Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga joriy yilning birinchi yarmida 1 ming 187 ta yozma murojaat kelib tushgan. Shundan 562 tasi bevosita Markazning o'zida, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo'limi tomonidan ko'rib chiqildi.
O'tgan 6 oyda murojaat etuvchilarning 1 ming 800 nafardan ortig'i Markazga og'zaki murojaat qilgan. Ularning qariyb 950 nafariga zarur huquqiy tushuntirishlar berildi.
Markaz rahbarining shaxsiy qabulida bo'lgan va yozma murojaat qilgan 371 nafar shaxsning murojaatlari tegishli tartibda ko'rib chiqildi. Shuningdek, shaxsiy qabulda bo'lgan 76 nafar fuqaroga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi.
Ko'rib chiqilgan murojaatlarning 6 tasi bo'yicha Markazning tegishli xulosalari tuzildi. Bu murojaatlar Markaz xulosasi bilan birga prokuratura va sud idoralariga ko'rib chiqish uchun yuborildi.
Markazning mas'ul xodimlari fuqarolarning murojaatlari asosida sud muhokamalarida ham qatnashadi. Xususan, fuqaro P.Sabirovaning shikoyati bo'yicha O'zbekiston
Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atida o'tkazilgan M.Narzievga oid jinoyat ishining sud muhokamasida Markazning vakili ishtirok etdi.
Markaz mas'ul xodimlarining O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi yig'ilishlarida ishtirok etishi ham yaxshi yo'lga qo'yilgan. Bu jarayonda mutaxassislarimiz ko'rilgan masalalar yuzasidan o'z takliflarini kiritmoqda.
Jumladan, joriy yil 24 may kuni bo'lib o'tgan O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining navbatdagi majlisida Markaz mas'ul xodimi ishtirok etdi. Unda “Jinoyat ishlarini nazorat tartibida ko'rish bo'yicha sud amaliyoti to'g'risida”gi “O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi normalarini birinchi instantsiya sudida qo'llashning ayrim masalalari haqida”gi qarorlar loyihalari ko'rib chiqildi.
Bundan tashqari, o'tgan davrda O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan yuborilgan Oliy sud Plenumining “Sudning hal qiluv qarori to'g'risida”gi va “Fuqarolik ishlari bo'yicha birinchi instantsiya sudining ajrimlari to'g'risida”gi va “Birinchi instantsiya sudi tomonidan jinoyat ishlarini ko'rishga tayyorlash va muhokama qilishda protsessual qonun normalarini qo'llash amaliyoti to'g'risida”gi qarorlari loyihalari o'rganildi. Bu borada Markazning tegishli fikr-mulohazalarini tayyorlab, taqdim etdik.
O'tgan davrda mamlakat miqyosida o'tkazilgan seminar, konferentsiya, davra suhbati, o'quv mashg'uloti va uchrashuvlarda bo'lim xodimlari faol ishtirok etdi.
Xususan, 29 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Harbiy sudida o'tkazilgan ma'rifat soatida tadbir qatnashchilarini Markaz faoliyatiga doir yangi ma'lumotlar bilan tanishtirdik.
Otabek Norboev,
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo'limi boshlig'i
- Qo'shildi: 13.08.2019
- Ko'rishlar: 6755
- Chop etish