Mehnat migrantlari uchun qanday yangi imkoniyatlar yaratildi?
2025 yil 12 noyabrda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan mehnat migrantlari uchun yangi imkoniyatlar yaratildi. Bu aynan qanday imkoniyatlar?
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher A’zamxo‘jayev shu haqda so‘zlab berdi:
– Aytib o‘tish kerakki, mehnat migrantlari soni 2,1 million kishi bo‘lib, shundan 70 foizini erkaklar, 30 foizini xotin-qizlar, qolganini yoshlar tashkil etadi.
Joriy yil davomida xorijdagi 90 mingga yaqin vatandoshga Agentlik vakolatxonalari tomonidan axborot-maslahat, huquqiy, ijtimoiy va moddiy yordam xizmatlari ko‘rsatilgan.
Amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini oshirish, sohada shaffoflik, hisobdorlik va nazorat mexanizmlarini mustahkamlash, xususiy sektorning rolini kuchaytirish maqsadida qonunchilik takomillashtirildi.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, fuqarolarni xorijga ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xususiy bandlik agentliklarining soni 2 barobarga ko‘payib, 33 taga yetdi.
Xususiy bandlik agentliklari sonining ko‘payishi, o‘z navbatida, fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini ta’minlashda nazorat qiluvchi organning mas’uliyatini yanada oshirishni taqozo qiladi.
Shu bois, yangi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 255-1-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, Migratsiya agentligi nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va jarima solish tariqasidagi ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga Agentlik direktori va uning o‘rinbosarlari haqli ekanligi belgilandi.
“Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun to‘lovlarni qonuniy asosda undirish belgilandi. Ya’ni, zaxiraga olinadigan mablag‘ning eng kam miqdori bazaviy hisoblash miqdorini 8,5 mingdan 4 ming baravarigacha pasaytirildi.
Shartnomada taraflarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, shu jumladan, xususiy bandlik agentligi hamda chet ellik ish beruvchilarning shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun ish qidirayotgan shaxs oldida solidar javobgarligini belgilash, zaxira mablag‘larini tijorat banklariga joylashtirilishidan olinadigan foiz daromadlarining xususiy bandlik agentliklari tomonidan mustaqil ravishda tasarruf etilishiga oid qonuniy asoslar belgilandi.
Xususiy bandlik agentligiga xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalarni Migratsiya agentligining «Xorijda ish» mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida real vaqt rejimida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati yuklandi.
Migratsiya jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Xarajatlarni moliyalashtirish mexanizmlariga aniqlik kiritildi.
Qonun bilan xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish kafolati kuchaytirildi. Migratsiya xizmatlarini raqamlashtirish orqali sohada sog‘lom raqobat muhiti yaratiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский