“Inson huquqlari sohasida ta’lim va tadqiqotlar” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

20 fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlari sohasida ta’lim va tadqiqotlar” tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir mamlakatimizda 20 fevraldan – 28 fevralga qadar davom etadigan “Inson huquqlari haftaligi”  doirasida tashkil etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov  marosimni ochar ekan, ayni mavzudagi respublika tanlovi Milliy markaz tomonidan 2022 yil 10 oktyabr kuni e’lon qilingani va bir oy davom etganiga e’tiborni qaratdi. Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi, BMTning Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi hamda Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga bag‘ishlandi.

Tanlov Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda  BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etildi. Uni o‘tkazishdan maqsadi inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimiz aholisi o‘rtasida inson huquqlari madaniyatini keng targ‘ib etishdir.

Tanlov 5 nominatsiya bo‘yicha o‘tkazilib, jami 72 ta  hujjat kelib tushdi.  Tanlov yakunlariga ko‘ra, 1-o‘ringa:

  • “Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi o‘quv kursi” nominatsiyasi bo‘yicha – Yuristlar malakasini oshirish markazi Bosh mutaxassisi Sardor Abdihalikov;
  • “Ison huquqlari – bolalar nigohida” nominatsiyasi bo‘yicha – Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani 50-o‘rta maktabining 7 “J”-sinf o‘quvchisi Farangiz Azizzoda;
  • “Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi videorolik” nominatsiyasi bo‘yicha – Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti axborot-media mutaxassisi  Nurmuhammed Jumag‘ulov;
  • “Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi o‘quv adabiyoti” nominatsiyasi bo‘yicha – Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutining “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Shuhrat Otaqulov;

“Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi maqola” nominatsiyasi bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti mustaqil izlanuvchisi Odil Bo‘riev munosib deb topildi.

G‘oliblar  1-darajali diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlandilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

O‘zA

Aniq.uz

Powered by GSpeech