Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Xalqaro anjuman: 35 yillik taraqqiyot yo‘limizdagi islohotlar, natijalar va istiqbollar muhokama qilindi

Bugun poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Mustaqil O‘zbekiston – 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, shuningdek, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va Qirg‘iziston parlamentlari a’zolari, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ekspertlar hamjamiyati hamda ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tashabbusi bilan Adliya vazirligi, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida tashkil etilgan konferensiya mustaqillik yillarida O‘zbekistonning davlatchilik va taraqqiyot tajribasini, barcha sohalarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijalarini muhokama etish hamda mamlakat taraqqiyotining keyingi bosqichi yuzasidan xalqaro va parlamentlararo muloqotni rivojlantirishga bag‘ishlandi.

Anjumanni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov kirish so‘zi bilan ochib, ma’ruza qildi. Spiker o‘z ma’ruzasida mamlakatimizning 35 yillik taraqqiyot yo‘li, bu davrda davlat, huquq va jamiyat hayotidagi tub o‘zgarishlar, erishilgan natijalarni alohida e’tirof etdi. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yangi O‘zbekiston g‘oyasi asosida inson huquq va erkinliklari, qadr-qimmati, farovonligi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan yangi taraqqiyot strategiyasi shakllangani va izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi. Parlament diplomatiyasi yo‘nalishidagi natijalar e’tirof etildi:

— So‘nggi yillarda yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan parlament diplomatiyasi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi, — dedi Spiker N.Ismoilov. — Keyingi o‘n yilda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari, Ozarbayjon, Belarus, Gruziya, Rossiya, Turkiya parlamentlari bilan aloqalari dinamikasi muntazam o‘sib bordi. Qonunchilik palatasining qardosh davlatlar parlamentlari bilan «do‘stlik guruh»larining maqomi oshirildi. O‘zaro samarali tashriflar soni yildan-yilga ko‘paymoqda. Xalqaro maydonlarda hamfikrlilik va bir-birini qo‘llab-quvvatlash ruhi, umummintaqaviy o‘ziga xoslik shakllanmoqda.

O‘zbekiston vakillari dunyodagi eng nufuzli xalqaro parlament tashkilotlari bo‘lgan Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi, Osiyo Parlamentlari Assambleyasi, Markaziy Osiyo parlamentlari forumi va boshqa platformalarda faol ishtirok etmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu O‘zbekistonning global parlamentlar muloqoti markazlaridan biri sifatida jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganining yorqin ifodasi bo‘ldi, — dedi N.Ismoilov.

Shuningdek, anjumanda Oliy Majlis Senati Raisi T.Norboyeva, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori S.Mahl, O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri A.Toshqulov, Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori F.Abduxoliqov hamda xorijiy parlament vakillari ma’ruza qilib, mamlakatimizda barcha yo‘nalishlarda izchillik bilan olib borilayotgan islohotlar, qo‘lga kiritilayotgan natijalarni e’tirof etdi.

Konferensiya davomida konstitutsiyaviy modernizatsiya, parlamentarizmni rivojlantirish, milliy qonunchilikni takomillashtirish, davlat boshqaruvini inson manfaatlariga xizmat qilish tamoyili asosida yanada takomillashtirish, tarixiy-madaniy merosni asrash, barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish hamda xalqaro va parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, 2023-yildagi konstitutsiyaviy islohotlar “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida davlat va jamiyat taraqqiyotining asoslarini mustahkamladi. Parlament faoliyati tubdan takomillashtirilib, qonun ijodkorligi sifati, parlament nazorati, fuqarolar manfaatlarini ifoda etish, ochiqlik va jamiyat bilan doimiy muloqot samaradorligini oshirishga e’tibor qaratildi. Hududlar, mahalliy vakillik organlari bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va fuqarolik jamiyati bilan muloqotni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratildi.

Iqtisodiy yo‘nalishdagi islohotlar natijasida iqtisodiy o‘sish, investitsiya faolligiga erishildi. Qayd etilganidek, 2025-yil yakuniga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 147 milliard AQSH dollaridan oshdi. Keyingi yillarda iqtisodiyotga 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar jalb etilib, tashqi savdo aylanmasi 81,17 milliard dollarga yetdi.

Ijtimoiy sohadagi natijalar ham alohida e’tirof etildi. Ta’kidlandiki, o‘tgan davrda 8,5 million nafar ehtiyojmand aholining daromadlari oshirilib, mamlakatda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 5,8 foizga tushirildi. 2025-yilda qurilgan uy-joylar soni 238 mingta xonadonga yetdi. Ta’lim sohasida maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga, oliy ta’lim bilan qamrov darajasi esa 42 foizga yetdi. Shuningdek, ekologik barqarorlik va «yashil» iqtisodiyot yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarga ham alohida urg‘u qaratildi.

Muhokamalarda investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, savdo-iqtisodiy aloqalar, transport-kommunikatsiya va ekologiya sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish, raqamli bog‘liqlikni rivojlantirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi. Bu jarayonlarda parlamentlarning qonunchilik va parlamentlararo hamkorlik mexanizmlaridan faol foydalanish muhimligi ta’kidlandi.

Konferensiya o‘z ishini yalpi muhokamalar va sho‘’balarda davom ettirdi. Xususan, “Zamonaviy parlament: iqtisodiy transformatsiya, investitsion jozibadorlik va inklyuziv iqtisodiy o‘sish” mavzusidagi sho‘’bada iqtisodiy islohotlarning huquqiy asoslari, xususiy sektorni rivojlantirish, investitsiya va raqobat muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, eksport imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, “Inson kapitali va ijtimoiy siyosat: inklyuziv rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari va parlament tajribasi”, “Ekologik barqarorlik va «yashil» iqtisodiyot: suv xavfsizligi, iqlim o‘zgarishiga moslashuv va Orolbo‘yi transformatsiyasi” kabi mavzulardagi sho‘’balarda tegishli vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida qator muhokamalar bo‘lib o‘tdi. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlariga erishishga qaratilgan fikrlar, taklif va tavsiyalar bildirildi.

Anjuman O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyot tajribasini xalqaro va ekspertlik nuqtai nazaridan muhokama qilish bilan birga, islohotlarni amalga oshirishda parlament oldida turgan dolzarb vazifalar hamda xalqaro hamkorlikning yangi bosqichlarini belgilashda muhim muloqot maydoni bo‘ldi.

Konferensiya yakunida mamlakatlar taraqqiyoti yo‘lida parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan muloqotni mustahkamlash, qonunchilik tajribasi almashinuvini kengaytirish hamda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,

Nosirjon Haydarov (surat),

O‘zA

Nashr sanasi 14.08.2026 Ko'rishlar 76
Ulashish