Xalqaro mehnat tashkiloti: O‘zbekiston ijtimoiy adolatni ilgari surish va mehnatkashlar huquqini ta’minlashda yuqori natijalarga erishdi

Joriy yilning 21-fevral kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida “O‘zbekistonda ijtimoiy adolatni mustahkamlash maqsadida munosib mehnatni targ‘ib qilish” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. 
Mazkur tadbir Birlashgan millatlar tashkilotining maxsus rezolutsiyasiga muvofiq, 2009-yildan buyon har yilning 20-fevral kuni xalqaro hamjamiyatda “Butunjahon ijtimoiy adolat kuni” sifatida nishonlanishi munosabati tashkil etildi hamda mamlakatimizda mehnat munosabatlarini yanada takomillashtirish, sohaga xalqaro mehnat standartlarini joriy qilish hamda mehnat qonunchiligini rivojlantirish yuzasidan yangi xulosa va takliflarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi T.Narbayeva, Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining yordamchisi, Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari X.Koller va qator xalqaro tashkilotlardan 100 dan ortiq soha bo‘yicha mutaxassislar, xorij mamlakatlarining O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, Oliy Majlis palatalari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva o‘z so‘zida mamlakatimizda so‘nggi yillarda qat’iy siyosiy iroda tufayli mehnat munosabatlari sohasida fuqarolik jamiyati vakillari, xalqaro hamkor tashkilotlar, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilganini qayd etib o‘tdi.
— Ma’lumki, mamlakatimiz mehnat bozori mintaqadagi eng jadal rivojlanayotgan bozorlardan biridir.  Ayni vaqtda tez o‘sib borayotgan ishchi kuchini bandligini ta’minlashda  xususiy sektor  muhim ahamiyat kasb etadi.  
Shu bilan birga, xalqaro mehnat standartlariga rioya qilish, ijtimoiy himoyani ta’minlash, ijtimoiy muloqotni mustahkamlash, gender tenglik va inklyuzivlikka erishish O‘zbekiston uchun eng ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi.
Bu borada kelgusida siz va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish va qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar bardavom bo‘lishiga umid qilamiz. Hozirgi sharoitda ijtimoiy hamkorlikni, ya’ni hukumat, ish beruvchilar, ishchilar va fuqarolik jamiyati vakillarining faoliyatini yanada uyg‘ununlashtirish va hamjihatligini oshirish zarur.
Xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi, ayniqsa xususiy sektorda jamoaviy shartnoma munosabatlarini takomillashtirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni qabul qilish talab qilinadi.
Qolaversa, oldimizda Mehnat inspeksiyasi faoliyatini yanada mustahkamlash, unga yangi vakolatlar berish vazifasi turibdi. Bandlikka ko‘maklashish markazlarini faol jalb etgan holda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlar ishlab chiqish zarur,— deb ta’kidladi Senat Raisi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning  2022-yil 20-dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish maqsad qilinayotgani, ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish ekanligini ta’kidlagan edi.
Konferensiyada bugungi kunda mamlakatimizda munosib mehnat tamoyillarini ilgarish surish, ijtimoiy adolatni ta’minlash, mehnat sohasida institutsional va xuquqiy bazani takomillashtirish, sohaga oid xalqaro standartlarni joriy etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Xususan, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ijtimoiy hayotning barcha sohalarida himoya qilish, kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda ular uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish borasidagi davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Bu jarayonda mehnat bozorining institutsional va xuquqiy asoslarini rivojlantirish alohida ahamiyatga ega. Xususan, Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash, Kambag‘allikni qisqartirish va Bandlik vazirligi, Davlat mehnat inspeksiyasi, bandlikka ko‘maklashish markazlari, fuqarolik jamiyati institutlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. 
Shuningdek, 2019-yildan boshlab Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi hamda ushbu masalalar bo‘yicha Milliy ma’ruzachi instituti samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ta’kidlanganidek, Milliy komissiya so‘nggi yillarda mehnat munosabatlarini takomillashtirish, majburiy mehnatga barham berish va munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish yuzasidan xalqaro takshilotlar, birinchi navbatda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan xamkorlikda tizimli choralar ishlab chiqdi va aniq natijalarga erishildi. Xususan, O‘zbekistonda munosib mehant tamoyillarini ilgari surishda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan xamkorlikda 2021-yilda O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan yangi mamlakat dasturi qabul qilindi.
Dasturda sohani xuquqiy tartibga solish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, norasmiy bandlikni qisqartirish kabi masalalariga alohida e’tibor qaratilganligi qayd etildi. 
– Bugun xalqaro xamjamiyat O‘zbekistondagi islohotlarga yuqori baho bermoqda, ayniqsa, bu borada mehnat tizimidagi o‘zgarishlar o‘zining natijadorligi bilan ajralib turadi, – deb ta’kidladi Xalqaro mehnat tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori X.Koller.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tomonidan O‘zbekistonda ijtimoiy adolatni ilgari surish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni hayotga moslashtirish, ularning bandligini ta’minlash, ijtimoiy reabilitatsiya qilish hamda mehnatkashlar huquqini ta’minlashda erishilgan yutuqlar yuksak baholandi hamda ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro standartlar asosida shakllanganligi e’tirof etildi.
Xalqaro mehnat tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori X.Koller, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha byurosi direktori O.Kulayeva hamda qator xalqaro tashkilotlarning mutaxassislari va xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari vakillari tomonidan sohani takomillashtirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Ish beruvchilar Konfederatsiyasi vakillarining fikrlari tanglandi.
Tadbirda 2022-yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan mustaqil monitoring natijalari xam e’lon qilindi. 
Ushbu monitoring Xalqaro mehnat tashkiloti metodologiyasi asosida fuqarolik jamiyati faollari tomonidan o‘tkazildi. Monitoring natijalari yig‘im-terim ishlarida majburiy mehnat va bolalar mehnati holatlari aniqlanmaganligini, shuningdek, unda ishtirok etganlarning 0,24 foizi majburiy mehnat asosida jalb qilingan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Bu ko‘rsatkich 2021-yilda 1 foizni, monitoring ishlari boshlangan 2015-yilda esa 14 foizni tashkil qilgan. 
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan O‘zbekistonda ijtimoiy adolatni mustahkamlash va munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish yuzasidan yangi qo‘shma choralar ishlab chiqishga kelishib olindi.

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATI

Powered by GSpeech