Prezident qarori bilan inson huquqlari sohasida milliy ta’lim dasturi joriy etildi

Bundan ikki yil avval, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida ishtirok etgan O‘zbekiston davlati nomidan so‘zlagan nutqlarida “Insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash O‘zbekistondagi islohotlarda eng muhim o‘rinda turadi, barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni ko‘zda tutadigan “hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshiriladi” degan muhim maqsadlarni bayon etgan edilar.

Ushbu so‘zlar ijrosi o‘laroq, joriy yilning 7 fevral kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-46-son Prezident qarori bu borada mamlakatimiz o‘z zimmasiga olgan vazifalar ijrosi tomon muhim qadam bo‘ldi. Bu esa davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiq qoladi” degan mustahkam pozitsiyasi to‘liq amalda ekanligini ko‘rsatmoqda.

Darhaqiqat, ushbu qaror xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan Yangi O‘zbekiston davlatini, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, yurtimizda inson qadri ustuvor degan tamoyillarning asl mazmun-mohiyati, shuningdek davlat rahbarining BMT Bosh assambleyasi 76-sessiyasi, uning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 
46-sessiyasida mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflarni amalda ro‘yobga chiqarish, shuningdek o‘tgan yil dekabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim” Global forumida belgilab olingan maqsadlarni amalga oshirish mexanizmlarini qamrab olganligi bilan ahamiyatlidir.

Ma’lumki, xalqimiz orasida azal-azaldan keng tarqalgan, ta’lim-tarbiya tizimiga singib ketgan halolllik, rostgo‘ylik va adolatlilik, xolislik va haqqoniylik kabi ulug‘ qadriyatlarimiz va ezgu fazilatlarimiz negizida birinchi navbatda insonga yuksak hurmat va ehtiromni ko‘ramiz. Davlatimiz rahbari tomonidan 
2023 yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nomlanishi ham xalqimizning ushbu ezgu qadriyatlarini yanada mustahkamlash va tanlagan yo‘lining bardavomligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. 

Prezidentimiz o‘z chiqishlarida “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz.

Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz” deb ta’kidlaganlarida ushbu masalaning yurtimiz uchun naqadar muhimligiga urg‘u berganlar.

 Prezidentimizning qarori bilan tanishar ekanmiz, avvalo, inson huquqlari sohasidagi ta’lim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va eng muhimi, unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etib, davlat va jamiyat hayotida har qanday zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda ham muhim ekanligiga yana bir bor ishon hosil qiilamiz. Ta’lim muassasalarida inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yangi maxsus dasturlarni amalga oshirish, shu bilan birga inson huquqlariga oid mavjud ta’lim uslub va mazmunini ko‘rib chiqish orqali yanada takomillashtirish, bu borada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosini to‘liq ta’minlanishiga erishishni talab etadi.

Aytish kerakki, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi yangi qarori Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasi tomonidan ko‘taringki ruh bilan qarshi olindi. Zero, universitetimizga jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha faoliyatni samarali tashkil etishga qodir bo‘lgan malakali mutaxassislarni tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha chuqurlashtirilgan holda o‘qitish jarayonida, shuningdek Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlarni yuksak ma’naviy-axloq egasi etib tarbiyalash, ularda huquqiy madaniyat hamda vatanparvarlik sifatlarini kamol toptirishda inson huquqlari sohasiga oid bilimlarni o‘qitish uslublarimizni qayta ko‘rib chiqish ustuvor vazifalarimizdan hisoblanadi.

Chunonchi, Prezident qarorida belgilanganidek, ta’lim muassasalarida “Huquqiy savodxonlik oyligi” doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” mavzusiga alohida e’tibor qaratish, oliy ta’lim muassasalarini aholi o‘rtasida umuminsoniy qadriyatlar, inson huquqlarini hurmat qilish va unga rioya qilish tamoyillarini ommalashtirish kabi vazifalar belgilangan. Shuningdek, qarorda fuqarolarning huquqiy axborotdan foydalanishini ta’minlash jarayoniga keng jalb etilishi, oliy ta’lim muassasalarida inson huquqlari, ayollar huquqlari va bola huquqlariga oid o‘quv kurslari va darsliklar joriy etilishiga mutaxassis o‘qituvchilarni jalb etish, bunda Milliy ta’lim dasturini amalga oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan keng foydalanish kutilgan natijaga erishishning muhim omilidir.

Albatta, Jamoat xavfsizligi universitetining professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari hamda tinglovchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorini amalga oshirilishida faol ishtirok etadi. Unda belgilangan asosiy vazifalarni o‘z vaqtida va samarali ijro etish O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi va Jamoat xavfsizligi Universiteti boshlig‘i ko‘rsatmalari asosida aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. 

Unda o‘quv dasturlarni yanada takomillashtirish barobarida, o‘qitish jarayoniga inson huquqlari sohasidagi bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashning zamonaviy shakl va uslublari, pedagogik va axborot texnologiyalarini keng qo‘llagan holda nazariya va amaliyot uzviyligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, Jamoat xavsizligi universiteti ta’lim yo‘nalishi xususiyatlaridan kelib chiqqan holda harbiy vatanparvarlik, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash yo‘nalishida, jamoat xavfsizligini ta’minlashning eng dolzarb muammolari bo‘yicha kompleks ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishda inson huquqlari muammolariga alohida e’tibor qaratiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezident Qarorida Milliy ta’lim dasturining to‘liq va tizimli amalga oshirilishi seminarlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar doirasida ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilishi, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida O‘zbekistonda qabul qilinayotgan chora-tadbirlar hamda ularning natijalari to‘g‘risida jamoatchilik hamda xalqaro hamjamiyat tizimli ravishda xabardor qilib borilishining belgilanganligi uning ijrosi ochiqligi va shafofligini hamda hisobdorlikni ta’minlaydi.

O‘ylaymizki, Qaror bilan tasdiqlangan Milliy ta’lim dasturi doirasida belgilangan vazifalar va kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida ko‘p sonli xalqimizning, ayniqsa, yoshlarning inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qiladi. Unga oid axborot tarqatish, ta’lim berish faoliyati yanada takomillashtiriladi. Pirovard natijada jamiyatda inson huquqlari madaniyati yanada yuksaladi. 

Biz kabi oliy ta’lim muassasalari faoliyatida yangi ruh, yangchicha yondoshuv, ijod uchun yangi imkon maydoni vujudga keladi. Inson huquqlari sohasidagi ta’lim asosiy tamoyillari va uslublarini o‘zlashtirish hamda to‘liq tushunishga ko‘maklashish, hamkorlikning kuchayshishi, ilmiy ishlanmalar sifati yanada yuqori pog‘onaga ko‘tariladi. Eng muhimi, inson huquqlari sohasida ilmiy-tadqiqot va o‘quv jarayonini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirishga erishiladi, yuksak malakali xalqparvar kadrlar avlodi shakllanadi.

OYBEK TURG‘UNOV, 

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 

yuridik fanlari doktori, professor

O‘zA

Powered by GSpeech