Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Mustaqilligimizning 35 yilligi: inson huquqlari sohasidagi salmoqli natijalar

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida tub ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yilda bu borada misli ko‘rilmagan samaralarga erishildi.

Bugungi kunda jamiyatimiz va davlatimiz barpo etayotgan Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustundir. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz».

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35-yillik tarixi davomida, ya’ni 1991–2026-yillarda inson huquqlari sohasida amalga oshirilgan ulkan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini quyidagi 35 ta asosiy natija misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin:

 

Konstitutsiyaviy va institutsional asoslar

 

1.                  Inson qadr-qimmati va konstitutsiyaviy qadriyatlar: Bosh qomusimizda inson, uning hayoti, erkinligi va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida mustahkamlandi.

2.                  Milliy markaz: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilib, sohadagi ilmiy-huquqiy baza kuchaytirildi.

3.                  Ombudsman instituti: Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) lavozimi joriy etildi.

4.                  Bolalar ombudsmani: Voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish uchun maxsus Bola huquqlari bo‘yicha vakil instituti ochildi.

5.                  Tadbirkorlar himoyasi: Tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Biznes-ombudsman lavozimi ta’sis etildi.

6.                  Xalqaro shartnomalar: O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjat va konvensiyalarga qo‘shildi.

7.                  BMT Kengashiga a’zolik: O‘zbekiston tarixda ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylandi.

8.                  Milliy strategiyalar: Inson huquqlari sohasidagi Milliy strategiya va harakatlar rejalari qabul qilindi.

9.                  Xalqaro rezolyutsiyalar: Mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 15 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.

10.             Milliy nishon: Sohaga munosib hissa qo‘shganlarni rag‘batlantirish uchun “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

  

Mehnat huquqi va ijtimoiy huquqlar

 

11.             Majburiy mehnatga barham berilishi: Paxta yig‘im-terimida surunkali majburiy mehnat va bolalar mehnati to‘liq tugatildi.

12.             Xalqaro e’tirof: Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik qilinib, o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan global boykotlar bekor qilindi.

13.             Gender tenglik: Xotin-qizlar va erkaklar tengligini ta’minlashga oid qator qonunlar qabul qilindi.

14.             Zo‘ravonlikdan himoya: Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish uchun “himoya orderi” amaliyoti joriy etildi, bolalar himoyasi har tomonlama mukammallashtirildi.

15.             Nogironlar huquqlari: BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilindi.

16.             Fuqarolik berish: 84 ming nafardan ziyod fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga (apatridlarga) O‘zbekiston fuqaroligi berildi.

17.             Ijtimoiy agentlik: Og‘ir hayotiy vaziyatga tushganlarga yordam berish uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligi tuzildi.

18.             Siyosiy kvotalar: Parlament va mahalliy Kyengashlarda xotin-qizlar uchun aniq saylov kvotalari belgilandi.

19.             Bepul yuridik yordam tizimining kengaytirilishi: Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

20.             Mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish: Xorijda vaqtincha mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish bo‘yicha tizim yaratildi.

 

Shaxsiy huquqlar va sud-huquq erkinliklari

 

21.             O‘lim jazosining bekor qilinishi va taqiqlanishi: Mamlakatimizda o‘lim jazosi batamom bekor qilindi hamda Asosiy qonunda o‘lim jazosi qat’iy taqiqlandi.

22.             Qiynoqqa qarshi choralar va “Xabes korpus” institutining tatbiq etilishi: Qiynoqlar uchun javobgarlik kuchaytirilib, noqonuniy usulda olingan dalillardan foydalanish taqiqlandi. Penitensiar tizimni gumanitarlashtirish doirasida “Jasliq” koloniyasi yopildi. Shaxsni hibsga olish muddati 72 soatdan 48 soatga qisqartirilib, sud sanksiyasi kuchaytirildi.

23.             Advokatura mustaqilligi, oqlash amaliyoti va mahkumlarning ozod qilinishi: Advokatlarning kasbiy faoliyati va himoya vositalari kengaytirildi. Asossiz ayblangan minglab fuqarolar sudlar tomonidan ommaviy ravishda oqlandi. Ko‘plab nohaq mahkumlar va inson huquqlari faollari ozodlikka chiqarildi.

24.             “Propiska” islohoti: Yashash joyi bo‘yicha hisobga olishga oid eski tizimdagi cheklovchi «propiska» rasman va to‘liq bekor qilindi. Uning o‘rniga xalqaro tajribaga mos keluvchi, huquqiy jihatdan ancha yengil bo‘lgan yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tizimi joriy etildi.

25.             Raqamlashtirish va “Elektron hukumat” orqali korrupsion omillarni qisqartirish: Davlat xizmatlarini raqamlashtirish va Yagona portal orqali aholining davlat organlari bilan bevosita muloqotini yengillashtirish natijasida fuqarolarning byurokratiyadan xoli ravishda o‘z huquqlarini amalga oshirishi ta’minlandi.

26.             “Mehr” operatsiyalari va fuqarolarni qaytarish: Xorijdagi mojaroli hududlarda og‘ir ahvolga tushib qolgan ayollar va bolalarni Vatanga qaytarish bo‘yicha insonparvarlik operatsiyalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

  

So‘z erkinligi, siyosiy va iqtisodiy erkinliklar

 

27.             So‘z erkinligi: OAV, internet va blogerlar faoliyati uchun sharoitlar yaratilib, axborot olish erkinligi oshdi.

28.             Diniy erkinlik: Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar faoliyatiga oid qonunchilik liberallashtirildi.

29.             Murojaatlar ochiqligi: Davlat organlarining xalq bilan muloqot qilishi uchun Xalq qabulxonalari tizimi yo‘lga qo‘yildi.

30.             Tadbirkorlik erkinligi: Xususiy mulk daxlsizligi va tadbirkorlarning iqtisodiy huquqlari qonuniy himoya qilindi.

31.             Harakatlanish erkinligi va vizasiz rejim: Biometrik pasportlar joriy etilib, xorijga chiqish stikeri bekor qilindi. Dunyoning ko‘plab davlatlari uchun vizasiz rejim ochilib, chet el bilan aloqalar osonlashdi.

32.             Ekologik huquqlar: Sog‘lom atrof-muhitga ega bo‘lish va undan foydalanish huquqlari konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarildi.

33.             Yoshlar siyosati: Yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan milliy dasturlar va qonunlar qabul qilindi.

34.             Korrupsiyaga qarshi kurash: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ochilib, davlat boshqaruvida shaffoflik kuchaytirildi.

35.             Xalqaro hamkorlik: BMTning maxsus ma’ruzachilari va inson huquqlari missiyalarining mamlakatga tashriflari va ochiq muloqoti tizimli tus oldi.

 

Albatta, ushbu ro‘yxat to‘liq emas, ta’bir joiz bo‘lsa, 35 raqami ham ramziy ahamiyatga ega.

Istiqlol yillarida, ayniqsa, so‘nggi o‘n yilda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida yurtimizda bemisl yutuqlar qo‘lga kiritildi. Zero, Yangi O‘zbekistonda inson qadri – har narsadan ulug‘ va inson huquqlari daxlsizdir.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

 matbuot xizmati

Nashr sanasi 26.08.2026 Ko'rishlar 48
Ulashish