Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi tomonidan mamlakatimizda xodimlarni o‘z funksional vazifasiga kirmaydigan faoliyat turlariga, shuningdek, majburiy mehnatga jalb etish holatlari doimiy tahlil qilib boriladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash muhimki, respublikada paxta yig‘im-terim mavsumida xodimlarni yig‘im terim ishlariga majburiy jalb etish kabi salbiy holatlarga to‘liq barham berilgan.
Lekin shu bilan birgalikda ayrim tarmoqlarda, xodimlarni o‘z funksional vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb etish faktlari sanoqli bo‘lsada, mavjud.
Birgina joriy yilning 9 oyi davomida Milliy komissiyaning sa’i-harakati bilan barcha tarmoqlar bo‘yicha jami 21 nafar mansabdor shaxs, xususan, xalq ta’limi tizimidagi 9 nafar, tibbiyot sohasidagi 5 nafar mansabdor shaxs xodimlarni majburiy mehnatga jalb etganligi sababli Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan javobgarlikka tortilgan.
Milliy komissiya bu kabi holatlarni to‘liq qoralaydi hamda nafaqat Xalq ta’limi va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, balki boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda xodimlarning o‘z funksional vazifalaridan boshqa ishlarga jalb etilishining oldini olish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rib boradi.
Bu borada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshidagi Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlarni o‘z funksional vazifalaridan boshqa ishlarga jalb etilishi holatlariga barham berish bo‘yicha nazoratni kuchaytirishi, aybdor mansabdor shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish ishlarini yanada kuchaytirishi zarur.
Aziz yurtdoshlar, agar Siz majburiy tarzda biror bir mehnatga jalb etish, munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish bilan bog‘liq muammolarga duch kelsangiz “1176” hamda “1092” raqamli “ishonch telefon”lariga murojaat qilishingizni so‘raymiz.
Har bir ma’lumot va murojaat belgilangan tartibda tezkorlik bilan o‘rganib chiqiladi va zaruriy choralar ko‘riladi. Murojaatchining roziligisiz shaxsiga doir biron-bir ma’lumot oshkor etilmasligi kafolatlanadi.
ODAM SAVDOSIGA VA MAJBURIY
MEHNATGA QARSHI KURASHISH
MILLIY KOMISSIYASI
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
- Qo'shildi: 10.11.2022
- Ko'rishlar: 5069
- Chop etish