“Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir”. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etgan Murojaatnomasida shunday deb ta’kidladi. Shu ma’noda, 2023 yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berilgani bejiz emas.
Ta’lim, ayniqsa, inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish masalasi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Chunki inson huquqlari sohasidagi ta’lim – ta’limning uzviy va ajralmas qismidir.
Bu haqda fikr yuritganda, Milliy markazning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ma’rifat bo‘limi tomonidan 2022 yilda amalga oshirilgan ayrim amaliy ishlarga to‘xtalish maqsadga muvofiqdir. Zero, Prezidentimiz Murojaatnomasida qayd etilganidek, “Ushbu davrda to‘plagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda: taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi”.
O‘tgan yili “O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi loyihasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasidan iborat hujjatlar to‘plami tayyorlandi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, «Inson huquqlari», «Ayol huquqlari», «Bola huquqlari» o‘quv kurslarini barcha ta’lim muassasalarining o‘quv dasturiga kiritish masalasi O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasida inobatga olingan.
2022 yil 26-27 may kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kurslari o‘tkazildi. Bu mashg‘ulotlar Prezidentimizning 2021 yil 26 iyunda qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.
Shu munosabat bilan o‘quv kurslari dasturi ishlab chiqildi va mashg‘ulotlarda xalqaro ekspertlar ishtiroki ta’minlandi. O‘quv kurslarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan prokuratura organlarida tergov tarmoqlari ustidan nazorat bo‘limi, o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi prokurorlari – jami 30 nafar tinglovchi ishtirok etdi. O‘quv kursi yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasi hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan tashabbusiga muvofiq, 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida “Inson huquqlari sohasida ta’lim” mavzusida Global forum o‘tkazildi. Forum inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha muammolar muhokamasi va yechimlariga bag‘ishlandi.
Global forum doirasida “Inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar” ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada mingdan ortiq kitob va 250 nomdagi ilmiy jurnallar namoyish etildi. Ushbu adabiyotlar Milliy markaz tomonidan Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti kutubxonasi va A.Pushkin nomidagi Samarqand viloyat ilmiy-universal kutubxonasiga beg‘araz asosda taqdim etildi.
Forum yakunida adliya va ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, xodimlari, sudyalar, advokatlar, professor-o‘qituvchilar, yuridik ta’lim muassasalari bakalavr va magistratura talabalari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari ekspertlari uchun inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi. Mahorat darsida 7 mingdan ortiq ishtirokchi onlayn va oflayn tarzda qatnashdi.
Bundan tashqari, 2022 yil 15-16 fevral kunlari BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining 81-sessiyasida Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Oltinchi davriy ma’ruzasi ko‘rib chiqilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi.
Xususan, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning bajarilishi yuzasidan O‘zbekistonning Oltinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi tayyorlandi.
Parlament komissiyasining “Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Oltinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan milliy harakatlar rejasi haqida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
2022 yil 21 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga rioya qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi yig‘ilishida Hukumat delegatsiyasi a’zolari tomonidan O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi Oltinchi davriy hisobotini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha hisobot tinglandi.
Yanada muhimi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martda qabul qilingan «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida belgilangan Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya asosida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari ijrosini o‘rganish maqsadida vazirlik, idora va tashkilotlar mas’ul xodimlaridan iborat Ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruh tomonidan qonunchilik hujjatlari ijrosini monitoring qilish yo‘nalishlari belgilab olindi. Reja-jadval, savolnomalar ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Reja-jadval asosida 13-14 oktyabr kunlari Toshkent viloyati va 20-21 oktyabr kunlari Farg‘ona viloyatida tegishli qonunlarning ijrosi o‘rganildi.
Shunday qilib, Murojaatnomada alohida e’tibor qaratilgan ta’limning uzviy va ajralmas qismi hisoblanuvchi inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish borasida o‘tgan yili katta natijalarga erishildi hamda ayni vqtda bu boradagi istiqboldagi muhim vqazifalar belgilab olindi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Hech kimning unutishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat”.
Farxod HAYITBOEV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining
Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i
- Qo'shildi: 05.01.2023
- Ko'rishlar: 4812
- Chop etish