Majburiy mehnat – biror bir jazoni qo'llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash hisoblanadi. Hech kim shaxsni ishdan bo'shatib yuboraman, oyligingni kamaytiraman, lavozimingni tushiraman va hokazo tahdidlar bilan majburiy mehnatga jalb qilishga haqli emas.
Demak, xodimni zo'rlash yoki qo'rqitish, jazo qo'llash, mehnat faoliyati va rag'batlantirishni cheklash kabi usullar orqali bevosita mansab vazifasiga kirmaydigan har kanday ishga jalb qilish majburiy mehnat deb topiladi. Xodimlarni ularning ixtiyorisiz obodonlashtirish, mavsumiy qishloq ho'jaligi va qurilish ishlariga, shuningdek, turli tadbirlarga jalb qilish kabilar ham majburiy mehnatning ko'rinishlari deb baholanadi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasiga muvofiq, “Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko'rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir. Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o'tash tartibidan yoki qonunda ko'rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi”.
Bu kabi me'yorlarni Mehnat kodeksining 7-moddasida ham kuzatishimiz mumkin: “Aholini ish bilan ta'minlash to'g'risida”gi qonunining 2-moddasida “Majburiy mehnat, ya'ni biron-bir jazoni qo'llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash taqiqlanadi, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno”deb belgilab qo'yilgan.
Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining O'zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan 29-105-sonli konventsiyalari xam majburiy mehnatga qaratilgan bo'lib, milliy qonunchiligimizda o'z ifodasini topgan. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi “O'zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori davlat organlari ishidagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, O'zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga to'liq barham berishga qaratilgan.
Shuningdek, Prezidentimizning 2018 yil 14 avgustidagi “Yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish chora-tadbirlari to'g'risi”gi qarori va 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta'limi boshqarish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoniga muvofiq, xalq ta'limi vazirligi tomonidan tizimdagi ta'lim muassasalari o'qituvchilari va ishchi-xodimlari faoliyatiga
tegishli bo'lmagan ishlarga, ya'ni obodonlashtirish, dala ishlari, paxta yig'im-terimi, majlislarda qatnashish, obuna, uyma-uy yurish va boshqa tadbirlarga jalb etilmaslik vazifalari yuklatilgan.
Ish beruvchi yoki biror mansabdor shaxsning fuqarolarni majburiy mehnatga jalb qilishi ma'muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo'ladi. Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq, eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo'lsa, eng kam ish haqining besh baravaridan o'n baravarigacha miqdorda jarima belgilangan.
Mansabdor shaxslarni majburiy mehnatga jalb qilishda, xuquqbuzarlikning ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab Jinoyat kodeksining 205-, 206-moddalariga ko'ra jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi ko'rsatib o'tilgan. Majburiy mehnatga qarshi kurashish har bir fuqaroning burchi ekanligini ta'kidlab o'tish muhim hisoblanadi.
Majburiy mehnat elementlari bir qator majburiy mehnat indikatorlari orqali o'z ifodasini topadi yoki baholanadi. Aldash, harakatlanishni cheklash, izolyatsiya qilish, jismoniy va jinsiy zo'ravonlik, do'q-po'pisa va qo'rqitishlar, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni olib qo'yish, maoshni to'lamaslik, zaiflikdan foydalanish, qarzga botirish, mehnat va yashashning tubdan sharoitlari, o'ta ko'p soat davomida ishlatish, huquqlar, ustunliklar, imtiyozlardan mahrum etish shular sirasiga kiradi. Shulardan, do'q-po'pisa va qo'rqitishlar hamda o'ta ko'p soat davomida ishlatish kabi indikatorlar bizda ko'proq uchraydi.
O'zA materiali asosida tayyorlandi
- Qo'shildi: 04.08.2019
- Ko'rishlar: 10400
- Chop etish