Har bir davlatning iqtisodiy yuksalish asoslaridan biri – bu intellektual resurslar, ya’ni insonning intellektual faoliyati natijasi hisoblanadi.
2025 yil 8 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda intellektual mulk bilan bog‘liq huquqlar himoyasi kuchaytirildi.
– Foydali va sanoatda qo‘llaniladigan ixtiro, foydali model, seleksiya yutuqlari va boshqa intellektual mulk ob’ektlari yaratilishini qo‘llab-quvvatlash, bilim va innovatsiyalarga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi, – dedi Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev. – Olib borilgan islohotlar natijasida mamlakatimizda patent bojlari, jumladan, xalqaro tizimlar orqali undiriladigan individual boj miqdorlari o‘rtacha 8 barobarga kamaytirildi. Ixtiro va foydali modellarni muhofaza qilish uchun kichik tadbirkorlik sub’ekti, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarga 25 foiz miqdorida imtiyoz berildi.
Natijada 2020 yilga nisbatan 2024 yilda ixtirolar soni 10, foydali modellar 160, sanoat namunalari 70 foizga o‘sdi. Ro‘yxatdan o‘tgan intellektual mulk ob’ektlari soni esa 2024 yilda 21 ming 985 tani tashkil qilib, 2023 yilga nisbatan 46 foizga oshdi.
Yangi qonun intellektual mulk ob’ektlarini yaratish, muallif, ijodkor, ixtirochilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Qonun bilan 2024 yilda O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan Tovar belgilari bo‘yicha qonunlar to‘g‘risidagi Singapur shartnomasi (Singapur, 2006 yil 27 mart) qoidalariga muvofiq tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazishda elektron shakldagi talabnomalar a’zo davlatlar tomonidan qabul qilinishi mumkinligi to‘g‘risidagi qoida belgilangan. Shu nuqtai nazardan tovar belgilari va boshqa intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda elektron shakldagi hujjatlarni qabul qilish tizimi orqali sohaga xalqaro standartlar joriy etiladi.
Qonun Prezidentimizning 2021 yil 24 iyuldagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni talablari doirasida ishlab chiqildi.
Endilikda intellektual mulk egalari, xususan, ixtirochilar, dizaynerlar, seleksionerlar tomonidan yaratilgan ishlanmalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda ayrim qulayliklar beriladi.
Shu paytgacha intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat ekspertizasi qarori chiqarilganidan so‘ng talabnoma beruvchi uch oy ichida talabnomada ifodalangan ob’ektni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji to‘lashi lozim edi. Davlat bojini uzrli yoki boshqa ob’ektiv sabablarga ko‘ra to‘lay olmaganlar hujjat (patent, guvohnoma)ni olish huquqidan mahrum bo‘lgan. 2023-2024 yillarda yuzdan ortiq talabnoma beruvchi xuddi shunday asosga ko‘ra muhofaza hujjatini olmagan.
Shu sababli, qonun bilan davlat bojini to‘lash muddati o‘tkazib yuborilgan holatda qo‘shimcha davlat boji evaziga muddatni uzaytirish imkoni berildi.
Aytib o‘tish kerakki, 2019 yildan bugungi kunga qadar intellektual mulkka oid 70 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirga qadar shulardan 50 ga yaqini qabul qilingan. Ushbu qonunlarning qabul qilinishi natijasida JSTning TRIPS bitimi qoidalarini milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish 90 foizga yetkazildi.
Amalga oshirilgan islohotlar xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. AQSH Savdo vakilligining 2024 yil uchun e’lon qilingan hisobotida (Special 301 Report) O‘zbekiston ilk bor 24 yil ichida “Intellektual mulk huquqlari yetarli va samarali himoya qilinmaydigan davlatlar” ro‘yxatidan chiqarildi.
Jahon savdo tashkiloti (JST)ning TRIPS bitimi 61-moddasida intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash, shuningdek, bitimning 46-moddasida tovar belgisidan noqonuniy ravishda foydalanilgan holda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni yo‘q qilish nazarda tutilgan.
Shundan kelib chiqib, qonunga ko‘ra, intellektual mulk egalarining mulkiy huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Mualliflarning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirildi. Bunday intellektual mulk ob’ektlari doirasi kengaytirildi.
Tovar belgisi bo‘yicha ishlab chiqarilgan kontrafakt mahsulotlar huquqbuzar hisobidan muomaladan olib qo‘yiladi va yo‘q qilinadi.
Qayd etish o‘rinliki, oxirgi besh yilda tadbirkorlik faoliyatida intellektual mulkdan foydalanish ko‘lamining yildan-yilga ortib borishi, mamlakatda xalqaro brend va dasturiy ta’minotlar ko‘payishi intellektual mulkning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirishni taqozo qildi. Misol uchun, 2022 yilda 13 ming intellektual mulk ob’ekti ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 2023 yilda 15 ming, 2024 yilda 21 mingdan ziyodni tashkil etgan. Xorijiy korxonalar tomonidan O‘zbekistonda intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish ko‘paydi va ularning 80 foizdan ortig‘i brendlar hisoblanadi.
Shu paytgacha qonunchilikda tovar belgisi, ixtiro, dasturiy ta’minotga doir huquqlarni buzganlik uchun mavjud jazo choralarining yengilligi va jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagani ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini samarali amalga oshirish imkonini bermagan. Seleksiya yutuqlariga nisbatan ma’muriy javobgarlik umuman belgilanmagan edi.
Qonunning asosiy maqsadi mana shu muammolarni bartaraf etishga va milliy qonunchilikni ushbu yo‘nalishdagi xalqaro standartlarga to‘liq muvofiqlashtirishga qaratilgan.
Yangi qonun bilan mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzganlik uchun ma’muriy jarima miqdori oshirildi. Jismoniy shaxslarga 1,8 million so‘mdan 11,2 million so‘mgacha (avval 375 mingdan 3,75 million so‘mgacha edi), mansabdor shaxslarga 5,6 million so‘mdan 18,7 million so‘mgacha etib belgilandi (avval 1,8 milliondan 7,5 milliongacha edi).
Seleksiya yutug‘iga bo‘lgan huquqni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritildi. Patentga oid (ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va seleksiya yutug‘i) huquqbuzarliklar sodir etishda foydalanilgan ashyolarni musodara qilish qo‘shimcha ma’muriy jazo chorasi sifatida kiritildi.
Adliya organlarining kontrafakt tovarlarni ko‘zdan kechirish va xatlash vakolatlari qonundan o‘rin oldi.
Qonun mamlakatimizning innovatsion jihatdan yuksalishiga samarali ta’sir ko‘rsatuvchi intellektual mulk tizimini takomillashtirish, jamiyatda intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarga nisbatan hurmat hissini shakllantirish hamda intellektual mulk egalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kun – 2025 yil 9 avgustdan kuchga kirdi. Faqat qonunning 3-moddasi 1, 2 va 3-bandlari, 4, 5 va 6-moddalari ushbu qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach amalga kiritiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 18.08.2025
- Ko'rishlar: 164
- Chop etish