Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

INSON HUQUQLARI: XALQARO STANDARTLAR VA MILLIY QONUNCHILIK

Ma’lumki, «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga doir ishlarda ishtirok etish ushbu tizim faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etib o‘tilgan.

Bu esa mazkur soha vakillarining huquqiy bilimiga, huquqiy ongiga va muomala madaniyatiga oid ko‘nikmalarning qay darajada shakllanganiga bog‘liqdir. Zero, ichki ishlar organlari xodimlarining huquqiy madaniyati ularning huquqiy bilimlari, ongi va qonunlarga so‘zsiz itoat qilish darajasini ifodalaydi. Ushbu tushuncha xodimning kasbiy burchini bajarishda nafaqat adolat va qonuniylikka rioya etishida, balki birinchi navbatda, inson huquqlarini hurmat qilishda, ikkinchi navbatda uni himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etish bilan birga inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni o‘zlashtirishni ham talab qiladi.

Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi «O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning «Xalqaro standartlar va milliy qonunchilik» mavzusida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktika inspektorlari uchun seminar-treninglar tashkil qilish chora-tadbirlari haqida»gi qarori qabul qilindi. Seminar-treninglar ilk bora joriy yilning 15-iyunidan 31-iyuliga qadar ichki ishlar organlarining barcha hududiy bo‘linmalarida o‘tkazildi.

Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha profilaktika inspektorlarining jinoyat va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi kasbiy faoliyatida, shuningdek, davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik jarayonida inson huquqlariga doir xalqaro standartlar bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat edi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 29-iyunida o‘tkazilgan profilaktika inspektorlari faoliyati va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan majlisda ko‘tarilgan masalalar targ‘ibot bilan uyg‘un tarzda olib borilayotganiga e’tibor qaratildi. Xususan, bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi asosida «Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ustida ish olib borilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbarining profilaktika inspektorlariga xos bo‘lmagan ortiqcha vazifalardan ularni xalos etish, aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi asosida ishlash samaradorligini baholash, kadrlar tayyorlash jarayonida zamonaviy fanlar – xavf-xatar tahlili, raqamli texnologiyalar, profayling va oilaviy mediatsiya kabi yo‘nalishlarni joriy etish zarurligi haqidagi ko‘rsatmalari yuzasidan atroflicha tushuntirish berildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi «Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan masalalarning mohiyati va ahamiyati xususida atroflicha ma’lumot taqdim etildi.

Xususan, «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb e’lon qilingan joriy yilda mahalla institutining yanada mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishi, mahalla yettiligi faoliyatini samarali tashkil etish, hududlarni kambag‘allik, ishsizlik, jinoyatchilik va oilaviy ajrimdan xoli hududga aylantirish borasidagi vazifalar ko‘rib chiqildi. Ayni jarayonda mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika tizimini takomillashtirish orqali aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etish mexanizmlarining g‘oyat muhimligi ta’kidlandi.

Milliy markaz mutaxassislari tomonidan hamkorlar ishtirokida ishlab chiqilgan seminar-trening dasturi va o‘quv moduli asosida o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlarida asosiy e’tibor profilaktika inspektorlarida jinoyatlarning ochilishi hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi kasbiy faoliyatida, shuningdek, boshqa xizmatlar, davlat organlari va jamoat birlashmalari bilan hamkorlik jarayonida zarur bo‘ladigan inson huquqlariga doir xalqaro standartlar bo‘yicha bilimlarni shakllantirishga qaratildi. Qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan inson huquq va erkinliklarining kafolatlanishi masalalariga ham alohida urg‘u berildi.

Har bir insonning yashash huquqi uning tabiiy va ajralmas huquqi ekanligi, uning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlik yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi muomalaga duchor etilishi mumkin emasligi, voyaga yetmaganlar, ayollar, nogironlar bilan alohida tartibda muomalaga kirishish, ularning huquqlarini himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rish zarurligi, inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlarda belgilangan mazkur normalar yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham belgilab qo‘yilgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda davlat organlari, eng avvalo, xalq manfaatlarini ko‘zlab faoliyat yuritishi, Konstitutsiyamizda davlat organlari mansabdor shaxslarining jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul ekanligi belgilanganligi, shu sababli, kundalik hayotda fuqarolarning qonun bilan belgilangan huquq va erkinliklarini to‘laqonli amalga oshirilishi uchun profilaktika inspektorlari davlat xizmatchisi sifatida mas’ul ekanliklari eslatib o‘tildi.

Ma’ruzachilar ta’kidlaganidek, bugungi kunda mamlakatimizda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarida inson huquqlari madaniyatini shakllantirish ularning kasbiy faoliyatida inson qadri, sha’ni va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ustuvor vazifaga aylantirishga qaratilgan. So‘nggi yillarda tergov va hibsga olish jarayonlarida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz munosabatlarga qarshi qat’iy huquqiy cheklovlar qo‘yildi hamda javobgarlik kuchaytirildi. Mazkur yo‘nalishda jamoatchilik nazorati va parlament institutsional hamkorligi kengaytirildi.

Hozirgi vaqtda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga beriladigan himoya orderi instituti amal qiladi. Jabrlanganlarning telefoniga tezkor xabar berish tizimlari ulangan. Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini poymol qilganlik, ularga nisbatan zo‘ravonlik ishlatganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik choralari keskin kuchaytirildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bolalar majburiy mehnatiga barham berilishi, Xalqaro mehnat tashkilotining majburiy mehnat to‘g‘risidagi konvensiya va uning bayonnomasi O‘zbekiston parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinganligi, bola huquqlarini himoya qilishga qaratilgan kafolatlarni kuchaytirish yuzasidan qonun hujjatlari takomillashtirilgani jahon hamjamiyati ijobiy e’tirof etmoqda. Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi orqali huquqiy madaniyatni yuksaltirish, davlat idoralarida ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash kabi vazifalar Milliy strategiyaning asosiy yo‘nalishlari ekaniga urg‘u berildi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi «O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning yangi bosqichiga qadam ekanligi ta’kidlab o‘tildi. Shu o‘rinda alohida qayd etish lozimki, o‘tkazilgan seminar-treninglar ishtirokchilar uchun nafaqat nazariy bilimlarni mustahkamlash, balki amaliy faoliyatda uchraydigan muammolar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish va kelgusidagi vazifalarni belgilab olish imkonini berdi.

Shuningdek, amaliyotda ayrim ota-onalar farzandlarining tarbiyasiga surunkali ravishda e’tiborsiz munosabatda bo‘lishi natijasida bolalar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar uchrab turishi qayd etilib, bunday holatlarda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan samarali ta’sir choralarini ko‘rish masalasini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish taklif qilindi. Bundan tashqari, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan voyaga yetmagan qizlar, qarovsiz qolayotgan keksalar bilan bog‘liq masalalar yuzasidan amaldagi qonunchilik va inson huquqlari standartlari nuqtayi nazaridan samarali choralar ko‘rish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.

Seminar-trening yakunida ishtirokchilardan inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar va milliy qonunchilik talablarini o‘zlashtirganligini aniqlash maqsadida test sinovlari olinib, ularga Milliy markazning tegishli namunadagi elektron sertifikatlari topshirildi. Shuningdek, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda yuqori natijalarga erishgan, xizmat hududlari «yashil» toifada bo‘lgan profilaktika inspektorlari Milliy markazning Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandilar.

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik,

yuridik fanlar doktori, professor.

“Postda-Na postu-At the post” gazetasining 2026-yil 21-avgustdagi 34-soni

Nashr sanasi 26.08.2026 Ko'rishlar 47
Ulashish