Qaror va ijro
Yurtimizda 2020-2024 yillarda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda joriy yil 7 fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlanib, qator vazifalar belgilandi.
— O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi bir qancha vazifalarni amalga oshirishni nazarda tutadi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i O‘tkir Ochilov. — Bu, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlaridan kelib chiqadigan vazifalardir. Prezident qarori bilan 7 yo‘nalishda 30 banddan iborat vazifalar belgilab berilgan. Bu vazifalarni amalga oshirish asosan 2023 yilga mo‘ljallangan. Ayrim bandlari esa 2024 yil davomida ham amalga oshiriladi. Bunga o‘ndan ortiq tashkilotlar, muassasalar, nodavlat-notijorat tashkilotlari jalb qilingan.
Ushbu dasturdan asosiy maqsad aholining inson huquqlari sohasidagi xabardorligini oshirish, inson huquqlari madaniyatini rivojlantirish, inson huquqlari bo‘yicha xulq-atvorini shakllantirish va rivojlantirishdir. Har bir inson o‘z huquqlarini bilsin, unga amal qilsin, boshqalarning huquqlarini ham hurmat qilsin va ularga bu borada ko‘maklashsin. Shu maqsadda qabul qilingan Milliy dastur doirasida tizimli chora-tadbirlar belgilab berildi, — deydi O‘tkir Ochilov.
Darhaqiqat, Prezident qarori bilan Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirishda bir qator tashkilot va idoralar zimmasiga vazifalar yuklatildi. Jumladan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ta’lim muassasalarida amalga oshiriladigan tadbirlar, darsliklarni tayyorlash bo‘yicha choralar belgilab berildi.
— Maktab ta’limidagi fanlarga oid darsliklarimizda inson huquqlariga alohida e’tibor qaratiladi, — deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huquq fani mutaxassisi Oybek Shernayev. — Masalan, Tarbiya va huquq asoslari darsliklarida inson huquqlariga oid boblar kiritilib, ular orqali inson huquqlariga oid bilimlar mustahkamlanib boriladi. Quvonarlisi, yangi o‘quv yilidan boshlab bu fanlar o‘qituvchilari uchun ham alohida metodik qo‘llanmalar joriy qilinadi va ularda inson huquqlariga oid metodlar ko‘rsatib o‘tiladi. Shuningdek, qaror ijrosi doirasida ta’lim muassasalarida “Inson huquqlari madaniyati” haftaliklari ham o‘tkazib boriladi.
Muhtarama Komilova,
Yoqub Meliboyev (video), O‘zA
- Qo'shildi: 20.02.2023
- Ko'rishlar: 4642
- Chop etish