«Vatan tayanchi» qanday vazifalarni bajaradi?

O‘zbekiston Prezidenti 2022 yil 2 martda «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom barkamol avlodni voyaga yetkazishdir.

Davlatimiz rahbari tomonidan Mudofaa vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzurida «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini tashkil etish haqidagi taklifi ma’qullandi.

Qarorga asosan:

  • o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatan taqdiriga daxldorlik, ma’naviy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda qonunlarimizga nisbatan yuksak hurmat ruhida tarbiyalash;
  • erkin fikrlaydigan, mustahkam bilimli, jamiyatda munosib mavqeini egallash qobiliyatiga ega, mustaqil qaror qabul qilishga qodir, mamlakatining, xalqi va o‘z oilasining farovonligi va yanada rivojlanishi orzusida bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash;
  • o‘quvchi-yoshlarni tuzilayotgan otryad atrofida birlashtirish va jipslashtirish, ular orasida harbiy-vatanparvarlik, o‘quv-tarbiyaviy tadbirlarni amalga oshirishda asosiy tashkilotchi sifatida faoliyat yuritish, o‘quvchilarda o‘qish va intizom bo‘yicha yuqori natijalarga erishishga ishtiyoqni uyg‘otish hamda ularga o‘rnak bo‘lish uchun faol harakat qilish;
  • davlat umumta’lim maktablar o‘quvchilarini odob-axloq, Vatanga sadoqat va o‘ziga qat’iy ishonch ruhida tarbiyalash, o‘qishi, intizomi va jismoniy ko‘rsatkichlari past o‘quvchilarga yuqori natijalarga erishishda ko‘maklashish;
  • davlat umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish;
  • o‘quvchilarni turli xavfli g‘oyalar va tashqaridan «ommaviy madaniyat» niqobi ostida kirib kelayotgan salbiy ta’sirlardan himoya qilish – «Vatan tayanchi» harakatining asosiy vazifalari etib belgilandi.

«Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati – davlat muassasasidir. Uning asosiy ta’sischisi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hisoblanadi.

Davlat umumta’lim maktablarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi rahbarligida tarkibi 20 nafar 10-11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘lgan «Vatan tayanchi» otryadlari tuziladi. Ularning faoliyati «Vatan tayanchi» harakati tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

«Vatan tayanchi» otryadlariga davlat umumta’lim maktablari o‘quvchilari ixtiyoriylik asosida a’zo bo‘ladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech