Mamlakat kelajagi – yoshlar qo‘lida

12 avgust – Xalqaro yoshlar kuni

 

BMT Bosh Assambleyasining 1999 yil 17 dekabrdagi 54/120-sonli rezolyusiyasi bilan Xalqaro yoshlar masalasi bilan shug‘ullanuvchi vazirlar konferensiyasi tavsiyasi ma’qullandi. Ya’ni, 12 avgust – Xalqaro yoshlar kuni deb e’lon qilindi.

Shundan buyon har yili 12 avgust kuni butun dunyoda yoshlar, yoshlar tashkilotlari va faollari ushbu xalqaro sanani keng nishonlaydi. Shu kuni jahon hamjamiyatining diqqat-e’tibori yoshlarga oid masalalarga  yana bir bor qaratiladi.

Butun dunyoda yoshlar, ularning yetakchilik mahorati, ijodiy salohiyati, navqiron kuch-qudrati va jo‘shqinligi dunyo hamjamiyatining doimiy rivojlanishi, taraqqiy etishi uchun g‘oyat muhim omil hisoblanadi.   

Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lida yurtning jadal rivojlanishi va muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga bevosita aloqador. Shu ma’noda, O‘zbekiston yoshlar masalasiga davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralishi bejiz emas.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ta’kidlaganidek, “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat”.

Mamlakatimiz yoshlariga e’tibor haqida gap borar ekan, ularning bilimli va zamon talablariga to‘la mos insonlar bo‘lib yetishishida axborot texnologiyalari va til bilishning ahamiyati naqadar muhim ekanini alohida ta’kidlash lozim. Shuni inobatga olgan holda, davlatimiz tomonidan ayni sohalar rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada, jumladan, 2021 yil 19 mayda Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Qarordan ko‘zlangan maqsad yoshlarni o‘qitish va ular xalqaro IT-sertifikatlarini olishlari uchun 50 foizgacha bo‘lgan xarajatni qoplash tizimini joriy etishdir.

Mamlakatning kelajagi, so‘zsiz, yosh avlodning tarbiyasi va taraqqiyoti bilan bog‘liq. Navqiron avlod kamolotiga avvalo oilada onaning, ya’ni xotin-qizlarning nechog‘lik savodxon va tadbirkor ekanligi ham ta’sir qilishi shubhasiz.

Yurtimiz aholisining katta qismi zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yoshlardan iborat. Shuni inobatga olgan holda, mazkur qatlamning ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalardagi manfaatlarini himoya qilish va kuzatilayotgan dolzarb masalalarning nazariy va amaliy jihatdan yechimini topishi hozirgi kunning muhim vazifalaridandir.

Besh qo‘l baravar emas, deydilar. Har qanday davrda va har qanday jamiyatda tashabbuskor yoshlar bilan bir qatorda, qaysidir sabablarga ko‘ra o‘z tengdoshlari kabi o‘qib, ishlay olmayotgan, o‘z yo‘lini topa olmayotgan yoshlar ham uchrab turadi.

Bundayo yoshlarni ta’limga va kasbga to‘g‘ri yo‘naltirish, muammolariga munosib yechim topish taqozo etiladi. Bu nafaqat oilaviy, balki davlat ahamiyati darajasidagi dolzarb vazifalar qatoriga kiradi.

So‘nggi yillarda yoshlar huquqlarini ta’minlash borasida bir qator yangi qonunlar qabul qilindi. Jumladan, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, yoshlarga oid davlat siyosati – davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatlardan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimidir.

Qonunga muvofiq, yoshlar – o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan shaxslardir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yoshlar dunyo aholisining qariyb 25 foizini tashkil etadi. Ya’ni, 30 yoshgacha bo‘lgan 2 milliardga yaqin aholining aksariyati rivojlanayotgan davlatlar va Markaziy Osiyo mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ushbu ko‘rsatkich so‘nggi o‘n yilda yanada ortayotigani va bu jarayon asosan bizning mintaqamizda yuz berayotgani kuzatilmoqda. Xususan, yurtimizda aholining 60 foizdan ziyodini yoshlar tashkil etmoqda.

Bugun yoshlarga oid siyosat ikkita eng muhim yo‘nalishda amalga oshirilmoqda. Birinchi yo‘nalish – yoshlarga zamonaviy bilim berish bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish – yoshlar bandligini ta’minlashdir.

Yoshlarning bilim va iqtidorini rivojlantirish maqsadida yangicha shakl va mazmundagi Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashgan maktablar tizimi yaratildi. Umuman, barcha maktablarga e’tibor, o‘qituvchilarga rag‘bat va hurmat oshdi. Natijada yosh avlodning bilim olishga intilishi yanada ortdi.

 

Fursatdan foydalanib, 12 avgust – Xalqaro yoshlar kuni munosabati bilan Vatanimiz tayanchi va xalqimiz suyanchi, jamiyatimizdagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik g‘oyalarini hayotga tatbiq etuvchi qudratli kuch hisoblanuvchi aziz yoshlarimizni samimiy tabriklayman.Ma’naviy salohiyati yuksak va vatanparvar barcha yoshlarga ulkan yutuqlar, baxtu saodat, omad doimo hamrohi bo‘lishini tilayman. 

 

Go‘zal NAZAROVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi Inson huquqlari bo‘yicha

xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i

Powered by GSpeech