Mustaqil davlatning jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin olishida, uni dunyoga tanishda davlat ramzlarining alohida o‘rni bor. Lekin biror bir ramz mamlakatni Davlat bayrog‘ichalik jahonga tanita olmaydi.
18 noyabr - O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan kun.
Mazkur sana munosabati bilan Bosh prokuraturada “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” mavzusida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda prokuratura organlari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi mas’ul xodimlari, Bosh prokuratura Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, doktorant va mustaqil izlanuvchilari, magistratura tinglovchilari, Faxriylarni ijtimoiy qo‘llab- quvvatlash jamoatchilik markazi hamda Jamoatchilik kengashi raislari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi vakillari, hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdilar.
Tadbirni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev kirish so‘zi bilan ochib, Davlat bayrog‘i – bu mustaqillik, istiqlol va ozodlik, obod va farovon hayotimiz ramzi, shu muqaddas vatanda yashayotgan har bir fuqaroning iftixori sifatida e’tirof etilishini ta’kidladi.
Shuningdek, Davlat bayrog‘i yoshlarni ona Vatanga mehr-muhabbat, sadoqat, mardlik va jasorat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Davlat gerbi muallifi Anvar Mamajonov va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori O‘tkirbek Ochilovlar ma’ruza qilishdi.
Tadbir so‘nggida fuqarolarni Davlat ramzlariga nisbatan hurmat, faxr, muhabbat ruhida munosabatda bo‘lishi borasida tashviqot-targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
- Qo'shildi: 18.11.2022
- Ko'rishlar: 5387
- Chop etish