Mahalla – Yangi O‘zbekiston islohotlarining tayanchiga aylanmoqda

Munosabat

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayonida mahalla instituti davlat boshqaruvida alohida o‘rin egallab, jamiyat taraqqiyotida hal qiluvchi pog‘onalardan biriga aylandi. 

Bugun mahalla nafaqat an’anaviy tarzdagi jamoaviy boshqaruv organi, balki hududiy rivojlanishning harakatlantiruvchi kuchi, fuqarolarning davlat bilan muloqot maydoni va Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy yuzini belgilab beradigan platforma sifatida faoliyat yuritmoqda.

Kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev  raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahalla tizimini takomillashtirish masalalari yana bir bor atroflicha muhokama etildi. Unda ta’kidlanganidek, so‘nggi davrda mahallada “yettilik” tizimi joriy qilindi. Bu orqali kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasigacha tushirildi. Natijada 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, mamlakat bo‘ylab ishsizlik darajasi ikki barobarga qisqardi.

Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi. Ular boshchiligida “yettilik” vertikal tizimi shakllantirilib, yetarli huquq va resurslar bilan ta’minlandi. Shuningdek, har bir mahallada mavjud imkoniyatlarni loyihalashtirib, yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida maxsus bankir va soliqchilar biriktirildi, infratuzilmani yaxshilash uchun katta miqdorda mablag‘lar ajratilmoqda.

O‘tgan haftada imzolangan qarorga muvofiq, “Yangi O‘zbekiston” qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman va 330 ta og‘ir ahvoldagi mahallaning rivoji uchun katta resurslar yo‘naltiriladi. Har bir tumanga 100 milliard so‘m, har bir og‘ir mahallaga esa 5 milliard so‘m ajratiladi. Shu bilan birga, ushbu hududlardagi “drayver” loyihalar uchun qo‘shimcha 2 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, har bir hokim o‘z hududida ikkitadan og‘ir mahallaning rivojlanishi uchun shaxsan mas’ul qilib belgilandi. Viloyat va tuman rahbarlariga mahalladagi infratuzilma ishlariga yangicha yondashish, “yettilik” bilan hamkorlikda ishlash topshirildi.

Yig‘ilishda e’lon qilingan muhim yangiliklardan biri – Qonunchilik palatasi deputatlariga o‘z okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun har biriga 3 milliard so‘mdan mablag‘ beriladigan bo‘ldi. Bu tashabbus nafaqat parlament faoliyatida yangi bosqichni boshlaydi, balki xalq va deputat o‘rtasidagi munosabatlarni mutlaqo yangi darajaga ko‘taradi.

Endilikda deputatlar faqat qonun chiqarish bilan cheklanib qolmaydi, balki hududdagi amaliy muammolarni hal etishda ham bevosita ishtirok etadi. Ularda mahalladagi muammolarni joyida o‘rganib, infratuzilma, ijtimoiy xizmatlar, yo‘l, ta’lim yoki sanitariya masalalarini hal qilishda yetarlicha iqtisodiy imkoniyat bo‘ladi. Bunday tarzdagi yondashuv orqali deputatlar faoliyati amaliy natijalar asosida baholanadi, ularning javobgarligi va hisobdorligi kuchayadi.

Shuningdek, yaratilgan sharoitlar va resurslar hisobiga 7 mingta mahalla muayyan iqtisodiy yo‘nalishlarga ixtisoslashdi. Ular orasida meva-sabzavot yetishtirish, gulchilik, asalarichilik, tikuvchilik, mebelsozlik, savdo va servis kabi 15 yo‘nalish mavjud. Bu orqali 1,5 million oila qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ldi.

Kelgusi yildan 2 682 ta meva-sabzavotga ixtisoslashgan mahallaga sanoat olib kirish, xususan, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash infratuzilmasini barpo etish uchun imtiyozli resurslar ajratiladi.

Mahallalardagi real imkoniyatlar hisobga olingan holda, mikrobiznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir 6,5 trillion so‘mlik resurs ajratiladi. Bu mablag‘lar mahalla bankirlari va hokim yordamchilari orqali mikroloyihalarga yo‘naltiriladi.

Umuman olganda, mahalla instituti endi nafaqat jamoa boshqaruvi markazi, balki iqtisodiy, ijtimoiy, infratuzilma, ta’lim va madaniyat sohalarida yangi nafas bo‘lib xizmat qilmoqda. Prezident tashabbusi bilan har bir mahallaga yo‘naltirilayotgan moliyaviy, tashkiliy va resurs imkoniyatlar mahallaning real o‘zgarishi, fuqarolar turmush darajasining yaxshilanishiga bevosita xizmat qilmoqda.

Qonunchilik palatasi deputatlariga mablag‘ ajratilishi, “Tashabbusli byudjet” dasturlari, “yettilik”ning joylardagi vazifalari va hisobdorlik tizimi bularning barchasi mahallani Yangi O‘zbekiston islohotlarining amaldagi markaziga aylantirishga qaratilgan qat’iy siyosiy iroda va strategiya natijasidir.

Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

 Mehnat, sog‘liqni saqlash

va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA

Powered by GSpeech