Huquqiy munosabat
Ma’muriy qamoq – bu eng og‘ir jazolardan biri bo‘lib, fuqaroning shaxsiy erkinligini vaqtincha cheklash chorasi sifatida qo‘llaniladi. Ammo bu chora barcha holatda, hamma shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin emas.
Xo‘sh, qanday hollarda ma’muriy qamoq jazosi qo‘llaniladi?
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi Javohir Eshonqulov bu haqda quyidagicha tushuntirish berdi.
–Ma’muriy qamoq muddati oddiy holatda 3 sutkadan 15 sutkagacha, favqulodda holat tartibida, ya’ni, O‘zbekiston Respublikasida rasmiy favqulodda holat joriy etilgan bo‘lsa 30 sutkagacha qo‘llaniladi. Ma’muriy qamoq oddiy holatlarda jinoiy ishlarga oid tuman (shahar) sudi tomonidan, favqulodda holatda harbiy komendant yoki ichki ishlar organi boshlig‘i tomonidan qo‘llaniladi.
Bu chora rasmiy ajrim bilan, sud tartibida yoki favqulodda sharoitda ham vakolatli shaxs tomonidan belgilanadi.
Ma’muriy qamoq homilador ayollar, 3 yoshgacha farzandi bor ayollar, 14 yoshgacha bolani yolg‘iz tarbiyalayotgan shaxslar, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, 1- va 2-guruh nogironligi bor fuqarolarga tatbiq etilmaydi. Qonun bu shaxslarni shaxsiy holatlari va ijtimoiy ehtiyojlari bois jazo choralari ta’siridan himoya qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA
- Qo'shildi: 31.07.2025
- Ko'rishlar: 249
- Chop etish