Yangi O‘zbekiston – har bir fuqarosi uchun g‘amxo‘rlik qiladigan ijtimoiy davlat va adolatli jamiyatdir

 

Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar holati qanday? Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan shu haqda suhbatlashdik.

 

– Nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish: O‘zbekistonning ushbu sohadagi davlat siyosati va huquqiy kafolatlar haqida tushuncha bersangiz?

 

– Nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – nogironligi bo‘lgan shaxslarning Konstitutsiyamizda ko‘zda tutilgan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquq va erkinliklarini xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari hamda O‘zbekiston qo‘shilgan xalqaro shartnomalarga muvofiq holda, boshqa fuqarolar bilan teng ravishda ta’minlash hisoblanadi.

BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 2021 yil 7 iyunda O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingani ayni sohada samarali islohotlarni davom ettirishning yorqin namunasi bo‘ldi. Bu haqda fikr yuritganda, albatta, keyingi yillarda shiddatli tus olgan amaliy ishlar diqqatga loyiq natijalar berganini qayd etish lozim.

Xususan, O‘zbekistonning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilishiga oid masala davlat boshlig‘ining bir qator dasturiy hujjatlarida:

birinchidan, 2017 yil 1 dekabrda qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida;

ikkinchidan, Prezidentimizning 2018 yil 5 maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturida;

uchinchidan, 2020 yil 22 iyundagi Farmon bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida;

to‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2021 yil 22 fevralda bo‘lib o‘tgan 46-sessiyasidagi nutqida nazarda tutilgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoev BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasi minbardan turib, imkoniyati cheklangan shaxslarning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy kengash tuzish taklifini xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etar ekan, O‘zbekistonda alohida ehtiyojga ega bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidlagani bejiz emas.

2020 yilda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur Qonun nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini tartibga solishi bilan ahamiyatlidir. Qonun, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish modelini va sohaga doir boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni amalga oshirishga qaratilgan.

Shunday qilib, O‘zbekistonda ijtimoiy adolat prinsipiga amal qilish, yordam va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, birinchi navbatda, jismoniy imkoniyati cheklangan odamlarga to‘laqonli hayot kechirish uchun sharoit yaratish masalasi davlat rahbarining doimiy diqqat markazida turibdi.

 

– O‘zbekiston qo‘shilgan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qanday hujjat o‘zi?

 

– Ushbu Konvensiya XXI asrda qabul qilingan inson huquqlari to‘g‘risidagi birinchi xalqaro shartnomadir. U dunyodagi nogironligi bo‘lgan shaxslar Konstitutsiyasi sifatida ham e’tirof etilgan.

 Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan va 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan. Bugungi kunga qadar uni BMTning 192 a’zo-davlatidan 184 tasi ratifikatsiya qilgan.

Konvensiyada nogironlarning huquqlari va asosiy erkinliklari, xususan, ularning yashash, fuqarolik, huquqiy himoyalanish, ta’lim olish, salomatliklarini saqlash, boshqalar bilan teng ravishda mehnat qilish, siyosiy, ijtimoiy, madaniy hayotda, bo‘sh vaqtni o‘tkazish, dam olish va sport bilan shug‘ullanishda ishtirok etish, o‘zlari va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo‘lish va ijtimoiy yordam huquqlari e’tirof etilgan. Ushbu huquqlarni amalga oshirishning kafolatlari belgilangan.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya 50 ta moddadan iborat bo‘lib, dunyodagi nogironligi bo‘lgan shaxslar holatini tahlil qilish asosida qabul qilingan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo aholisining 15 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil qiladi, bugungi kunda ularning soni 1 milliardga yetgan.

Konvensiyaning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, nogironligi bo‘lgan shaxslar barcha inson huquqlari va erkinliklaridan kamsitishlarsiz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Konvensiyaning maqsadi 1-moddada bayon etilgan hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning  tenglik asosida barcha inson huquqlarini to‘liq amalga oshirishlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ta’minlashdan iboratdir. U foydalanish imkoniyati, shaxsiy harakatlanish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik, abilitatsiya va reabilitatsiya, siyosiy hayotda ishtirok etish, shuningdek tenglik va kamsitmaslik kabi bir qator muhim masalalarni qamrab oladi. Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 4-moddasida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash, rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha umumiy majburiyatlar belgilangan.

Konvensiyada ishtirok etuvchi davlatlar quyidagi majburiyatlarni oladi:

birinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini amalga oshirish uchun barcha zarur qonuniy, ma’muriy-tashkiliy va boshqa choralarni ko‘rish;

ikkinchidan, nogironlarga nisbatan kamsitish xususiyatiga ega mavjud qonunlar, qarorlar, urf-odatlarni o‘zgartirish yoki bekor qilish;

uchinchidan, barcha strategiyalar va dasturlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishni hisobga olish, Konvensiyaga to‘g‘ri kelmaydigan har qanday harakatlar yoki usullardan tiyilish;

to‘rtinchidan, har qanday shaxs, tashkilot yoki xususiy korxona tomonidan nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishni bartaraf etish uchun zarur choralarni ko‘rish;

beshinchidan, nogironligi bo‘lgan shasxlarning aniq ehtiyojlari uchun moslashtirish, tovarlar, xizmatlar, jihozlar va universal dizayn ob’ektlarining ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalarini olib borish yoki rag‘batlantirish;

oltinchidan, Konvensiyada kafolatlangan yordam va xizmatlarni taqdim etishni takomillashtirish uchun mutaxassislar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ish olib boradigan xodimlarni ushbu e’tirof etilgan huquqlarga o‘qitishni rag‘batlantirish.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishda ustuvor sub’ektlar sifatida nogironligi bo‘lgan ayollar (6-modda) va nogironligi bo‘lgan bolalar (7-modda) ajratib ko‘rsatilgan.

Konvensiya qoidalari bajarilishini monitoring qiluvchi, ishtirok etuvchi davlatlarning ma’ruzalarini ko‘rib chiqishga vakolatli hamda ushbu ma’ruzalar bo‘yicha takliflar va umumiy tavsiyalar beruvchi organ – BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tashkil etilgan. Qo‘mita a’zolari 18 kishidan iborat.

A’zo davlatlar dastlabki milliy ma’ruzani Konvensiya ratifikatsiya qilinganidan so‘ng 2 yil ichida, keyinchalik har 4 yilda bir marta taqdim etishlari belgilangan. Shu ma’noda, 2023 yilda O‘zbekiston BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining bajarilishi bo‘yicha dastlabki hisobotini tegishli tartibda taqdim etadi.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning tengligi, huquqlari, ayniqsa, ayollar va bolalarning ta’lim olishi, salomatligini saqlashi, mehnat qilishi, o‘zi va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo‘lishining huquqiy kafolatlarini belgilovchi xalqaro-huquqiy hujjatdir.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash hamda himoya qilish masalalari bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjati bilan tartibga solinmoqda. Bu o‘rinda Konstitutsiya, 40 dan ziyod qonun va 160 dan ortiq qonunosti hujjat ko‘zda tutilgan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlariga oid milliy qonunchilik:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi barcha huquqlarini tartibga soluvchi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirishga qaratilgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar;
  • sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish;
  • bandlik masalalari;
  • jismoniy tarbiya, sport va dam olish;
  • ijtimoiy ob’ektlar va xizmatlar, transport, aloqa va axborot vositalaridan foydalanish;
  • odil sudlov;
  • davlat va jamoat ishlarida ishtirok etish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik kabi normalardan tashkil topgan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar insonni, shu jumladan nogironligi borligi tufayli kamsitmaslik prinsipi yotadi. Bu borada nafaqat davlat tuzilmalari, balki fuqarolik jamiyati institutlari ham faollik ko‘rsatayotgani juda muhim, deb hisoblayman.

 

– Ushbu huquqiy hujjatlarda imkoniyatlari cheklangan yurtdoshlarimiz uchun qanday yengillik va imtiyozlar ko‘zda tutilgan?

– Bu o‘rinda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2022 yil 8 fevralda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini imzolaganini ta’kidlash lozim.

Farmon nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini amalga oshirishda yangi yondashuvlarni joriy etishga qaratilgani bilan nihoyatda muhimdir.

Bunga qadar Harakatlar strategiyasi doirasida:

birinchidan, Prezidentimiz tomonidan 2021 yil 25 martda “Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmon;

ikkinchidan, 2021 yil 27 noyabrda “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati hamda bolalarga nogironlikni belgilash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan va ijroga yo‘naltirilgan;

uchinchidan, Vazirlar Mahkamasi 2022 yil 8 fevralda “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini tashkil etishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Hukumatning ushbu qaroriga asosan nogironlikni olish tartibi o‘zgartirildi. Ya’ni, endilikda fuqarolarni ko‘rikdan o‘tkazish ularni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarga ko‘rikka yuborish orqali amalga oshiriladi.

Ko‘rikka statsionardan berilgan kasallik tarixini, ambulator kartadan ko‘chirmalarni va bemorni ko‘rikka yuborish uchun asos bo‘lgan boshqa hujjatlarni o‘rganish ham kiradi. Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari majlisida ko‘rik to‘liq tarkibda va hujjatlar qabul qilib olingan kundan boshlab 10 kun ichida o‘tkaziladi. Nogironlik belgilangan taqdirda, hujjatlar TIEK tomonidan qabul qilib olingan sana nogironlikning boshlanishi hisoblanadi.

Umuman olganda, O‘zbekistonda 760 ming 727 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs istiqomat qiladi. Shularning 100 mingdan ortig‘i 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalardir. Ular ijtimoiy himoya va qo‘llab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olingan.

 

– “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da ayni sohaga taalluqli qanday maqsad-vazifalar belgilangan?

 

– Yangi O‘zbekistoning taraqqiyot strategiyasi inson qadrini ta’minlashga qaratilgan 100 ta maqsadni qamragan. Shu maqsadlarning aksariyatida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari va manfaatlariga daxldor ko‘plab vazifalar belgilangan.

Bu o‘rinda, birinchi navbatda, O‘zbekiston Prezidentining mazkur Taraqqiyot strategiyasini imzolashga oid Farmonida ko‘zda tutilgan ustuvor masalalarga to‘xtalish maqsadga muvofiqdir. Farmonga ko‘ra, Aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi ishlab chiqilmoqda.

Loyihada, jumladan, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasini yaratish ko‘zda tutilgan. Kelgusida ushbu ma’lumotlar bazasini o‘zida jamlagan “Ijtimoiy himoya yagona reestri” hozir amalda bo‘lgan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” bilan integratsiya qilinadi.

Prezident Farmonida bu borada belgilangan yana bir muhim vazifa – “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish bilan bevosita bog‘liq. Chunki bunda davlatimiz rahbarining bolalikdan nogironligi bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblash zarurligi haqidagi topshirig‘ini o‘z ijobatini topadi.

2022 yildan e’tiboran, Farmonning 14-bandiga binoan, keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi soddalashtiriladi hamda ularga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali qo‘shimcha qulayliklar yaratilmoqda.

Mazkur hujjatning 15-bandiga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha ham davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish tartibi joriy etiladi.

Taraqqiyot strategiyasining 9-maqsadida keksa  va  nogironligi  bo‘lgan  shaxslarga  davlat  xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, ularga qulayliklar yaratish haqida so‘z boradi.

Dasturilamal hujjatning 53-maqsadida aholining muhtoj  qismini  zamonaviy  protez-ortopediya buyumlari va  reabilitatsiya  vositalari  bilan  ta’minlash  darajasini  60  foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Taraqqiyot strategiyasining 66-maqsadi: “Nogironligi  bo‘lgan  shaxslarni  qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularning hayot sifati va darajasini oshirish” deb nomlangan. Ushbu maqsad doirasida:

birinchidan, nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga  chiqarishda  teng  sharoitlarni  va  ularni  buzganlik  uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash;

ikkinchidan, nogironligi  bo‘lgan  shaxslar  huquqlarini  ta’minlash  sohasidagi umume’tirof  etilgan  xalqaro  norma  va  standartlarni  milliy qonunchilikka implementatsiya qilish;

uchinchidan, tibbiy-mehnat ekspertizasi va nogironlikni belgilashning shaffof, zamonaviy  uslub  va  mezonlarini  joriy  etish,  nogironligi  bo‘lgan shaxslarga  tibbiy-ijtimoiy  yordam  ko‘rsatish  darajasi  va  sifatini oshirish;

to‘rtinchidan, nogironligi  bo‘lgan  shaxslarning  oilasi,  jamiyat  va  davlat  bilan  o‘zaro  aloqasini  kuchaytirish,  ularning  qulay  muhitda  bo‘lishi,  shahar yo‘lovchi  transporti,  ijtimoiy  va  boshqa  infratuzilma  ob’ektlaridan erkin foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratish;

beshinchidan, nogironligi  bo‘lgan  shaxslarning  jamiyat  ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga  jalb  qilinishi  va  faol  ishtirokini  ta’minlovchi  inklyuziv ta’lim va ishga joylashtirish tizimini takomillashtirish;

oltinchidan, nogironlikni  belgilashning  ijtimoiy  modeliga  bosqichma-bosqich o‘tish kabi g‘oyat muhim vaziflar kun tartibiga qo‘yilgan. Ayni vqtda ushbu chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

 

– Yaqinda O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati tashkil topganiga 90 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Milliy markazning hamkorlaridan bo‘lgan ushbu nodavlat notijorat tashkiloti faoliyati haqida o‘z fikrlaringizni bildirsangiz?

 

– Butun dunyo miqyosida kuzatilayotgani kabi O‘zbekistonda ham koronavirus pandemiyasidan keyingi davrda nogironlik muammolarini hal etishda oldingi maqbul natijalarni tiklash va yanada ko‘proq samaralarni qo‘lga kiritish zarur. Bunda davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, turli doiralardagi sheriklar bilan yaqin hamkorlikni kuchaytirish katta ahamiyat kasb etadi. 

Bugungi kunda mamlakatimizda nogironlik sohasida 600 ga yaqin nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ular orasida: O‘zbekiston nogironlar jamiyati; O‘zbekiston nogironlar jamoat fondi; O‘zbekiston Nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi; Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi; O‘zbekistondagi falaj nogiron bolalar va o‘smirlarga yordam berish “Umr” jamoatchilik markazi; “Inklyuziv hayot” nogironlar jamoat birlashmasi; O‘zbekiston karlar jamiyati va, albatta, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati bor.

O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati mamlakatimizda ko‘zi ojizlar jamoatchiligini birlashtirgan yagona kuch hisoblanadi. Ayni vqtda yurtimizdagi qariyb 78 ming nafar ko‘zi ojiz insonning 61 ming nafardan ortig‘i ushbu Jamiyat hisobiga olingan.

Mazkur Jamiyat qo‘llab-quvvatlashi ostida ishlovchi ko‘zi ojiz insonlar soni 2 ming 855 nafarni tashkil etadi. Shundan 1 ming 100 nafardan ziyodi Jamiyat korxonalarida, 545 nafari Jamiyat tizimida va 1 ming 210 nafari tizimdan tashqari turli tashkilotlarda faoliyat yuritmoqda.

 

– Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining samaralari haqida ham to‘xtalsangiz?

 

– Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan o‘tkaziladigan turlicha ilmiy-amaliy tadbirlarda O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati raisi hamda vakillari har doim o‘zlarining takliflari bilan faol ishtirok etadilar.

Xususan, 2022 yil 12-13 aprel kunlari fuqarolik jamiyati institutlari vakillari uchun “O‘zbekiston Respublikasining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga rioya etishi yuzasidan muqobil hisobot tayyorlashda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning salohiyatini oshirish” mavzusida; 27 aprel kuni davlat organlari xodimlari uchun “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirishda davlat organlarining roli” mavzusida; 16 may kuni Samarqand shahrida “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli” mavzusida seminar-treninglar o‘tkazdik.

Ana shu anjumanlarning barchasida O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati vakillari faol qatnashdi.

Bundan tashqari BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilingandan so‘ng, uning qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasi ishlab chiqildi. O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati vakillari bergan bir qator amaliy takliflar mazkur Harakatlar rejasi loyihasiga kiritildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunning Brayl yozuvidagi nashrlari chop etildi. Ushbu kitoblarni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda nashr ettirdik.

Mamlakatimiz tarixida ilk bor Brayl yozuvida chop etilgan mazkur rasmiy-huquqiy nashrlar O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati; O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi; O‘zbekiston nogironlar jamiyati; Imkoniyati cheklangan bolalar va yoshlar Respublika markazi; 77-sonli ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat; “Inklyuziv hayot” nogironlar jamoat birlashmasi; “Umidvorlik” imkoniyati cheklangan bolalarni va ularning ota-onalarini qo‘llab-quvvatlash markaziga beg‘araz taqdim etildi.

Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, nogironlik sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari, xususan, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati vakillari Milliy markazning doimiy ekspertlari hisoblanadilar. Biz sohaga oid qonun va kodekslar, konsepsiya va dasturlar loyihasi ustida o‘zaro yaqin hamkorlikda ish olib boramiz.

Shu ma’noda, 2021 yil 10 dekabr kuni inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat tashkilotlardagi faoliyati va inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani bejiz emas.

Fursatdan foydalanib, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishda faol ishtirok etganini e’tirof etgan holda, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati va boshqa hamkor NNTlar faollariga samimiy minnatdorchiligimni izhor etaman.

Hozirgi vaqtda konstitutsiyaviy islohot jarayonlarida o‘z amaliy taklif va tavsiyalari bilan bizga amaliy yordam berayotganlari uchun ham ularga chin yurakdan tashakkur bildiraman.

 

– Samimiy va ochiq muloqot uchun rahmat.

 

 

G‘ulom MIRZO suhbatlashdi

 

Powered by GSpeech