Bandlik vazirligi barcha ta’lim muassasalarida majburiy mehnat yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazadi.
15 avgustdan boshlab, Respublika bo‘yicha maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida «Majburiy mehnatga qarshi kurashish haftaligi» e’lon qilindi. Mehnat inspeksiyasi barcha ta’lim muassasalarida nazorat tadbirlari o‘tkazadi.
«So‘nggi kunlarda o‘qituvchi va murabbiylarni majburiy mehnatga jalb etish holatlari bo‘yicha e’lon qilinayotgan xabarlar fuqarolarimizning mehnat huquqlari daxlsizligi xavf ostida ekanini ko‘rsatmoqda», deyiladi vazirlik bayonotida.
Qayd qilinishicha, o‘qituvchi va murabbiylarni majburiy mehnatga jalb etish bo‘yicha 10 ga yaqin holatlar tasdig‘ini topib, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llangan. Tegishli vazirlik va idoralarga qonunbuzilish holatlarining kelib chiqish sabablarini o‘rganish hamda ularning kelib chiqishiga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.
Ta’kidlanishicha, haftalik doirasida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan ish beruvchilar va barcha mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari ko‘riladi.
Avvalroq, Kun.uz o‘qituvchilarning tinimsiz majburiy mehnatga jalb qilinayotgani, deyarli barcha viloyatlarda yangi o‘quv yili boshlanishidan avval ustozlar hokimiyatlarning tekin mardikoriga aylangani haqida maqola e’lon qilgan edi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 15.08.2025
- Ko'rishlar: 50
- Chop etish