O‘zbekiston tashqi siyosatini belgilovchi asosiy yo‘nalishlardan biri – Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bilan hamkorligimiz sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganiga barchamiz guvohmiz. Ayniqsa, dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonlari bashariyat taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan birga, turli tahdid va xavf-xatarlarni ham namoyon etayotgan bir sharoitda jahondagi ushbu eng nufuzli xalqaro tuzilma bilan tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida samarali hamkorlik qilish xalqimizning tub milliy manfaatlariga to‘la mos keladi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining avvalgi sessiyalarida so‘zlagan nutqlarida tashkilotning bundan keyin ham xalqaro munosabatlarda hal qiluvchi o‘rin tutishini ta’kidlab, davlatimizning bu boradagi tashqi siyosiy pozitsiyasini global va mintaqaviy ahamiyatga ega aniq tashabbuslar misolida ifodalab bergan edi.
Mamlakatimiz rahbarining yubiley anjuman – 80-sessiyada ilgari surgan tashabbuslari ham butun dunyo, jumladan, mintaqamiz uchun g‘oyat muhim ahamiyatga egaligi bilan ajralib turadi.
Avvalo, O‘zbekiston yetakchisi zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirishga chaqirdi. Gap shundaki, BMT Xavfsizlik Kengashi Ikkinchi Jahon urushidan keyingi davrda, dunyoning siyosiy manzarasi hozirgidan tubdan farq qiladigan vaqtda shakllangan. Bugungi kunda dunyo terrorizm, kiberjinoyatchilik, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat va energiya xavfsizligi kabi yangi va murakkab xavf-xatarlarga duch kelmoqda.
Xavfsizlik Kengashining hozirgi tarkibi va ish uslublari bu xavf-xatarlarga yetarlicha samarali javob bera olmaydi. O‘zbekiston BMTni transformatsiya qilish orqali uning zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashish qobiliyatini oshirishni maqsad qiladi. Kengaytirilgan kengash tarkibiga rivojlanayotgan davlatlardan vakillar kiritilishi, bu mamlakatlarning ham ovozi eshitilishi va manfaatlari hisobga olinishini ta’minlaydi. O‘zbekiston rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish orqali global adolat va tenglikni ta’minlashga intiladi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar jarayoniga batafsil to‘xtaldi. Mamlakatimizda demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy, inson qadrini yuksaltirishga xizmat qiladigan Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosati olib borilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqardi. Ta’lim va ilm-fan sohasining o‘zgarayotgani, innovatsion tarmoqlar va texnologik sanoat korxonalari barpo etilayotgani, “yashil” energetika va transport infratuzilmasi modernizatsiya qilinayotgani, kichik biznes har tomonlama rivojlanishi natijasida millionlab ish o‘rinlari yaratilayotgani bu yutuqlarga sabab bo‘lmoqda. Pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish taklifi dunyoning turli mamlakatlaridan keladigan pedagoglar va ta’lim sohasi mutaxassislariga o‘z tajribalarini o‘rtoqlashish, yangi bilimlar olish va eng yaxshi amaliyotlarni o‘zlashtirish, ta’limdagi innovatsion yondashuvlar, zamonaviy texnologiyalar va o‘qitish metodlarini muhokama qilish, O‘zbekiston pedagoglariga o‘z faoliyatida yangiliklarni qo‘llashga yordam beradi.
Mamlakatimiz yetakchisi BMT bosh qarorgohida bolalar saratoni va boshqa og‘ir kasalliklarga qarshi kurashga bag‘ishlangan yuqori darajadagi tadbir o‘tkazish tashabbusini bildirdi. Bu orqali turli mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, sog‘liqni saqlash muassasalari va yuqori malakali mutaxassislarni birlashtirish, global hamkorlikni mustahkamlash, og‘ir kasalliklarga qarshi kurash uchun qo‘shimcha mablag‘ jalb qilish mumkin bo‘ladi. Tashabbus O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarga sodiqligi va aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan izchil sa’y-harakatlarini ko‘rsatadi.
Mintaqamiz miqyosida Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam o‘tkazib borish taklifi ilgari surildi. Forum xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, ularning muammolariga yechim topish va huquqlarini himoya qilish, ilg‘or va innovatsion tajribalarni o‘rganib borish, mintaqada gender siyosatini takomillashtirish uchun qulay sharoit yaratadi. Ushbu platforma orqali xotin-qizlar o‘z fikrlarini bildirishlari, siyosiy o‘zgarishlar uchun kurashishlari va jamiyatning rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishlari mumkin. Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratdi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri – Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni ta’minlashdan iborat. Bugungi kunda ushbu maqsadga erishildi, mintaqada siyosiy va iqtisodiy aloqalar tubdan o‘zgardi. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi.
So‘nggi yillarda mintaqamizda o‘zaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi besh barobargacha ko‘paydi. Qo‘shma investitsiya jamg‘armalari, chegara hududlarida savdo va sanoat zonalari tashkil etildi, yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani takomillashtirish yo‘lida samarali mexanizmga aylandi. Shu nuqtai nazardan, Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi ilgari surildi.
O‘zbekiston Prezidenti Afg‘onistondagi vaziyatga to‘xtalar ekan, afg‘on xalqining tinch va osuda hayotga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirishga chaqirib, bu davlatning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘ta muhimligini alohida ta’kidladi. BMT rezolyutsiyasi xalqaro hamjamiyatni Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash va ushbu mamlakatda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqiradi. O‘zbekiston Prezidentining taklifi Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka jalb qilish, iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim qadamdir.
Prezidentimiz xalqaro xavfsizlikni ta’minlash, shu jumladan, Yaqin Sharq va Yevropadagi keskinlik va qarama-qarshiliklarni diplomatik yo‘llar bilan yechishga chaqirdi. Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda BMTning Global aksilterror strategiyasini bajarish bo‘yicha olib borayotgan ishlarni yuqori baholab, bu boradagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini ta’kidladi. Xususan, BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda tuzilgan Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari bo‘yicha Mintaqaviy Kengashini Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish taklifi mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Markaz muammoli hududlardan qaytarilgan shaxslarni tinch hayotga moslashtirish bo‘yicha tajriba almashish va o‘z navbatida, radikalizm va ekstremizmning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Yana bir muhim tashabbus – BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyorlik bildirilgani. Bu O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat bilan terrorizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga sodiqligini namoyon etadi. Mazkur ofisning ochilishi mintaqada terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha ma’lumot almashinuvini jadallashtirish, tahliliy ishlarni kuchaytirish va tegishli chora-tadbirlarni samarali amalga oshirishga xizmat qiladi. “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” mexanizmini joriy etish tashabbusi global iqtisodiyotning barqaror o‘sishida transport aloqalarining muhim ahamiyatini anglashga asoslangan. Xalqaro tranzit yo‘llari nafaqat tovarlar va xizmatlar harakatini ta’minlaydi, balki mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham xizmat qiladi. Ushbu global mexanizmning joriy etilishi transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, logistika markazlarini qurish, mavjud yo‘llarni ta’mirlash va yangilarini barpo etish, shuningdek, temir yo‘l va havo transportini rivojlantirish, tranzit jarayonlarini soddalashtirish, bojxona tartib qoidalarini optimallashtirish, chegaralardagi tekshiruvlarni tezlashtirish va elektron hujjat aylanishini joriy etish, xalqaro tranzit yo‘llarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish, terrorizm va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish ishiga ko‘maklashadi. O‘zbekiston Prezidenti iqlim o‘zgarishi va barqaror rivojlanishga oid global muammolarga yechim izlashga chaqirdi. Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlariga to‘xtalib, ushbu ekologik fojia jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. O‘zbekiston Orolbo‘yi ekotizimini qayta tiklashga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirmoqda va so‘nggi yillarda dengizning qurigan tubida – 2 million gektar maydonda sho‘rga chidamli cho‘l o‘simliklari ekildi. 2030 yilgacha ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar hosil qilish rejalashtirilgan. Suv resurslarining taqchilligi muammosi ham e’tibordan chetda qolmadi. O‘zbekistonda Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumini o‘tkazish tashabbusi bildirildi. Mazkur anjuman yakunlari bo‘yicha Suv inqirozini barqaror taraqqiyot uchun jiddiy tahdid sifatida belgilash va bu borada global darajada innovatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish mo‘ljallanmoqda. Ekologik o‘zgarishlarning yana bir salbiy ko‘rinishi – iqlim migratsiyasining kuchayib borayotganidir. Prezidentimiz ushbu yo‘nalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmaganini qayd etdi. Shu munosabat bilan bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha Global pakt qabul qilishga chaqirdi.
Prezidentimiz yosh avlodning kelajakdagi roliga muhim urg‘u berib, yoshlarga tinchlik, gumanizm, do‘stlik kabi ezgu qadriyatlarni singdirish orqali dunyo farovonligiga erishish mumkinligini ta’kidladi. O‘zbekistonning bu boradagi tashabbuslari, xususan, “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish taklifi hamda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi kabi muhim loyihalar O‘zbekistonning yoshlar siyosatiga, tinchlikparvarlikka va islom ma’rifatini targ‘ib qilishga qaratilgan strategik yo‘nalishlarini aks ettiradi.
O‘zbekiston rahbarining BMT doirasida ilgari surgan taklif va tashabbuslari xalqaro miqyosda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, inson huquqlarini himoya qilish, barqaror taraqqiyotga erishish maqsadlariga ulkan amaliy hissa bo‘lib qo‘shilayotgani dunyoning nufuzli ekspertlari tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.
Abdurafiq Hoshimov,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya
universiteti huzuridagi
Diplomatiya akademiyasi
kafedra mudiri
O‘zA
- Qo'shildi: 29.09.2025
- Ko'rishlar: 301
- Chop etish