Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasining VI s’ezdi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda respublikamiz sudlari raislari va sudyalari orasidan saylangan 200 nafardan ziyod delegat ishtirok etdi.
S’ezdning tantanali ochilishida ishtirok etgan Oliy majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A. Saidov, Konstitutsiyaviy sudi raisi M. Abdusalomov, Oliy sud raisi B. Islamov va Sudyalar oliy kengashi raisi X. Yodgorov delegatlarni muhim voqelik – Sudyalar assotsiatsiyasining 25 yilligi bilan samimiy tabrikladilar.
Shundan so‘ng Assotsiatsiyaning besh yillik faoliyati yuzasidan fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.
Ta’kidlanganidek, 1997 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston sudyalari assotsiatsiyasi sudyalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, sud hokimiyatining nufuzini oshirishda muhim o‘ringa ega. O‘tgan davr davomida assotsiatsiya sud hokimiyatini mustahkamlashga munosib hissa qo‘sha oladigan mustaqil jamoat tashkiloti sifatida shakllandi.
Tadbirda mamlakatimiz sud-huquq tizimida Prezidentimiz tashabbusi bilan tarixiy islohotlarni amalga oshirishda, odil sudlov sifati va samaradorligini ta’minlashda, malakali sudyalar korpusini shakllantirish, sud hokimiyatining nufuzini oshirishda, umuman aytganda, sudni tom ma’noda “Adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirishda o‘z safida mingdan ortiq a’zoni jamlagan O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasining ham munosib o‘rni borligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan sud idorasiga ishi tushgan har bir shaxs ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonch hosil qilishi lozimligi, har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi kerakligi, sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanishi, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi hamda sud tizimidagi islohotlar davom ettirilishi borasida belgilab berilgan vazifalari sudyalar hamjamiyati uchun dasturilamal bo‘lishligi ta’kidlandi.
Shu o‘rinda s’ezd delegatlari tomonidan Assotsiatsiya sudyalarni “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish hamda faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yo‘naltirish, sudyalarni vatanparvar, adolatni chuqur his etadigan va unga o‘z faoliyatida doimo qat’iy amal qiladigan ruhda tarbiyalash, ularning bilimi va kasbiy mahoratini muntazam ravishda oshirib borishni tashkillashtirish, sudyalar hamjamiyati organlarining sud tizimini takomillashtirish borasidagi harakatlarini yanada uyg‘unlashtirish va yagona maqsadga yo‘naltirish hamda aholi o‘rtasida sud hokimiyatining nufuzi va obro‘-e’tiborini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni muntazam ravishda tashkil etish kabi takliflar bildirildi.
Shuningdek anjumanda O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasining 2017-2022 yillardagi faoliyatiga oid hisoboti tinglandi. Assotsiatsiyaning 2017-2022 yillardagi moliyaviy faoliyati to‘g‘risidagi hisobot ham ishtirokchilar tomonidan atroflicha muhokama qilindi.
Hisobotlar yuzasidan muzokaralar poyoniga yetgach, O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi Ustaviga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish masalasi ko‘rib chiqilib, ko‘pchilik ovoz bilan O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi Ustaviga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi belgilandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi va Markaziy kengash a’zolari hamda Taftish komissiyasiga nomzodlar ham ovozga qo‘yildi.
Shu tariqa O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisligiga ko‘p yillar davomida shu lavozimda faoliyat yuritib kelayotgan Ubaydulla Mingboev nomzodi ma’qullandi.
16 nafar delegat esa Markaziy kengash a’zosi etib saylangan bo‘lsa, 3 nafar nomzod Taftish komissiyasi a’zosi etib belgilandi.
Shuningdek tadbirda Sudyalar assotsiatsiyasining joylardagi filiallarining 5 nafar raisiga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari berilib, bir necha sudya va sud faxriylari “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasining kelgusi rejalari belgilab olingach, s’ezd o‘z ishini yakunladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 28.11.2022
- Ko'rishlar: 5211
- Chop etish