O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil 13 iyulda qabul qilingan “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida 2022 yil 2 martda «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi.
Qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom barkamol avlodni voyaga yetkazishdir.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining ikkita taklifi ma’qullandi. Ya’ni:
birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzurida «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini tashkil etish;
ikkinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalarida boshqarma boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlarida bo‘lim boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.
Prezident qaroriga muvofiq, «Vatan tayanchi» harakatining tashkiliy tuzilmasi ham tasdiqlandi.
«Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati – davlat muassasasidir. Uning asosiy ta’sischisi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hisoblanadi.
«Vatan tayanchi» harakatining maqomi, Qurolli Kuchlar xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash shartlariga ko‘ra, davlat boshqaruvi organi – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy apparatining mustaqil bo‘limiga tenglashtirilgan.
«Vatan tayanchi» harakati xodimlarining asosiy tarkibi Mudofaa vazirligi qo‘shinlari umumiy cheklangan shtat birliklari doirasida tashkil etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari «Vatan tayanchi» harakati faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari, tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlari boshliqlarining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida tegishlicha «Vatan tayanchi» harakatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari hamda tuman (shahar) bo‘linmalari boshliqlari hisoblanadi.
Davlat umumta’lim maktablarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi rahbarligida tarkibi 20 nafar 10-11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘lgan «Vatan tayanchi» otryadlari tuziladi. Ularning faoliyati «Vatan tayanchi» harakati tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
«Vatan tayanchi» otryadlariga davlat umumta’lim maktablari o‘quvchilari ixtiyoriylik asosida a’zo bo‘ladi.
«Vatan tayanchi» harakati huzurida Vasiylik kengashi, uning hududiy bo‘limlari va bo‘linmalari huzurida esa muvofiqlashtiruvchi kengashlar tuziladi. Ularning tarkibiga Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining vakillari kiritiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.02.2023
- Ko'rishlar: 4597
- Chop etish