23 fevral kuni Farg‘ona shahrida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi mashg‘ulotlari davom etdi. Mamlakatimizda e’lon qilingan “Inson huquqlari haftaligi” doirasida tashkil etilgan mazkur mashg‘ulotlarda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ichki ishlar tizimi xodimlari ishtirok etdi.
O‘quv kursining birinchi kunida “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar”, “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati”, “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilik rivoji”, “Qiynoqqa qarshi konvensiyaga Fakultativ protokol. Qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar: xalqaro tajriba va milliy amaliyot”, “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Mashg‘ulotlarning ikkinchi kuni “Voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar”, “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari”, “Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari”, “Kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanishi” mavzularidagi ma’ruzalar tinglovchilar e’tiboriga havola etildi.
O‘quv kursi dasturida ko‘zda tutilgan inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha ma’lumotlar tinglovchilar uchun har tomonlama tushunarli bo‘lishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari alohida o‘rnak ko‘rsatdilar.
Mashg‘ulotlar asnosida, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomada inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilishi zarurligi ta’kidlanganiga e’tibor qaratildi. Bu, o‘z navbatida, tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining tegishli farmon va qarorlari, ma’ruza va nutqlari, shuningdek, Milliy strategiya hamda Davlat dasturlarida bu borada belgilab berilgan ustuvor vazifalar nafaqat milliy, balki xalqaro ahamiyatga ham ega. Nega deganda, ayni vazifalar ijrosidan ko‘zlangan maqsad – BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda, qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy priventiv mexanizmlarni takomillashtirishdan iborat. Bularning barchasi, o‘z navbatida, yurtimizda qiynoqlarga uzil-kesil barham berish yo‘lidagi ta’sirchan amaliy qadamlardir.
Prezidentimizning 2023 yil 7 fevraldagi Qarorida, jumladan, inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha nazarda tutilgan yangilanishlarning amaliyotga o‘z vaqtida va to‘liq joriy qilinishi muhim ahamiyatga ega. Bu, bir tomondan, mamlakatimizda inson huquqlariga amal qilinishi holatini tubdan yaxshilashga hissa qo‘shsa, ikkinchi tomondan, O‘zbekistonning xalqaro imiji yanada yuksalishiga xizmat qiladi.
Ikki kunlik qisqa o‘quv kursi davomida egallangan nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi. Mashg‘ulotlar yakunida test sinovlari o‘tkazildi. Shundan so‘ng tinglovchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Ma’lumot uchun: Qiynoqqa qarshi kurash yo‘nalishidagi o‘quv kursi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida 2023 yil davomida o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlarning jami soni 14 tani tashkil etadi va o‘quv kurslaridan 700 nafar tinglovchi tahsil olishi ta’minlanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.02.2023
- Ko'rishlar: 3975
- Chop etish