Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan II Butunjahon konferensiyasida ishtirok etayotgan xorijlik ekspert va mutaxassislar jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan samarali islohotlarni bir ovozdan e’tirof etishmoqda.
Atta BAAM, Gana Ta’lim vazirligi mutaxassisi:
- Ushbu xalqaro forum, nazarimda, dunyoning turli mamlakatlaridagi mavjud kamchiliklar va muammolarni chuqurroq tahlil qilish, baholash imkonini beradi. Konferensiya bahonasida O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim tizimi faoliyati bilan qisman tanishdik. Ayni yo‘nalishdagi yuqori natijalarni e’tirof etish kerak. Ayniqsa, inklyuziv ta’limga alohida e’tibor qaratilgani quvonarli. Nafaqat men, balki boshqa mutaxassislar ham shu jihatni yuqori baholayapti. Bu yerda ko‘rganimiz - ilg‘or tajribani Ganada bemalol qo‘llash mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ma’ruzasida ham kelajak egalariga g‘amxo‘rlik qilish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani aks etgan. Ayniqsa, O‘zbekistonda kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi juda tez sur’atda o‘sayotgani yaxshi natija.
Dogdurgul KENDIRBOEVA, “Roza Otunboyeva tashabbusi” xalqaro jamoat fondi direktori:
– Ikki kundan buyon Toshkentdamiz. Anjuman doirasida yalpi majlis, seminar, sessiya va davra suhbatlari o‘tkazilyapti. Yosh bolalar tarbiyasi va ta’limini takomillashtirish, o‘g‘il-qizlar intellektual salohiyatini rivojlantirish, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari kamoloti uchun qulay shart-sharoit yaratishda davlat va jamiyatning o‘rni kabi muhim yo‘nalishlardagi dolzarb masalalar, so‘nggi yillarda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar muhokama qilinyapti.
Hozirgina Prezident ma’ruzasini eshitdik. Aytishim joiz, O‘zbekiston ta’lim, xususan, maktabgacha ta’lim sohasida olib borilayotgan ishlar borasida mintaqa bo‘yicha yetakchilardan. Bu jihatni o‘rganish, mamlakatlarimizga tatbiq qilish juda foyda bo‘ladi. Mamlakatingizda bugungi kunda 70 foiz bolalar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingani ma’lum. 2025 yilga borib bu ko‘rsatkich yuz foizga yetkazilishi rejalashtirilgan ekan. Bu juda yuqori natija bo‘ladi.
Ma’lumi, inson kapitalini rivojlantirishga mablag‘ sarflagan qaysi davlat, albatta, rivojlanib, yuksalib boraveradi. O‘zbekistonda inson, ayniqsa, kichik yoshdagi bolalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik va sarflanayotgan mablag‘ kun kelib mamlakatingiz yanada yuksalishiga, eng rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olishiga zamin yaratadi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA
- Qo'shildi: 15.11.2022
- Ko'rishlar: 4883
- Chop etish