O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish holati muhokama qilindi

2023 yil 17 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishi holati to‘g‘risidagi axboroti ko‘rib chiqildi.

Muhokama chog‘ida O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va ularga rioya etish masalalari ustuvor ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Mamlakatimizning Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyasi doirasida fuqarolarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida BMT va Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari ratifikatsiya qilingan. Ayniqsa, yaqinda davlatimiz rahbarining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlangani yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Shu bilan birga, majlisda inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni samarali qo‘llash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga to‘sqinlik qilayotgan qator muammolar ham mavjudligi qayd etildi. Jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining inson huquqlari sohasidagi bilim va ko‘nikmalari yetarli darajada shakllanmaganligi huquq-tartibot organlari imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

Senatorlar BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosi monitoringi natijalaridan ham alohida tashvish bildirdilar. Bu o‘rinda ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari – yo‘llar, maktablar, universitetlar, poliklinikalar, shifoxonalar nogironlar uchun yetarli darajada moslashtirilmagani haqida so‘z bormoqda. Qolaversa, Brayl alifbosidagi darsliklar ham yetishmayapti.

Majlisda, shuningdek, Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibidagi boshqa masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Qo‘mita a’zolari tomonidan har tomonlama keng va ochiq muhokamalar yakunlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

“Dunyo” AA

UzDaily.uz

Powered by GSpeech