2023 yil 15 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi bilan hamkorlikda davra suhbati o‘tkazildi. Unda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati, belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Davra suhbatida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, bir qator tegishli tashkilotlar hamda OAV vakillari qatnashdi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ishtirok etib, ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, inson huquqlari sohasidagi ta’lim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda fundamental ahamiyat kasb etadi. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda sohada tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, 2020-2024 yillarda inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda.
Ushbu bosqich yoshlarni tenglik, inson huquqlariga amal qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash hamda inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beruvchi ta’lim berishga qaratilgan. Bu maqsadga erishish uchun esa, qarorda belgilangan vazifalarni kelajakka javobgarlik hissi bilan hamkorlikda, mas’uliyat bilan amalga oshirish lozim.
Qayd etib o‘tilganidek, yurt kelajagi, sohalar rivoji, aholi hayotining farovon bo‘lishi, qonunlarning o‘z o‘rnida ishlashi kadrlar salohiyati bilan bevosita bog‘liq. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturida maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan boshlab oliy ta’limgacha bo‘lgan jarayonlarda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlashda inson huquqlari sohasidagi ta’lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman o‘z hayotiga daxldor bo‘lgan qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, huquqbuzarlik, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunday ta’lim demokratik jamiyat qurish maqsadida huquqlar, erkinliklarni anglab yetish va ulardan faol foydalanish, majburiyatlarga amal qilishni nazarda tutuvchi inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Tadbirda inson huquqlari sohasida Milliy ta’lim dasturini shakllantirish, unga amal qilish, natijaga erishish bo‘yicha ta’limga mas’ul vazirlik va tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi hamda “yo‘l xaritasi” asosida faoliyat olib borish bo‘yicha rejalari ma’lum qilindi. Shuningdek, ayni yo‘nalishda mavjud muammolar, ularni bartaraf etish choralari ham atroflicha muhokama qilindi.
Davra suhbatida inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturida nazarda tutilgan vazifalar yoshlarning ta’lim olishi, huquqlarini bilishi, majburiyatlardan xabardor bo‘lishiga xizmat qilishi ta’kidlanib, qarorning ijrosini ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
- Qo'shildi: 16.02.2023
- Ko'rishlar: 4089
- Chop etish