Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalda

Munosabat

Bugun O‘zbekiston jahon hamjamiyati safida yanada mustahkam o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Mamlakatdagi har bir sohaga zamonga xos va mos tarzda e’tibor qaratilib, yangilanish nafasi ufurmoqda.

Keling, uzoqqa bormay birgina ta’lim sohasidagi islohotlarga to‘xtalaylik. Sababi, keyingi yillarda yurtimizda maktab, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimida raqobat muhitini shakllantirish, davlat-xususiy sheriklik va xususiy sektor resurslaridan keng foydalanish, aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinishini rivojlangan davlatlar darajasiga yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yilning 7 fevral sanasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha dolzarb masalalarni har tomonlama o‘rganish, ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish, keng jamoatchilik muhokamasi, xalqaro va milliy maslahatlashuvlar natijasida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi va ushbu dasturni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Shubhasiz, qo‘yilgan har bir vazifa inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, yoshlarni tenglik, inson huquqlariga amal qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash hamda inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beruvchi ta’lim berishga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini qabul qilish alohida ahamiyat kasb etishiga e’tibor berilgan.

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o‘z hayotiga daxldor qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, shuningdek, huquqbuzarliklar, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda muhimdir.

Mazkur hujjat 5 bobdan iborat bo‘lib, har bir bob qismlari esa tizimni yanada rivojlantirishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining asosiy maqsadi – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi qoidalari va inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish, shuningdek, aholi barcha qatlamlarining inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi milliy va xalqaro standartlar to‘g‘risida xabardorligini, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishdan iborat bo‘lib, uning asosiy vazifalari belgilab qo‘yilgan.

Yoshlarning huquqiy bilimini rivojlantirish uchun, avvalo, pedagog kadrlarning salohiyati, bilimi va tajribalari shakllangan bo‘lishi kerak. Bu boradagi qarashlari esa rivojlangan bo‘lishi muhim. Shuning uchun dasturda ushbu masalaga ham urg‘u berilgan.

Xususan, pedagog kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimida inson huquqlari o‘quv kurslarini joriy qilish, huquqshunos-pedagog ta’lim yo‘nalishini tashkil etish, “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq” magistratura mutaxassisligini, inson huquqlari ixtisosligi bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’limni takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, inson huquqlarining dolzarb masalalari bo‘yicha amaliy, fundamental va innovatsion ilmiy loyihalar tanlovlarini o‘tkazish, inson huquqlarining dolzarb masalalari bo‘yicha xorijiy oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarning bakalavriat, magistratura va doktoranturasida mutaxassislarni o‘qitish, malakasini oshirish tizimini joriy etishga e’tibor qaratilgan.

Xulosa qilib aytganda, qarorning qabul qilinishi BMT Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi doirasida belgilangan vazifalar amalga oshirilishi, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish va kundalik hayotda ularga rioya qilish bo‘yicha zarur ko‘nikma va malakalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Madina NURULLAEVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi yetakchi mutaxassisi.

O‘zA

Powered by GSpeech