamental savollarga javob izlaydi.

Bu nuqtayi nazardan parlamentarizm siyosatshunoslik, davlat va huquq nazariyasi, konstitutsiyaviy huquq, parlament huquqi va boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlar kesishuvida shakllangan tizimli mustaqil ilmiy yo‘nalish sifatida namoyon bo‘ladi.

Shu bois, biz O‘zbekiston parlamentarizmining 35-yillik taraqqiyotini o‘rganar ekanmiz, faqat qabul qilingan qonunlar yoki parlamentning tashkiliy tuzilishi bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Biz, shuningdek, parlament institutining nazariy asoslari qanday o‘zgargani, parlamentarizmga bo‘lgan ilmiy va siyosiy yondashuvlar qanday rivojlangani, milliy parlamentarizm modeli qanday shakllanganini ham tadqiq etishimiz zarur.

Uchinchisi, parlamentarizm — bu parlamentarizm amaliyotidir.

Parlamentarizm amaliyoti — bu parlamentning kundalik faoliyati, deputatlarning saylovchilar bilan munosabati, qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayoni, parlament nazoratini amalga oshirish, Hukumat hisobdorligi, parlamentdagi siyosiy partiyalar va fraksiyalar faoliyati, parlament muxolifati, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik, shuningdek, parlament diplomatiyasi kabi ko‘plab jarayonlarni qamrab oladi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, har qanday ilmiy nazariya va huquqiy norma faqat amaliyotda o‘zining haqiqiy tasdig‘ini namoyon etadi.

«Nazariya — quruq og‘ochdir,

Ammo yashnar hayot daraxti»,

deb yozgan edi Gyote o‘zining dunyoga mashhur «Faust» tragediyasida. Ushbu satrlar O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Erkin Vohidov tomonidan mohirona tarjima qilingan edi.

 

Parlamentarizm: qonunchilik, nazariya va amaliyot birligi

 

Demak, parlamentarizmning amaliy mazmunini «Parlament amalda qanday ishlayapti?», degan savol orqali izohlash mumkin:

·      agar qonunlar sifatli bo‘lsa-yu, lekin ular ijro etilmasa — bu to‘laqonli parlamentarizm emas;

·      agar parlamentning vakolatlari Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-yu, lekin ular amalda samarali ishlamasa — bu ham to‘laqonli parlamentarizm emas;

·      agar parlamentda siyosiy partiyalar mavjud bo‘lsa-yu, lekin ular o‘rtasida real fikrlar xilma-xilligi va konstruktiv siyosiy raqobat bo‘lmasa — parlamentarizmning siyosiy mazmuni to‘liq namoyon bo‘lmaydi.

Shu bois, parlamentarizmning haqiqiy mohiyatini “qonunchilik — nazariya — amaliyot” birligi asosida baholash zarur.

Bu uch elementni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi:

·      qonunchilik parlamentarizmning huquqiy poydevorini tashkil etadi;

·      nazariya uning ilmiy va konseptual va ma’naviy-axloqiy asoslarini belgilaydi;

·      amaliyot esa ushbu huquqiy va nazariy asoslarni hayotga tatbiq etadi.

Ushbu uch element o‘zaro uzviy bog‘liq va bir-birini to‘ldirishi lozim:

·      agar qonunchilik ilg‘or bo‘lsa-yu, lekin amaliyot unga mos kelmasa — huquqiy normalar deklarativ xarakterga ega bo‘lib qolishi mumkin;

·      agar amaliyot mavjud bo‘lsa, lekin uning nazariy va huquqiy asoslari yetarli darajada rivojlanmagan bo‘lsa — parlamentarizm tizimli va barqaror rivojlana olmaydi;

·      agar nazariya kuchli bo‘lsa-yu, lekin u qonunchilik va amaliy faoliyatga ta’sir qilmasa — u hayotdan uzilib qolgan ilmiy g‘oyaga aylanishi mumkin.

Shuning uchun haqiqiy parlamentarizm — bu ilmiy nazariya, mukammal qonunchilik va samarali parlament amaliyotining uyg‘unligidir.

Menimcha, O‘zbekistonda parlamentarizmning 35-yillik taraqqiyotini ham aynan shu uch o‘lchov asosida baholash mumkin.

Birinchisi — bizda qanday qonunchilik tizimi yaratildi?

Ikkinchisi — milliy parlamentarizmning qanday nazariy va konseptual asoslari shakllandi?

Uchinchisi — ushbu qonunchilik va nazariy asoslar parlament amaliyotda qay darajada o‘z ifodasini topdi?

Ana shu uch savolga javob berish orqali biz O‘zbekiston parlamentarizmining haqiqiy taraqqiyot darajasini, uning yutuqlari bilan bir qatorda, mavjud muammolari va istiqbollarini ham xolisona baholay olamiz.

O‘zbekiston parlamentarizmining ham eng muhim vazifalaridan biri — xorijiy parlament tajribasini mexanik ravishda ko‘chirish emas, balki jahon tajribasidan milliy davlatchilik xususiyatlariga mos bo‘lgan eng samarali institut va mexanizmlarni tanlab olishdir.

  

Mustaqil O‘zbekiston parlamentarizmi: shakllanishi va rivojlanish bosqichlari

  

“Parlament xalq irodasining haqiqiy ko‘zgusi bo‘lishi zarur”.

Sh. M. Mirziyoyev

 

 Mustaqillik yillarida O‘zbekiston parlamentarizmining eng muhim amaliy natijalaridan biri — milliy qonunchilik tizimining izchil shakllantirilishi va takomillashtirilishi bo‘ldi.

Raqamlarga murojaat qilaylik: 1991–2026-yillar mobaynida mamlakatda jami 1 563 ta qonun hamda 19 ta kodeks qabul qilingani milliy davlatchilik va huquqiy tizimning mustaqil taraqqiyot yo‘lini yaqqol namoyon etadi. Shu davrda O‘zbekiston tomonidan 129 ta xalqaro shartnoma ratifikatsiya qilinib, 3 ta xalqaro shartnoma esa denonsatsiya qilindi.

Bu raqamlar shunchaki statistika emas — ular parlamentning qonun ijodkorligi, milliy huquqiy makonni shakllantirish va O‘zbekistonning xalqaro huquqiy majburiyatlarini milliy qonunchilik bilan uyg‘unlashtirish borasidagi salmoqli faoliyatining aniq ifodasidir.

Mustaqil O‘zbekiston parlamentarizmining zamonaviy tarixi 1990-yilda Oliy Kengashning tashkil etilishi bilan bog‘liq jarayonlardan boshlanib, mustaqil O‘zbekiston parlamentining shakllanishi, keyinchalik ikki palatali parlamentga o‘tilishi va bugungi konstitutsiyaviy islohotlargacha bo‘lgan 35-yillik murakkab evolyutsion jarayonni qamrab oladi.

Men O‘zbekiston parlamentarizmi taraqqiyotini shartli ravishda uch bosqichga ajratishni taklif etaman.

Birinchi bosqich — 1990–2004-yillar, ya’ni soxta xalq vakilligidan haqiqiy parlamentarizmga o‘tish davri.

1990-yilda Oliy Kengashning tashkil topishi, Prezidentlik institutining joriy etilishi va 1991-yilda davlat mustaqilligining e’lon qilinishi O‘zbekiston parlamentarizmi uchun yangi tarixiy bosqichni boshlab berdi. Bu davrda milliy davlatchilik va xalq vakilligi instituti yangi siyosiy-huquqiy sharoitda shakllandi va rivojlandi.

Bu davrni bir palatali milliy parlament va konstitutsiyaviy parlamentarizmning shakllanish bosqichi deb atash mumkin. 1992 yilgi Konstitutsiya parlamentning huquqiy maqomini belgilab berdi. Shu davrda qonun ijodkorligi, parlament qo‘mitalari, deputatlik faoliyati va siyosiy partiyalarning parlamentdagi ishtiroki shakllana boshladi.

Ikkinchi bosqich — 2005–2016-yillar, ya’ni ikki palatali parlament tizimiga o‘tish bosqichi.

Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senatdan iborat ikki palatali tizimga o‘tilishi parlament institutsional rivojida tub burilish bo‘ldi. Buning asosiy maqsadi — bir tomondan, xalqning siyosiy irodasini ifodalovchi va qonun ijodkorligiga ixtisoslashgan professional Qonunchilik palatasini shakllantirish bo‘lsa, ikkinchi tomondan, hududiy vakillikni ta’minlaydigan Senatni rivojlantirish edi.

Uchinchi bosqich — 2017–2026-yillar, ya’ni Yangi O‘zbekiston parlamentarizmi davri.

Bu davrni parlamentning siyosiy va nazorat vakolatlarini kyengaytirish bosqichi deb baholash mumkin. Ayniqsa, Harakatlar strategiyasi doirasida parlamentning davlat va jamiyat hayotidagi roliga yangicha yondashuv shakllandi.

Parlament nazoratining yangi shakllari rivojlandi. «Hukumat soati» instituti kengaydi. Parlament so‘rovlari, deputatlik so‘rovlari, qo‘mitalarda vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitish amaliyoti kuchaydi.

Eng muhimi, parlament faoliyatida «qonun qabul qilishdan — qonun ijrosini nazorat qilishga» o‘tish tendensiyasi paydo bo‘ldi.

Bu bosqichda konstitutsiyaviy modernizatsiya amalga oshirildi.

2023-yilda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi va 2024-yilda yangi konstitutsiyaviy asosda parlament saylovlarining o‘tkazilishi O‘zbekiston parlamentarizmi tarixida muhim bosqichni boshlab berdi.

2024 yilgi parlament saylovlari O‘zbekiston tarixida Qonunchilik palatasiga aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilgan birinchi saylov bo‘ldi: 150 deputatlik o‘rinlarining 75 tasi bir mandatli okruglarda majoritar tizim, 75 tasi esa partiya ro‘yxatlari asosida proporsional tizim bo‘yicha shakllantirildi.

Shunday qilib, 35-yillik O‘zbekiston parlamentarizmi bir palatali parlamentdan — ikki palatali parlamentga, vakillik organidan — professional parlamentga, qonun ijodkorligidan — ta’sirchan parlament nazoratiga sari rivojlandi.

  

Yangi O‘zbekiston va parlamentarizm

 

 “Bugungi O‘zbekiston – samarali parlamentarizm

instituti faoliyat ko‘rsatayotgan mamlakatdir”.

 

Sh.M. Mirziyoyev

  

Millat sardori olg‘a surgan Yangi O‘zbekiston g‘oyasining eng muhim jihatlaridan biri — «xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak», degan tamoyilning davlat boshqaruvining barcha bo‘g‘inlariga tatbiq etilishidir.

Buyuk Alisher Navoiyning:

«Odami ersang, demagil odami,

Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami», degan mashhur misralari bu tamoyilni yaqqol ifodalaydi.

Yangi O‘zbekiston g‘oyasini hayotga tatbiq etishda parlamentning o‘rni alohida. Chunki parlament — davlat va xalq o‘rtasidagi eng muhim siyosiy-huquqiy ko‘prikdir.

Yangi O‘zbekiston parlamentarizmida uchta asosiy tendensiyani ko‘rsatish mumkin.

Birinchi tendensiya — parlamentning davlat hokimiyati tizimida siyosiy roli va ahamiyati oshib bormoqda. Qonunchilik palatasining ijro hokimiyati bilan munosabatlarida parlamentning roli kuchaymoqda. Hukumat a’zolarining parlamentdagi hisobdorligi ortmoqda.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda “Milliy parlamentarizmni rivojlantirish va xalq hokimiyatini mustahkamlash, davlat boshqaruvi organlari hisobdorligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy choralar amalga oshirilmoqda”.

Qonunchilik palatasining Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqishi, Hukumat a’zolari nomzodlarini ma’qullashi, Hukumat hisobotlarini eshitishi parlament mas’uliyatini sezilarli darajada oshirmoqda. Yangilangan Konstitutsiyaning 94-moddasi Qonunchilik palatasiga Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash, Hukumat a’zolari nomzodlarini ko‘rib chiqish, Hukumatning muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha hisobotlarini eshitish kabi vakolatlarni belgilaydi.

Ikkinchi tendensiya — parlament nazoratining mazmuni kengaymoqda. Parlament nazorati endi faqat vazirning hisobotini eshitish bilan cheklanmasligi kerak. Uning asosiy mezoni:

«Parlament qabul qilgan qonun amalda inson hayotini qanchalik o‘zgartirdi?» - degan savolga javob berishdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zlari bilan aytganda, “Har bir qonunning, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘zi, oyog‘i, ijrosi bo‘lishi lozim. Qonun qabul qilindimi, albatta, hayotda o‘zgarish bo‘lishi kerak”.

Shuning uchun parlament nazoratini aniq va samarali natijaga yo‘naltirilgan nazoratga aylantirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.

Uchinchi tendensiya — parlamentning xalq bilan aloqasi mustahkamlanmoqda. Deputat saylov okrugiga borib, faqat uchrashuv o‘tkazishi emas, balki muammoni aniqlashi, uni qonunchilik tashabbusiga aylantirishi va uning yechimini nazorat qilishi kerak.

Shu ma’noda, deputatning faoliyatini baholashning yangi mezoni zarur: «Deputat nechta yig‘ilishda qatnashdi?» emas, balki «U o‘z saylovchilari hayotida qanday o‘zgarish qildi?» - ana shu savol muhim.

Dyeputat saylovchi huzuriga borishi, hududdagi muammolarni o‘rganishi va ularning yechimini nazorat qilishi kerak. Shu bilan birga, parlament nazorati ijtimoiy sohadan tashqari iqtisodiy, byudjet, investitsiya va boshqa strategik masalalarga yanada kengroq kirib borishi zarur.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi – parlament va vakillik organlari uchun amaliy dastur bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, Murojaatnoma mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yo‘nalishlarni belgilab beruvchi hamda qonun ijodkorligi bo‘yicha aniq takliflarni aks ettiruvchi muhim dasturiy siyosiy-huquqiy hujjatdir. E’tiborlisi, ilgari ushbu nutq faqat parlamentga qaratilgan bo‘lsa, bugungi kunda u bevosita butun O‘zbekiston xalqiga yo‘naltirilib, uning maqomi va legitimligi yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 109-moddasi asosida yanada mustahkamlandi.

Murojaatnomaning aynan xalq vakillari orqali butun jamiyatga yetkazilishi davlat hokimiyati va fuqarolar o‘rtasidagi ochiq muloqotning yuksak namunasidir.

2017-2025-yillar mobaynida Davlat boshlig‘ining sakkizta murojaatnomasi amalga oshirildi.  2024-yilda Murojaatnoma yangi shakli o‘tkazilib, bu safar davlat rahbarining chiqishlari yaxlit va yagona dasturiy hujjat sifatida emas, balki yangi saylangan Qonunchilik palatasi, Senatning birinchi majlislari hamda palatalarning qo‘shma majlisida so‘zlangan konseptual nutqlar tarzida e’lon qilindi. Bu esa mamlakat hayotining barcha sohalarida konstitutsiyaviy islohotlarning ilk amaliy natijalarini chuqur tahlil qilish va istiqboldagi vazifalarni belgilash imkonini berdi.

Murojaatnomaning yana bir muhim jihati shundaki, unda nafaqat parlament a’zolari va Hukumat tarkibi, balki sud hokimiyati vakillari (sudyalar) hamda mahalliy Kengashlar deputatlari ham faol ishtirok etmoqda. Bunday keng qamrovli format Konstitutsiyaning 11- va 105-moddalarida mustahkamlangan davlat hokimiyatining uchta mustaqil tarmog‘i — qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hududlar manfaatlarining mutanosibligini amalda ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Demokratik davlatchilikning muhim instituti bo‘lmish Murojaatnoma O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy siyosatni rejalashtirishning muhim mexanizmiga aylandi. An’anaga ko‘ra, Davlat rahbari ushbu chiqishida kirib kelayotgan yangi yilga muayyan nom berishni taklif etadi va shu asosda davlat dasturlari tasdiqlanadi. Ushbu mexanizm jamiyatni muayyan maqsadlar atrofida jipslashtirish, moliyaviy va tashkiliy resurslarni eng ustuvor sohalarga — xususan ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamli iqtisodiyot hamda ijtimoiy himoya tizimlariga aniq va manzilli yo‘naltirishga xizmat qiladi.

Dunyoning rivojlangan mamlakatlari parlament amaliyotida keng qo‘llaniladigan bunday Murojaatnoma shakli qonunchilik jarayonini jadallashtirishda ham alohida o‘rin tutadi. Davlat rahbari tomonidan Murojaatnomada ilgari surilgan strategik tashabbuslar va islohotlar zaminida Qonunchilik palatasi va Senat uchun istiqboldagi qonun ijodkorligining aniq yo‘l xaritasi shakllanadi. Bu esa islohotlarning huquqiy bazasini o‘z vaqtida yaratish va ijrosini samarali nazorat qilish imkonini beradi.

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va parlamentarizm

 

“Ishonchim komil, Yangi O‘zbekistonimiz jadal rivojlanadigan, yanada yuksak taraqqiyot cho‘qqilarini zabt etadigan davr bo‘ladi. Bu davr parlament va hukumat faoliyatida yangicha ishlash, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish bo‘yicha ibratli an’analar shakllanadigan va tarixga muhrlanadigan davr bo‘ladi”.

 

Sh.M. Mirziyoyev

  

2023-yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekiston parlamentarizmining huquqiy asoslarini sezilarli darajada kyengaytirdi.

Konstitutsiya davlat hokimiyati tizimida qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatining o‘zaro hamkorligi va muvozanatini kuchaytirishga qaratilgan.

Shu ma’noda, parlamentni kuchaytirish — ijro hokimiyatini zaiflashtirish degani emas. Aksincha: kuchli parlament — kuchli va mas’uliyatli ijro hokimiyatining kafolatlaridan biridir. Chunki ta’sirchan parlament ijroni tanqid qilish uchun emas, ijro natijadorligini oshirish uchun kerak.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada parlamentga taalluqli normalar  quyidagi yo‘nalishlarda takomillashtirildi.

Birinchi yo‘nalish: qonun chiqaruvchi hokimiyat maqomi va xalq vakilligi kuchaytirildi. Konstitutsiyada Oliy Majlisning davlat hokimiyati tizimidagi o‘rni fundamental ravishda mustahkamlandi va vakillik funksiyasi sezilarli darajada kengaytirildi. Agar ilgari parlament, asosan, qonun ijodkorligi bilan cheklangan bo‘lsa, yangi tahrirda Oliy Majlis to‘g‘ridan to‘g‘ri xalq manfaatlarini ifoda etuvchi va ijro etuvchi hokimiyat faoliyati ustidan samarali nazoratni amalga oshiruvchi oliy davlat vakillik organi sifatidagi mavqeiga ega bo‘ldi. Shuningdek, Senat tarkibining optimallashtirilishi va parlament palatalarining mutlaq vakolatlari aniq chegaralab berilishi qonunchilik jarayonining sifati va tezkorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Ikkinchi yo‘nalish: parlament nazorati va ijro etuvchi hokimiyat mas’uliyati ortdi. Islohotlar natijasida Vazirlar Mahkamasini shakllantirish va uning faoliyatini nazorat qilishda parlamentning roli keskin kuchaytirildi. Yangi konstitutsiyaviy tartibga ko‘ra, Hukumat a’zoligiga nomzodlar Qonunchilik palatasida atroflicha muhokama qilinib, ma’qullanganidan so‘nggina lavozimga tayinlanadi. Bundan tashqari, Bosh vazir va Vazirlar Mahkamasi a’zolarining parlament oldida muntazam hisobdorligi mustahkamlanib, ijro etuvchi hokimiyatning xalq vakillari oldidagi mas’uliyati va shaffofligi yangi bosqichga olib chiqildi.

Uchinchi yo‘nalish: davlat organlarini shakllantirishdagi vakolatlar kengaytirildi. Oliy Majlisning, xususan Senatning muhim davlat organlari rahbarlarini tayinlash va ularning faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish, monopoliyaga qarshi organlar hamda Hisob palatasi kabi muhim tuzilmalar faoliyati ustidan parlament nazoratining mustahkamlanishi davlat boshqaruvida o‘zaro tiyib turish va muvozanat prinsipini real amaliyotga aylantirdi. Bu esa hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida sog‘lom muvozanatni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

To‘rtinchi yo‘nalish: parlamentning tashqi siyosat va konstitutsiyaviy nazoratdagi roli oshdi. Yangi konstitutsiyaviy islohotlar parlamentning mamlakat ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilashdagi vakolatlarini yanada aniqlashtirdi. Xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish, diplomatik vakillarni tayinlash hamda tashqi siyosiy tashabbuslarni ilgari surishda Oliy Majlisning ishtiroki kuchaytirildi. Bu holat O‘zbekistonning xalqaro maydondagi manfaatlarini parlament diplomatiyasi vositasida yanada samarali himoya qilishga keng imkoniyat yaratib bermoqda.

Beshinchi yo‘nalish: mahalliy vakillik organlari va parlament o‘rtasidagi integratsiya kuchaydi. Islohotlarning yana bir muhim jihati — mahalliy davlat hokimiyati va vakillik organlari faoliyatini takomillashtirish orqali parlamentarizmning hududiy negizlari mustahkamlanganidir. Hokimlarning bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinishi mahalliy Kengashlarning mustaqilligini oshirib, ularning Oliy Majlis palatalari bilan tizimli hamkorligini ta’minladi. Mazkur o‘zgarish markaziy va mahalliy vakillik organlarining yaxlit tizim sifatida fuqarolar muammolarini hal etishdagi salohiyatini oshirdi.

  

O‘zbekiston parlamenti jahon parlamentarizmi tizimida

 

“Jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirishni zamonning o‘zi talab etmoqda”.

 

Sh.M. Mirziyoyev

 

 Bugun parlamentarizm faqat milliy chegaralar bilan cheklanmaydi. Zamonaviy xalqaro munosabatlarda bir haqiqat tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda: diplomatiya faqat tashqi ishlar vazirliklari va davlat rahbarlari darajasida amalga oshmaydi. XXI asrda parlament diplomatiyasi ham xalqaro muloqotning muhim kanallaridan biriga aylanmoqda.

Milliy parlamentlar bir-biri bilan muloqot qilar ekan, ular nafaqat davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi, balki qonunchilik tajribasini almashadi, umumiy muammolarga birgalikda yechim izlaydi. Shu ma’noda, parlament diplomatiyasini «tashqi siyosatning qo‘shimcha vositasi» sifatida emas, balki milliy manfaatlarni ilgari surishning mustaqil va ta’sirchan yo‘nalishi sifatida ko‘rish vaqti keldi.

Yangi O‘zbekiston parlamenti oldida turgan muhim vazifalardan biri — xalqaro parlamentlararo hamkorlikni faqat uchrashuvlar va tashriflar darajasida emas, balki aniq qonunchilik tashabbuslari, mintaqaviy muammolarga yechimlar va global masalalar bo‘yicha umumiy parlament pozitsiyalarini ishlab chiqish darajasiga olib chiqishdir.

Parlament diplomatiyasi alohida siyosiy-huquqiy yo‘nalish sifatida shakllandi. 2020-yil 25-sentyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining Parlament diplomatiyasi konsepsiyasi” parlamentning xalqaro maydondagi faoliyatini tizimlashtiruvchi va manzilli qiluvchi amaliy strategik platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu borada Parlamentlararo Ittifoq alohida ahamiyatga ega. O‘zbekistonning so‘nggi 10-yildan parlament diplomatiyasi sezilarli darajada faollashdi.

O‘zbekiston parlamenti:

·     Parlamentlararo Ittifoq;

·     YEXHT Parlament Assambleyasi;

·     Yevropa parlamenti;

·     MDH Parlamentlararo Assambleyasi;

·     Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi;

·     Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlararo forumi kabi tuzilmalar bilan hamkorlik qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining doimiy delegatsiyalari Parlamentlararo Ittifoqda, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasida hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament Assambleyasida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Parlament diplomatiyasi Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining ta’sirchan vositalaridan biriga aylanib bormoqda, xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlar bilan ko‘pqirrali hamda samarali hamkorlik aloqalari kengaydi, 78 ta parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Oxirgisi 2026-yil 6-martda Falastin Qonunchilik Kengashi bilan tashkil etilgan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi bo‘ldi.

Parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlik doirasida 26 ta tadbir o‘tkazildi. Qonunchilik palatasida 22 ta chet el delegatsiyalari qabul qilindi.

Bu jarayonning eng yorqin jahon parlament voqealaridan biri — 2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasining o‘tkazilishi bo‘ldi. Bu tadbir Markaziy Osiyoda parlamentlararo muloqotning xalqaro darajadagi nufuzini oshirish nuqtayi nazaridan muhim voqea bo‘ldi. Bu shunchaki navbatdagi xalqaro tadbir emas edi. Parlamentlararo Ittifoq ma’lumotlariga ko‘ra, Yubiley Assambleyasida qariyb 1400 nafar delegat, jumladan, 140 ga yaqin mamlakatdan 740 nafar parlament a’zosi ishtirok etgan. Unda 100 nafardan ortiq parlament spikerlari va vitse-spikerlari qatnashgan.

Bunday ko‘lamdagi tadbirning Toshkentda o‘tkazilishi O‘zbekiston parlamentining xalqaro parlament diplomatiyasidagi faolligi va Markaziy Osiyoning parlamentlararo muloqotdagi ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi. Yana bir diqqatga sazovor jihat — Assambleyada ishtirok etgan parlamentariylarning 37 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etgani bo‘ldi.

Bugun O‘zbekiston parlamentining xalqaro maydondagi vazifasi faqat xalqaro tadbirlarda ishtirok etishdan iborat emas.

O‘zbekiston parlamenti:

birinchidan, milliy manfaatlarni parlament diplomatiyasi orqali ilgari surishi;

ikkinchidan, Markaziy Osiyoda parlamentlararo hamkorlikni institutsional jihatdan kuchaytirishi;

uchinchidan, inson huquqlari, tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha global parlament muloqotida faol ishtirok etishi;

to‘rtinchidan, xalqaro majburiyatlarni milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etishda parlament rolini oshirishi kerak.

  

Yangi O‘zbekiston tashabbuslari va jahon parlamentarizmining yangi kun tartibi

 

Parlamentarizm taraqqiyoti haqida so‘z yuritar ekanmiz, bugungi kunda O‘zbekiston nafaqat milliy parlament tizimini takomillashtirayotgan davlat, balki jahon parlamentarizmining rivojlanish yo‘nalishlarini shakllantirishga hissa qo‘shayotgan mamlakat sifatida ham e’tirof etilayotganini alohida ta’kidlash lozim.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan qator tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholandi.

Buning yorqin namunasi sifatida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan mamlakatimiz tashabbusi asosida qabul qilingan bevosita parlamentga oid ikki muhim rezolyutsiyani keltirish mumkin.

Birinchi muhim hujjat 2022-yil 1-dekabrda qabul qilingan «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi rezolyutsiyadir.

Ushbu rezolyutsiya tarixiy ahamiyatga ega. Chunki ilk bor BMT darajasida parlamentlar Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishning strategik instituti sifatida alohida e’tirof etildi.

Hujjatda parlamentlarning qonunchilikni Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiqlashtirish, parlament nazoratini kuchaytirish, davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish, ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi vazifalari alohida belgilandi. Bu esa zamonaviy parlamentarizmning mazmuni tubdan o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Endilikda parlament faqat qonun chiqaruvchi organ emas, balki barqaror rivojlanishning siyosiy va huquqiy harakatga keltiruvchisi sifatida qaralmoqda.

Bu jarayonning mantiqiy davomi sifatida 2026-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan «Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi yangi rezolyutsiya qabul qilindi.

Ushbu rezolyutsiya parlamentlarning inson qadrini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy himoya, munosib mehnat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, xotin-qizlar huquqlari, yoshlar siyosati, ijtimoiy tenglik kabi sohalardagi mas’uliyatini xalqaro darajada yanada mustahkamladi.

Mazkur ikki rezolyutsiya zamonaviy parlamentarizm evolyutsiyasining yangi bosqichini belgilab berdi. Agar XX asr parlamentarizmi asosan qonun chiqarish va hokimiyatlar bo‘linishi g‘oyasi bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, XXI asr parlamentarizmi inson manfaatlari, barqaror rivojlanish va ijtimoiy adolat parlamentarizmi sifatida shakllanmoqda. Bu Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy va parlament islohotlarining xalqaro e’tirofini anglatadi.

 

Markaziy Osiyo parlamentarizmi: umumiy ildizlar, qadriyatlar va istiqbollar

 

Asta-sekin Markaziy Osiyoning yangi mintaqaviy o‘ziga xosligi vujudga kelmoqda. Bu farqli jihatlarimizni e’tirof etish va ayni paytda xalqlarimizning umumiy tarixi, mushtarak madaniyatini, taqdirlarimiz o‘zaro bog‘liq ekanini chuqur anglashga asoslanadi. Qo‘shnichilik — xavf emas, imkoniyat, bir tarafning muvaffaqiyati — barchaning yutug‘i degan yagona mintaqaviy makonga mansublik hissi shakllanmoqda

 

Sh.M. Mirziyoyev

  

O‘zbekiston parlamentarizmining taraqqiyoti haqida fikr yuritar ekanmiz, uni Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentarizmi taraqqiyotidan ajratib o‘rganish mumkin emas. Chunki mintaqa davlatlarini nafaqat umumiy geografik makon, balki mushtarak tarix, umumiy sivilizatsiyaviy meros, huquqiy an’analar, madaniy yaqinlik va davlatchilik tajribasi ham birlashtirib turadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida parlamentarizmning shakllanishi ham bir qator umumiy xususiyatlarga ega. Avvalo, mintaqa davlatlarining barchasi mustaqillikka erishgach, zamonaviy milliy parlamentlarni shakllantirish yo‘lini bosib o‘tdi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari konstitutsiyaviy davlatchilikning asosiy institutlaridan biri sifatida tashkil etildi. Shundan keyin har bir mamlakat o‘z milliy taraqqiyot modeli asosida parlamentarizmni rivojlantirishga kirishdi. Biroq ularni birlashtiruvchi umumiy qonuniyat ham mavjud. Bu — parlamentning davlat hokimiyati tizimidagi o‘rnini bosqichma-bosqich mustahkamlash, qonunchilik sifatini oshirish, parlament nazoratini kuchaytirish va xalqaro parlament hamkorligini kengaytirish jarayonidir.

Bugun "Markaziy Osiyo parlamentarizmi" degan tushuncha tobora aniq siyosiy-huquqiy mazmun kasb etmoqda.

Menimcha, bu “Markaziy Osiyo parlamentarizmi” tushunchasini belgilaydigan kamida beshta asosiy omil mavjud.

Birinchi omil: umumiy tarixiy ildizlar. Mintaqa xalqlari asrlar davomida bir xil davlatchilik an’analari, huquqiy madaniyat va siyosiy tajribalarni shakllantirgan. Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyasi, Temuriylar davlatchiligi, turkiy va fors-islom huquqiy merosi bugungi milliy davlatchilik rivojiga ham muayyan ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ikkinchi omil: huquqiy yaqinlik va mustahkam konstitutsiyaviy asoslar. Barcha Markaziy Osiyo davlatlari yozma Konstitutsiyalarga ega. Barchasida parlament davlat hokimiyatining mustaqil tarmog‘i sifatida e’tirof etilgan. Barcha davlatlarda inson huquqlari, qonun ustuvorligi va xalq vakilligi konstitutsiyaviy qadriyat sifatida belgilangan. Albatta, parlamentlarning tashkiliy tuzilishi turlicha. Ulardagi parlament modellari milliy konstitutsiyaviy taraqqiyot xususiyatlariga qarab shakllangan. Biroq ularning huquqiy tabiati umumiy konstitutsiyaviy tamoyillarga asoslanadi.

Uchinchi omil: demokratik islohotlar tendensiyasi. So‘nggi o‘n yillikda mintaqa mamlakatlarida parlamentlar vakolatlarini kengaytirish, qonunchilik jarayonini takomillashtirish, raqamli parlament texnologiyalarini joriy etish, parlament nazoratini kuchaytirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirildi. Bu tendensiya Markaziy Osiyo parlamentarizmining sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tayotganini ko‘rsatadi.

To‘rtinchi omil: faol parlament diplomatiyasi. Bugun mintaqa mamlakatlari o‘rtasida parlamentlararo muloqot mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Parlament spikerlari uchrashuvlari, qo‘mitalar o‘rtasidagi hamkorlik, deputatlar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari, hamda parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyati bugun mintaqaviy integratsiyaning muhim institutsional mexanizmiga aylanmoqda.

Beshinchi omil: umumiy kelajak uchun mas’uliyat. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘xshash muammolarga duch kelmoqda. Jumladan, iqlim o‘zgarishi, ekologiya, suv resurslari, migratsiya, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, energetika xavfsizligi, chegaralararo hamkorlik masalalarini faqat hukumatlar darajasida emas, balki parlamentlar darajasida ham muvofiqlashtirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

So‘nggi o‘n yilda Markaziy Osiyo parlamentlari o‘rtasidagi muloqot mutlaqo yangi bosqichga chiqdi. Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlari parlament diplomatiyasining yangi institutsional formatiga aylanmoqda. Bu uchrashuvlar qonunchilik tajribasini almashish, mintaqaviy barqarorlik, gender tengligi, yoshlar siyosati, ekologik xavfsizlik kabi yo‘nalishlarda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari Parlamentlararo Ittifoq doirasida ham o‘zaro muvofiqlashgan faol ishtirok etib, mintaqa manfaatlarini xalqaro parlament maydonlarida ilgari surish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

 

Yangi O‘zbekiston parlamenti istiqbollari:

9 xulosa

 

35-yillik O‘zbekiston parlamentarizm tajribasini o‘rganish asosida bir nechta muhim xulosalarga kelish mumkin.

Birinchi xulosa: O‘zbekiston parlamentarizmi tayyor bir modelni ko‘chirish asosida emas, balki milliy davlatchilik hamda xalqaro va xorijiy demokratik tajribaning uyg‘unligi asosida shakllandi.

Ikkinchi xulosa: Parlamentarizm — bir marta yaratib qo‘yiladigan institut emas. U doimiy rivojlanishni talab qiladigan siyosiy-huquqiy jarayondir.

Uchinchi xulosa: Parlamentning kuchli bo‘lishi faqat deputatlar va partiyalar soni yoki vakolatlar miqdori bilan belgilanmaydi. Uning haqiqiy kuchi qonunlarning sifati, nazorat mexanizmlarining ta’sirchanligi, siyosiy partiyalar raqobati, parlament muxolifatining faolligi, deputatlarning professionalligi, xalq bilan doimiy aloqasi bilan belgilanadi.

To‘rtinchi xulosa: O‘zbekiston parlamentarizmining istiqboldagi asosiy vazifasi — «vakolatli parlament»dan «natijador parlament»ga o‘tishdir. Ya’ni parlamentga ko‘proq vakolat berish bilan birga, uning har bir vakolati natija berishi kerak.

Beshinchi xulosa: Parlament demokratiyasida konstruktiv muxolifat — parlament sifatining muhim mezonidir. Sog‘lom tanqid, alternativ fikr va siyosiy raqobat qonunlarning sifatini oshiradi.

Oltinchi xulosa: Markaziy Osiyoda parlamentarizm alohida milliy modellar yig‘indisi emas, balki umumiy tarixiy va huquqiy ildizlarga ega bo‘lgan mintaqaviy konstitutsiyaviy makon sifatida rivojlanmoqda.

Yettinchi xulosa: mintaqa davlatlarining parlamentlari raqobat emas, balki hamkorlik modeli asosida rivojlanishi barqarorlikning muhim omilidir.

Sakkizinchi xulosa: parlament diplomatiyasi bugun tashqi siyosatning qo‘shimcha vositasi emas, balki mintaqaviy integratsiyaning mustaqil institutiga aylanmoqda.

To‘qqizinchi xulosa: Markaziy Osiyo parlamentarizmining o‘ziga xosligi umumiy tarixiy xotira, huquqiy madaniyat va zamonaviy konstitutsiyaviy islohotlarning uyg‘unligi orqali shakllanmoqda.

Shu o‘rinda jahon parlamentarizmi bizga muhim saboq beradi: parlamentning yoshi emas, uning samaradorligi muhim.

Ba’zi parlamentlar asrlar davomida shakllangan. Ba’zilari esa nisbatan yosh. Ammo parlamentning haqiqiy kuchi uning tarixining uzunligi, uning vakolatlari va majlislari bilan emas, balki xalq ishonchini qay darajada oqlashi, qonunlarning hayotda ishlashi va davlat hokimiyati ustidan demokratik nazoratni qanchalik samarali amalga oshirishi bilan o‘lchanadi. Qadimgi Xitoy mutafakkiri Konfutsiy «Xalqning ishonchi bo‘lmasa, davlat mavjud bo‘la olmaydi», - deb yozgan.

Shu ma’noda, O‘zbekiston parlamentarizmining 35-yilligi biz uchun faqat o‘tgan yo‘lni sarhisob qilish emas. Bu — «Biz qayerdan keldik?» degan savol bilan bir qatorda, «Biz qanday parlament qurmoqdamiz?» va «Kyelajak avlodga qanday parlamentarizm qoldirmoqchimiz?» degan savollarga ham javob izlash imkoniyatidir.

Menimcha, 35-yillik tajribadan kelib chiqadigan eng muhim xulosa shuki: biz endi parlamentning mavjudligi yoki uning vakolatlari bilan emas, balki uning jamiyat hayotiga samarali ta’siri bilan o‘lchanadigan yangi parlamentarizm bosqichiga qadam qo‘yishimiz kerak.

 

10 ta taklif

 

Kelgusi yillarda Yangi O‘zbekiston parlamentarizmi qanday bo‘lishi kerak? Men bu borada quyidagi takliflarni ilgari surmoqchiman.

Birinchi taklif: «natijaga yo‘naltirilgan parlament nazorati» tizimini joriy etish zarur. Nazorat tadbiri hisobot bilan emas, muammoning yechimi bilan yakunlanishi lozim.

Ikkinchi taklif: parlamentning byudjet nazoratini kuchaytirish. Parlamentning byudjet jarayonidagi ishtiroki faqat davlat byudjetini qabul qilish bilan cheklanmasligi kerak. Byudjet mablag‘larining maqsadli, samarali va natijador sarflanishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish zarur.

Uchinchi taklif: parlament muxolifati institutini yanada rivojlantirish. Muxolifatga berilgan huquqlar amalda ishlashi, parlamentda muqobil qonun loyihalari va muqobil siyosiy pozitsiyalar uchun real maydon yaratilishi kerak. Bu parlamentdagi bahs-munozara madaniyatini yangi bosqichga olib chiqadi.

To‘rtinchi taklif: raqamli parlamentga o‘tishni jadallashtirish. «Raqamli parlament» konsepsiyasi doirasida:

·     qonun loyihalarini sun’iy intellekt yordamida huquqiy va korrupsiyaviy ekspertizadan o‘tkazish;

·     qonunlarning ta’sirini raqamli monitoring qilish;

·     deputatlik so‘rovlarining yagona elektron monitoring tizimini yaratish;

·     fuqarolarning parlamentga elektron murojaatlarini qonun ijodkorligi bilan bog‘lash zarur.

Beshinchi taklif: fuqarolarning qonunchilik tashabbusini kuchaytirish. Fuqarolarning qonun ijodkorligidagi ishtiroki real mexanizmga aylanishi kerak. Buning uchun parlament huzurida Jamoaviy qonunchilik tashabbuslari institutini yanada rivojlantirish maqsadga muvofiq.

Oltinchi taklif: xalq deputatlari mahalliy Kengashlarini kuchaytirish. Parlamentarizm faqat Oliy Majlis bilan cheklanmasligi kerak. Haqiqiy vakillik demokratiyasi mahalliy Kengashlardan boshlanadi. Shuning uchun mahalliy Kengashlarning byudjet, hududiy rivojlanish, ijtimoiy siyosat, kommunal infratuzilma masalalaridagi vakolatlarini yanada kuchaytirish zarur.

Yettinchi taklif: parlamentning inson huquqlari bo‘yicha salohiyatini oshirish. Parlament faqat qonun qabul qiluvchi organ sifatida emas, balki inson huquqlarini kafolatlash tizimining faol subyekti sifatida ham rivojlanishi kerak. Har bir qonun loyihasining inson huquqlari va erkinliklariga ta’sirini parlament darajasida baholashning samarali tizimini kuchaytirish zarur.

Sakkizinchi taklif: parlament diplomatiyasini yangi bosqichga olib chiqish. Yangi O‘zbekiston parlamenti xalqaro parlamentlararo tashkilotlarda faol ishtirok etishdan tashqari, mintaqaviy parlament diplomatiyasi markazlaridan biriga aylanishi mumkin. Ayniqsa, Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, suv va energetika, iqlim o‘zgarishi, migratsiya, yoshlar, inson huquqlari masalalari bo‘yicha parlamentlararo muloqot mexanizmlarini kuchaytirish muhim.

To‘qqizinchi taklif: parlamentshunoslikni mustaqil ilmiy yo‘nalish sifatida rivojlantirish. Menimcha, bu juda muhim masala. O‘zbekistonda parlamentarizmning 35-yillik tajribasini ilmiy jihatdan umumlashtirish, parlament huquqi va parlamentshunoslik bo‘yicha maxsus ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, parlament amaliyotini qiyosiy-huquqiy tahlil qilish vaqti keldi. Bugungi kunda «Parlament huquqi», «O‘zbekiston parlamentarizmi tarixi», «Parlament nazorati nazariyasi va amaliyoti», «Parlament diplomatiyasi» kabi yo‘nalishlarda fundamental tadqiqotlar zarur.

O‘ninchi taklif: «Markaziy Osiyo parlamentlari forumi»ni doimiy institutsional muloqot maydoni sifatida rivojlantirish kerak. «Markaziy Osiyo parlamentarizmi konsepsiyasi» bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va ekspertlar platformasini shakllantirish lozim. Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari o‘rtasida raqamli qonunchilik texnologiyalari, huquqiy ekspertiza va baholash usullari bo‘yicha tajriba almashish tizimini yo‘lga qo‘yish davr toqazosidir.

Yosh deputatlar va parlament xodimlari uchun Markaziy Osiyo parlament akademiyasi yoki doimiy o‘quv dasturini tashkil etish kerak. Mintaqa davlatlari uchun dolzarb bo‘lgan suv, ekologiya, transport, migratsiya, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt sohalari bo‘yicha model qonunlar ishlab chiqish amaliyotini yo‘lga qo‘yish lozim.

Parlament diplomatiyasi doirasida Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy pozitsiyalarini xalqaro parlament maydonlarida muvofiqlashtirish amaliyotini kengaytirish davri keldi.

 

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

35-yil — tarix uchun qisqa davr. Ammo bu davrda O‘zbekiston parlamenti:

·      Oliy Kengashdan — Oliy Majlisga;

·      bir palatali tizimdan — ikki palatali parlamentga;

·      sessiyaviy faoliyatga asoslangan parlamentdan doimiy va professional asosda ishlaydigan parlamentga;

·      qonun qabul qiluvchi organ maqomidan — nazorat va vakillik funksiyalari kuchaygan institutga;

·      milliy parlamentdan — jahon parlament diplomatiyasining faol subyektiga aylanish yo‘lini bosib o‘tdi.

Bugun oldimizda yanada mas’uliyatli vazifalar turibdi.

Endi bizga shunchaki kuchli parlament emas, balki:

·      haqiqiy va samarali professional parlament;

·      xalqqa yaqin parlament;

·      qonunlari ishlaydigan parlament;

·      nazorati natija beradigan parlament;

·      muxolifat fikri eshitiladigan parlament;

·      yoshlar va xotin-qizlar ovozi to‘la aks etadigan parlament;

·      raqamli va ochiq parlament;

·      xalqaro maydonda milliy manfaatlarni faol himoya qiladigan parlament kerak.

Eng muhimi, Parlament – bu xalq uyi» degan yuksak nomga munosib bo‘lishi lozim.

Chunki parlamentning haqiqiy salohiyati va qudrati uning devorlarida emas:

·     uning haqiqiy qudrati — xalq ishonchida;

·     dyeputatning haqiqiy maqomi — uning lavozimida emas;

·     uning haqiqiy maqomi — xalq oldidagi mas’uliyatida;

·     qonunning haqiqiy qiymati — uning matnida emas;

·     uning haqiqiy qiymati — inson hayotini qanchalik yaxshilaganida.

Shu ma’noda, O‘zbekiston parlamentarizmining keyingi 35 yillik istiqboli uchun eng muhim shior, menimcha, quyidagicha bo‘lishi kerak:

«Kuchli parlament — kuchli davlatning emas, avvalo, kuchli fuqarolik jamiyati va inson qadrining kafolatidir».

Va yana bir fikrni alohida ta’kidlashni istardim:

Biz parlamentarizmni shunchaki rivojlantirishimiz emas — uni xalqning kundalik hayotida seziladigan demokratiyaga aylantirishimiz kerak.

Ana shunda 35 yillik parlamentarizm tajribasi tarixiy natijaga, bugungi islohotlar esa kelajak avlod uchun mustahkam demokratik merosga aylanadi.

 

E’tiboringiz uchun rahmat!

 

Nashr sanasi 14.08.2026 Ko'rishlar 69
Ulashish